Uz Eng Ru Ru
Biz bilan aloqa
 Adobe Flash Player

Bolalar salomatligi alohida e’tiborda

Toshkent pediatriya tibbiyot instituti oliy ta’lim muassasasi bo‘lish bilan birga, ilmiy-tadqiqot va davolash markazidir. Mamlakatimizdagi yirik bolalar shifoxonalaridan biri bo‘lgan ushbu institut klinikasida tashxis qo‘yish va davolashning yangi samarali usullarini ishlab chiqish, o‘zlashtirish va amaliyotga joriy etish ishlari muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. 

Onalar va bolalar salomatligi jamiyat farovonligini, uning kelajagini belgilaydi. Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida aholining reproduktiv salomatligini mustahkamlash, onalik va bolalikni muhofaza qilish, tibbiy madaniyatni yuksaltirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. O‘zbekiston Respublikasining tegishli qonunlari, Prezident farmon va qarorlari, Vazirlar Mahkamasi qarorlari sog‘liqni saqlash sohasini rivojlantirishning mustahkam asosini tashkil qildi. 1992-yil 9-sentabrda mamlakatimiz parlamenti tomonidan ratifikatsiya qilingan BMTning Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi O‘zbekiston qo‘shilgan dastlabki xalqaro hujjatlardan biridir.

“Sog‘lom ona – sog‘lom bola” tamoyili bo‘yicha hayotga tatbiq etilayotgan onalik va bolalikni muhofaza qilish milliy modeli millat genofondini saqlash va yaxshilash, xalqimizning umr ko‘rish darajasini uzaytirish va turmush farovonligini oshirish maqsadida sog‘lom avlodni tarbiyalash uchun zarur sharoitlar yaratish imkonini bermoqda. Bu borada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlarning samaralari e’tiborga loyiqdir. Xususan, bugungi kunda farzandlarimizning 92 foizi rivojlanish ko‘rsatkichlari bo‘yicha Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti standartlariga javob beradi. 2011-yilda “Save the Shildren” xalqaro tashkiloti reytingiga muvofiq, O‘zbekiston yosh avlod salomatligi haqida qayg‘urayotgan 161 mamlakat orasida 9-o‘rinni egalladi. Ixtisoslashtirilgan pediatriya xizmatlarini yanada rivojlantirish, tashxis qo‘yish va davolashning ilg‘or usullarini joriy etishga qaratilayotgan e’tibor bu borada muhim omil bo‘lmoqda. Buni Toshkent pediatriya tibbiyot instituti klinikasi faoliyati misolida ham yaqqol ko‘rish mumkin. Klinikada bolalar bilan bir qatorda yoshi katta bemorlarga ham 18 yo‘nalish bo‘yicha ixtisoslashtirilgan va yuqori texnologiyali tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda. Chunonchi, tug‘ma kasalliklar kardiojarrohligi va tiklash-plastik jarrohligi bo‘yicha murakkab operatsiyalar o‘tkazilmoqda.

Mustaqillik yillarida mamlakatimiz sog‘liqni saqlash tizimi tubdan isloh qilindi. Jumladan, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti klinikasi faoliyatini yanada takomillashtirish maqsadida bemorlarga tashxis qo‘yish va davolash standartlari to‘liq qayta ko‘rib chiqilib, bo‘limlar tarkibi o‘zgartirildi. Bu tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini sezilarli darajada oshirish imkonini berdi. Tibbiyot kadrlarini tayyorlash dasturi takomillashtirilib, ayni paytda umumiy amaliyot shifokor-pediatrlari, oliy ma’lumotli hamshiralar, 10 yo‘nalish bo‘yicha magistrlar tayyorlanmoqda. Shifokorlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish ishlari amalga oshirilmoqda. Muassasaning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, uni zamonaviy davolash va tashxis jihozlari bilan ta’minlash kabi muhim masalalar ham hal etildi. Klinika hududini obodonlashtirishga ham alohida e’tibor qaratildi. Bu bemorlarning ruhiy holatini yaxshilash, davolash samaradorligini oshirish, hudud va binolarda qulay mikroiqlimni ta’minlashga yordam bermoqda. Istiqlol yillarida klinikaning birorta ham bo‘limi karantin maqsadida yopilmagani diqqatga sazovordir. Bu klinikada sanitariya-epidemiologiya xavfsizligi me’yor va qoidalariga qat’iy amal qilinayotganidan dalolat beradi. 
Klinika huzurida kuniga 250 qatnovga mo‘ljallangan Respublika maslahat-tashxis poliklinikasi faoliyat yuritmoqda. 
– Klinikamizning qabul-tashxis bo‘limi bir kunda 200 nafargacha bemorga shoshilinch tibbiy xizmat ko‘rsatmoqda, – deydi Toshkent pediatriya tibbiyot instituti klinikasi bosh shifokori Gulira’no Usmonova. – Faoliyatimizning to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilgani samarasida bemorlar shifokor qabuliga kirish uchun uzoq vaqt kutib qolmaydi. “Bemor shifokor oldiga emas, shifokor bemor oldiga boradi” tamoyiliga amal qilgan holda, ularni joyida dastlabki ko‘rikdan o‘tkazish amaliyotini joriy etdik. Bu jarayonga tor ixtisoslikdagi mutaxassislar ham jalb qilinmoqda. Zarur laboratoriya tahlillari ham shu yerning o‘zida o‘tkazilayotgani tashxis qo‘yish jarayonini tezlashtirmoqda. Yuqori texnologiyali jihozlar bilan ta’minlangan shok zalida shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda. 

Yangi uch qavatli binoda pulmonologiya, kardiorevmatologiya, erta yosh nevrologiyasi va patologiyasi bo‘limlari joylashgan. Joriy yilda ikkita jarrohlik bo‘limi binosi foydalanishga topshirildi. Bu yerda qo‘shimcha uronefrologiya va jarrohlik infeksiyasi bo‘limlari ochildi. Shuningdek, ayni paytda yana ikki bino rekonstruksiya qilinmoqda. Toshkent pediatriya tibbiyot instituti klinikasi moddiy-texnik bazasini to‘liq yangilash ishlari 2015-yilning oxirida yakuniga yetkaziladi. 
Tibbiyot xodimlari va bemorlar uchun eng qulay sharoitlar yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Foydalanishga topshirilgan bloklarda alohida sanitariya uzeli mavjud shinam palatalar, bolalarning ovqatlanish ratsioni hisobga olingan oshxonalar ishlab turibdi. 

Toshkent pediatriya tibbiyot instituti klinikasining tibbiy jihoz va inventarlar bilan talab darajasida ta’minlangani uning davolash-tashxis qo‘yish salohiyatidan to‘liq foydalanish va mamlakatimiz sog‘liqni saqlash muassasalari orasidagi yetakchi mavqeini mustahkamlashga yordam berayotir. O‘tgan davrda klinikaning turli bo‘limlari zamonaviy tibbiyot apparaturalari bilan jihozlandi. Chunonchi, yaqinda 64 kesimli komputer tomografi o‘rnatildi. Mazkur apparat 3D tasvirida olingan suratlarda tananing eng yupqa qatlamlarini ham ko‘rish imkonini beradi. Bu yerdagi gematologik analizator esa ikki daqiqada 18 parametr bo‘yicha qon holatini aniqlash va ushbu ma’lumotni qog‘ozga chiqarib berishi mumkin. Bularning barchasi aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini yanada oshirish imkonini berayotir. Bu nafaqat yurtdoshlarimiz, balki chet ellik bemorlar tomonidan ham e’tirof etilmoqda.

Toshkent pediatriya tibbiyot instituti klinikasida olti yuzdan ortiq tajribali shifokor, o‘rta va kichik tibbiyot xodimi mehnat qilmoqda. Ayni paytda bu yerda xodimlar malakasini oshirish doimiy e’tiborda bo‘lib kelmoqda. 
Bu borada yo‘lga qo‘yilgan xalqaro aloqalar muhim o‘rin tutmoqda. Jumladan, shifokorlar Janubiy Koreya, Germaniya, Italiya, Turkiya va boshqa davlatlarning yetakchi klinika va tibbiyot markazlarida malaka oshirmoqda. 
Klinika bo‘lim mudirlari va maslahat-tashxis poliklinikasi shifokorlari viloyatlar sog‘liqni saqlash boshqarmasi, tuman tibbiyot birlashmalari, qishloq vrachlik punktlari, Mehribonlik uylari bosh mutaxassislari bilan mustahkam aloqani yo‘lga qo‘ygan. Bu klinikadagi davolanishdan keyin bemorlarni kuzatish, ularni davolash, reabilitatsiya va dispanserizatsiya qilish bo‘yicha alohida dastur ishlab chiqish imkonini yaratmoqda. Klinika mutaxassislari va ularning xorijiy hamkasblari hamkorligida hududlarda o‘tkazilayotgan xayriya aksiyalari ham aholi salomatligini mustahkamlashga yordam bermoqda. Jumladan, joriy yilning aprel-may oylarida Nukus va Farg‘ona shaharlarida o‘tkazilgan xayriya aksiyalari doirasida mingdan ziyod bemor chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi va zarur maslahatlar berildi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoda har yili 10 million bola va 500 ming ona turli kasalliklar tufayli vafot etmoqda. Prezidentimiz rahnamoligida onalik va bolalikni muhofaza qilish, aholining reproduktiv salomatligini yaxshilash va sog‘lom oilalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilayotgan alohida e’tibor samarasida mamlakatimizda bu ko‘rsatkichlar yildan-yilga kamayib bormoqda. O‘zbekistonda 2014-yilning Sog‘lom bola yili, deb e’lon qilingani bu boradagi ishlarni sifat jihatidan yangi darajaga ko‘tardi. Toshkent pediatriya tibbiyot instituti klinikasi mutaxassislari ham bunga o‘zining munosib hissasini qo‘shmoqda. 

 

Sardor Tojiyev, O‘zA  http://uza.uz/