Uz Eng Ru Ru
Biz bilan aloqa
 Adobe Flash Player

«Sog‘lom bola yili» Davlat dasturi — juda muhim qadam»

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining Evropa mintaqaviy byurosi direktori Jujanna Yakab: «Sog‘lom bola yili» Davlat dasturi — juda muhim qadam» 

O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 23 yilligi bayrami munosabati bilan Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining Evropa mintaqaviy byurosi direktori Jujanna Yakab “Jahon” axborot agentligi muxbiri bilan  suhbat chog‘ida mamlakatimizning mustaqillik yillarida erishgan zafarlari, xususan, sog‘liqni saqlash sohasida qo‘lga kiritilgan muvaffaqiyatlar xususidagi fikr-mulohazalarini o‘rtoqlashdi.

— Eng avvalo, onalar o‘limini qisqartirish va gender tengligini ta’minlash bilan bog‘liq milliy maqsadlarga erishilgani, shuningdek, bolalar o‘limini qisqartirish hamda boshlang‘ich va o‘rta ta’lim sifatini yaxshilash borasida qo‘lga kiritilgan salmoqli taraqqiyot bilan O‘zbekiston hukumatini tabriklashni istayman, — dedi u. — Immunizatsiya dasturining kengayib borayotgani ana shunday muvaffaqiyatning yana bir dalolatidir.
O‘zbekiston hukumati turli yoshdagi guruhlarning, ayniqsa, ayollar hamda bolalarning salomatligi borasida aniq-ravshan ehtiyoj va ustuvorliklarni hisobga olgan. Bu so‘nggi yillarda sog‘liqni saqlashning birinchi bo‘g‘ini darajasida ona va bola salomatligini muhofaza etish bo‘yicha xizmat ko‘rsatish ko‘lamining kengayishini ta’minladi.
Biz 2014 yil O‘zbekistonda “Sog‘lom bola yili” deb e’lon qilinganiga zamonaviy va muhim qadam sifatida qaraymiz. Chunki u onalar va bolalar o‘limini kamaytirishga yo‘naltirilganligi bilan Mingyillik rivojlanish maqsadlariga hamohangdir.

Men, shuningdek, Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining Evropa mintaqaviy byurosi tomonidan ishlab chiqilgan, inson salomatligi va bo‘lajak nasllar kamolotiga salbiy ta’sir etayotgan tibbiy-ijtimoiy, iqtisodiy, ekologik muammolarning oldini olishni ko‘zda tutuvchi “Salomatlik — 2020” siyosati doirasida aholi salomatligini yaxshilash bo‘yicha majmuaviy milliy strategiya ishlab chiqilishiga O‘zbekistonning sodiqligidan xursandman. Bu O‘zbekistonda sog‘liqni saqlashdagi birinchi milliy strategiya bo‘ladi va biz ushbu muhim ahamiyatga ega voqeani sabrsizlik bilan kutmoqdamiz.

Mamlakatingiz sifatli, hammabop tibbiy xizmat hamda dori-darmonlardan foydalanish, infeksiyali va infeksiyasiz kasalliklarning oldini olish, ularga qarshi kurashish singari sog‘liqni saqlash xizmatlarining yalpi qamrovini ta’minlashga intilmoqda. Uzoq muddatli barqaror rivojlanishni hamda global va mintaqaviy moliyaviy inqirozlarga bardoshlilikni ta’minlash bo‘yicha salmoqli taraqqiyotga erishildi. Zo‘ravonlikning, inson immuniteti tanqisligi virusi va silning oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlarni qo‘llab-quvvatlash uchun davlat byudjetidan ajratiladigan mablag‘lar miqdori muttasil o‘sib bormoqda. Mustaqillikka erishilgan kundan buyon sog‘liqni saqlash jabhasiga nazar tashlansa, mamlakat o‘zining sog‘liqni saqlash tizimi samaradorligini oshirish, tibbiy xizmatlarning adolatli taqsimlanishi hamda aholining ijtimoiy muhofazaga muhtoj qatlami himoya qilinishini ta’minlash yuzasidan keng qamrovli chora-tadbirlarni amalga oshirganini ko‘rish mumkin. O‘zbekiston 1992 yil 25 may kuni Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotiga rasman a’zo bo‘lgan va 1993 yildan e’tiboran mintaqaviy byuromiz bilan o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yib kelmoqda. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti sog‘liqni saqlashni rivojlantirish borasidagi maqsadlarga erishishda, jumladan, “2000 yilda “Salomatlik hamma uchun”, “2015 yilda “Mingyillik rivojlanish maqsadlari” singari strategiyalarda O‘zbekistonni faol qo‘llab-quvvatlab keladi.

Yuqorida qayd etilganidek, so‘nggi ikki o‘n yillik davomida O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash sohasiga taalluqli ko‘pgina muhim ijobiy voqealar bo‘lib o‘tdi. Milliy sog‘liqni saqlash tizimining umumiy samaradorligini oshirish, aniq-ravshan dalillar asosida siyosat va strategiyani ishlab chiqish, shu bilan birga, turli darajalarda ko‘rsatiladigan texnikaviy yordamlar vositasida tibbiyotga oid xizmatlar sifatini yaxshilash hamda ulardan barcha birdek foydalanishini ta’minlash uchun Sog‘liqni saqlash vazirligining salohiyatini mustahkamlashda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti o‘ta muhim o‘rin tutadi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti yaqin yillarda ham yuqorida qayd etilgan besh yo‘nalishning barchasi bo‘yicha O‘zbekiston va uning muassasalari bilan hamkorlikni davom ettirish niyatidadir.

Bayram munosabati bilan o‘zbek xalqini chin qalbimdan tabriklashni hamda sog‘liqni saqlash sohasining mustahkamlanishi va aholi farovonligining yuksalishi yo‘lida o‘zimning eng ezgu niyatlarimni bildirishni istayman. Biz, Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotidagilar ana shunday intilishlar yo‘lida mamlakatni yaqin oylar va yillar davomida qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz va kelajakda bundan ham keng qamrovli hamkorlikka umid qilamiz.

«Жаҳон» АА.Женева

Xalq so`zi       2014-yil 4-sentabr,         №171(6101)       www.xs.uz