Uz Eng Ru Ru
Biz bilan aloqa
 Adobe Flash Player

Davlat dasturi ijrosi ta'minlanayaptimi?
 
Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti hududiy bo'linmasida O'zbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi viloyat bo'limi tashabbusi bilan "Sog'lom bola yili" Davlat dasturini amalga oshirishda OAVning o'rni va roli" mavzuida davra suhbati bo'lib o'tdi.

Tadbirni O'zbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi viloyat bo'limi boshqaruvi raisi, "Zarafshon" va "Samarkandskiy vestnik" gazetalari birlashgan tahririyati bosh muharriri Farmon Toshev olib bordi.

Unda viloyat hokimi o'rinbosari, xotin-qizlar qo'mitasi raisi Nigora Rabbimova, Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti hududiy bo'linmasi rahbari Azamat Pardayev, viloyat xalq ta'limi boshqarmasi monitoring bo'limi rahbari Nabixon o'afurov, viloyat adliya boshqarmasi huquqiy ekspertiza va qonun hujjatlarini turkumlash sho''basi mudiri Sheroz Shodiyev hamda "Mahalla" xayriya jamoat fondi viloyat bo'limi vakili Farog'at Shokirovalar so'zga chiqib, "Sog'lom bola yili" Davlat dasturining mohiyati, oldimizda turgan vazifalar, viloyatimizda yosh avlod kamoloti yo'lida amalga oshirilayotgan va bajarilishi lozim bo'lgan ustuvor vazifalarni yoritishda OAVlarining o'rni va bu borada normativ-huquqiy bazani yanada takomillashtirish masalalari yuzasidan ma'ruza qilishdi.

- "Sog'lom bola yili" Davlat dasturi ijrosini yoritishda OAV muhim ahamiyat kasb etadi, - deydi viloyat matbuot va axborot boshqarmasi mas'ul xodimi Mahmarizo Abdurahmonov. – Ta'lim, sog'liqni saqlash, qonunchilik yoki boshqa istalgan sohani olaylik, ulardagi yangiliklar va o'zgarishlarni ommaga yetkazishda OAV bilan o'zaro hamkorlikda ishlash o'z samarasini beradi. Bu jarayonda soha vakillari zimmasiga aniq va kerakli axborotni to'plash, tezkorlik va mahorat bilan yoritish kabi ulkan mas'uliyat yuklatilgan.

Shuningdek, tadbirda viloyatimizda faoliyat yuritayotgan har bir tashkilot rahbari, vakili ommaviy axborot vositalari orqali muntazam chiqishlar qilishi, unda jurnalistlarga kerakli ma'lumotni olishda amaliy ko'mak berishi lozimligi ta'kidlandi.

Tadbir doirasida "Zarafshon" va "Samarkanskiy vestnik" gazetalari birlashgan tahririyati qoshidagi "Jurnalistik mahorat markazi"ning navbatdagi bitiruvchilariga sertifikatlar topshirildi.

O'tgan olti oy davomida 15 nafar bitiruvchilar mahoratli jurnalistlardan maqolaning yozilish uslubi va janriga doir nazariy bilimlar olib, amaliy ko'nikmalarga ega bo'lishdi.

- Men ushbu markazda mahoratli jurnalistlardan sohaga oid boshlang'ich bilimlarni egalladim, - deydi "Jurnalistik mahorat markazi" bitiruvchisi Olim Sonniboyev. - Qisqa vaqt ichida axborot olish, qayta ishlash va xolislik bilan xalqqa yetkazishga oid nazariy va amaliy ko'nikmaga ega bo'ldim. Endilikda, tanqidiy va muammoli maqolalarni yozishga harakat qilaman.

Tadbir so'ngida mavzuga doir mavjud muammolarni hal etish yuzasidan taklif va mulohazalar muhokama etildi. Yig'ilganlar o'zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxasislardan atroflicha javob olishdi.

Muxlisa XUDOYBERDIYEVA,

"Samarqand" muxbiri.

"Samarqand" gazetasi 2014-yil 29-may №22