Uz Eng Ru Ru
Biz bilan aloqa
 Adobe Flash Player

Farzandlari sog‘lom mamlakatning kelajagi buyukdir

Davlatimiz rahbari Islom Karimov tashabbusi bilan 2014-yilning mamlakatimizda Sog‘lom bola yili deb e’lon qilinishi jamoatchiligimiz tomonidan keng qo‘llab-quvvatlandi.

Joriy yilning 19-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Sog‘lom bola yili” Davlat dasturi to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Shuni ishonch bilan aytish mumkinki, bu mustaqilligimizning ilk kunlaridan jismonan sog‘lom va ma’nan yetuk barkamol avlodni tarbiyalash ustuvor vazifa etib belgilangan ijtimoiy yo‘naltirilgan davlat siyosatining mantiqiy davomi bo‘ldi. Ona va bola, Yoshlar, Barkamol avlod, Oila va boshqa nomlar bilan atalgan yillarda amalga oshirilgan ishlar xalqimizning ezgu orzusi bo‘lgan sog‘lom bola tarbiyalashdek olijanob maqsadga hamohangdir. Hech shubhasiz, har birimiz farzandlarimizni sog‘lom va har tomonlama barkamol qilib tarbiyalash, ularning baxt-saodati, yorug‘ kelajagini ko‘rishni niyat qilamiz.

O‘tgan davrda keng miqyosli va teran mazmunli ulkan ishlar, mamlakatimiz va jamiyatimiz taraqqiyoti uchun g‘oyat muhim ahamiyat kasb etuvchi vazifalarni bajarishga yo‘naltirilgan qator umummilliy dasturlar, birinchi navbatda, “Sog‘lom ona – sog‘lom bola” dasturi amalga oshirildi. Farzandlarimiz va xalqimiz baxti uchun, kelajagimiz uchun qilinayotgan bu ezgu ishlar izchillik bilan davom etib, tobora kengayib borayotgani, yuksak samaralar berayotgani quvonarlidir.

Sog‘liqni saqlash tizimini tubdan isloh etish doirasida yuqori samaradorligi butun dunyoda e’tirof etilgan ona va bola sog‘lig‘ini muhofaza qilishning milliy modeli shakllantirildi. Ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari, sog‘liqni saqlash tizimining birlamchi bo‘g‘inlari, shu jumladan, qishloq vrachlik punktlari, oilaviy poliklinikalarning keng tarmog‘i yaratilgani natijasida aholi, avvalambor qishloq joylardagi onalar va bolalarning malakali tibbiy xizmatdan foydalanish imkoniyatlari kengaydi.

So‘nggi o‘n yilda davolash-profilaktika muassasalarini modernizatsiya qilish va eng zamonaviy uskunalar bilan jihozlash uchun 750 million AQSh dollaridan ziyod mablag‘ yo‘naltirildi. Mustaqillik yillarida O‘zbekistonda onalar o‘limi 3,1 barobar, go‘daklar o‘limi 3,2 barobar kamaydi. “Ona va bola skriningi” dasturi amalga oshirilishi natijasida tug‘ma nuqsonli bolalar tug‘ilishi 2000-yildan buyon 1,8-marta kamaydi. Bugungi kunda mamlakatimiz bolalarining 92 foizi rivojlanish ko‘rsatkichlari bo‘yicha Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti standartlariga to‘la mos keladi. “Save the children” xalqaro tashkiloti reytingiga ko‘ra, O‘zbekiston dunyodagi bolalar salomatligi to‘g‘risida eng ko‘p g‘amxo‘rlik ko‘rsatadigan o‘nta mamlakat qatoridan joy oldi.

Kadrlar tayyorlash milliy dasturi va Maktab ta’limini rivojlantirish umummilliy davlat dasturining amalga oshirilishi samaralari mamlakatimizda barkamol avlodni tarbiyalashga qaratilayotan ulkan e’tiborning yaqqol tasdig‘idir. Ma’lumki, O‘zbekistonda 12-yillik majburiy ta’lim joriy etilgan, uning sifati xalqaro talablarga javob beradi. 2004-yildan buyon umumta’lim maktablarini qurish, moddiy-texnik bazasini yaxshilash va jihozlash uchun jami 2,8 trillion so‘mdan ortiq, bolalar musiqa va san’at maktablariga 2009-yildan buyon 488 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ yo‘naltirildi.

Sport mamlakatimizda barkamol avlodni tarbiyalashning ajralmas tarkibiy qismiga aylangan. Uni bolalar va o‘smirlar, ayniqsa, qizlar o‘rtasida ommalashtirish, sog‘lom turmush tarzini keng qaror toptirish bo‘yicha noyob tizim yaratildi. Nafaqat shaharlarda, balki eng olis tumanlarda ham zamonaviy sport komplekslari barpo etildi. 2003-2013-yillarda 1816 sport obyekti ishga tushirildi, bu bolalarni ommaviy tarzda sport bilan muntazam shug‘ullanishga va ularning salomatligini mustahkamlashga ko‘maklashmoqda. Bugungi kunda O‘zbekistonda ikki millionga yaqin bola, shu jumladan, 842 ming qizlar 30 dan ortiq sport turi bilan muntazam shug‘ullanmoqda.

Mamlakatimizda ma’naviyat va ma’rifatni yuksaltirishga, bolalarni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalashga katta e’tibor qaratilmoqda.

Shu bilan bir qatorda hayotning o‘zi oldimizga sog‘lom avlodni tarbiyalashdek muhim sohada yangi vazifalarni qo‘ymoqda. Masalan, profilaktika ishlari darajasi va tibbiy xizmatlar sifatini, ayniqsa, qishloq joylarda yanada oshirish bilan bog‘liq masalalar hamon dolzarb bo‘lib turibdi. Nikohdan o‘tuvchilarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish sifatini yanada yaxshilash, ko‘rikni amalga oshiruvchi mutaxassislar mas’uliyatini kuchaytirish lozim. Maktabgacha ta’lim muassasalari faoliyatini takomillashtirish, oila institutini mustahkamlash ishlari ham muhim ahamiyatga ega.

Ayni paytda sog‘liqni saqlash tizimiga bolalarning sog‘lig‘ini ta’minlashdek ulkan mas’uliyat yuklangan. Shu munosabat bilan joriy yilda sohaning moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlash, avvalambor, ona va bola sog‘lig‘ini muhofaza qilish bilan shug‘ullanuvchi tibbiyot muassasalarini eng zamonaviy uskunalar bilan jihozlash, malakali kadrlar bilan ta’minlashga e’tibor yanada kuchaytiriladi.

Albatta, sog‘lom bolani tarbiyalashda aholining tibbiy madaniyati ham muhim o‘rin tutadi, bu masala hanuz dolzarbligicha qolmoqda.

“Sog‘lom bola yili” Davlat dasturida ko‘zda tutilgan chora-tadbirlar, avvalo shu muhim masalalarni hal qilishga qaratilgan.

Joriy yilda Davlat dasturini amalga oshirish jarayonida bu ishlarning barchasi yanada yuqori darajaga ko‘tariladi. Dasturda avvalo ham jismoniy, ham ma’naviy jihatdan sog‘lom, mustaqil fikrlay oladigan, yuksak intellektual salohiyatli, chuqur bilimli va zamonaviy dunyoqarashga ega, mamlakat taqdiri va kelajagi uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishga qodir barkamol avlodni shakllantirish, davlat va jamiyatning barcha kuch va imkoniyatlarini ana shu maqsadlarga safarbar etishga doir keng miqyosli chora-tadbirlarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan.

Dastur yetti bo‘lim va 125 banddan iborat bo‘lib, unda bolalar tug‘ilishi, ta’lim-tarbiyasi, oilada sog‘lom muhitni, uning iqtisodiy va ma’naviy-ahloqiy asoslarini mustahkamlash, ijtimoiy soha rivojiga ajratilayotgan mablag‘lar samaradorligini oshirish bilan bog‘liq barcha masalalar aks etgan.

Birinchi navbatda, sog‘lom va barkamol avlodni tarbiyalash uchun qulay tashkiliy-huquqiy sharoitlar yaratishga qaratilgan qonunchilik va me’yoriy-huquqiy bazani yanada takomillashtirish, yangi qoida va me’yorlarni ishlab chiqish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilangan.

Sakkizta qonun loyihasini ishlab chiqish rejalashtirilgan. “Bolalarni jismoniy va ma’naviy rivojiga zararli ta’sir ko‘rsatuvchi axborotdan himoya qilish to‘g‘risida”, “Aholining sanitariya-epidemiologik barqarorligi to‘g‘risida”, “O‘zbekiston Respublikasining “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”, yangi tahrirdagi “Jismoniy tarbiya va sport to‘g‘risida”, “O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosati asoslari to‘g‘risida”gi va boshqa qonunlar shular jumlasidandir.

“Bolalarni jismoniy va ma’naviy rivojiga zararli ta’sir ko‘rsatuvchi axborotdan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunda bolalarni ularning ongini buzuvchi, ruhiy jarohat yetkazuvchi axborot ta’siridan himoya qilish, ommaviy axborot vositalarida shafqatsizlik va zo‘ravonlik targ‘ibotiga yo‘l qo‘ymaslikning ta’sirchan tashkiliy-huquqiy mexanizmlari ko‘zda tutiladi.

“Sog‘lom bola yili” Davlat dasturida oilada mehr-oqibat va o‘zaro hurmat muhiti, yuksak ahloqiy va ma’naviy qadriyatlarni barqaror qilish, yosh oilalarni moddiy qo‘llab-quvvatlash, onalik va bolalikni muhofaza qilish, ona va bola salomatligini mustahkamlash, xotin-qizlar o‘z iqtidorini ro‘yobga chiqarishi uchun zarur sharoitlar yaratish, ularning kundalik ro‘zg‘or yumushlarini yengillashtirish kabi birinchi darajali vazifalar belgilangan.

Xotin-qizlar, bolalar va o‘smirlarning sifatli tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini yanada kengaytirish maqsadida har oyda sog‘lomlashtirish haftaliklari tashkil etiladi, shuningdek, mamlakatimiz yetakchi tibbiyot muassasalari mutaxassislari ishtirokida olis tumanlarda yashovchi 145 ming nafar aholi chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi.

Yangi oilaviy poliklinikalar, qishloq vrachlik punktlari, sanatoriya-kurort obyektlari barpo etish, mavjudlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash ishlari davom ettiriladi.

Mamlakatimizda 130 madaniyat va dam olish markazlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, o‘n beshta yangi madaniyat va istirohat bog‘larini barpo etish, mavjud yigirma to‘qqiztasini rekonstruksiya qilish va ta’mirlash rejalashtirilgan.

Maishiy texnika ishlab chiqarish va uni xarid qilish uchun iste’mol kreditlari ajratishni kengaytirish hisobiga xotin-qizlarning maishiy sharoitlarini yaxshilash va ro‘zg‘or yumushlarini yengillashtirishga katta ahamiyat berilmoqda. 194 tumandagi olis qishloqlarda go‘zallik saloni, tikuvchilik, ta’mirlash ustaxonalari va boshqa xizmat ko‘rsatish korxonalaridan iborat namunaviy maishiy xizmat majmualari ochiladi.

Qishloq oilalarini zamonaviy uy-joy bilan ta’minlash, ularning turmush darajasi va sifatini yuksaltirish borasidagi ishlar yangi bosqichga ko‘tariladi. 2014-yilda namunaviy loyihalar asosida 11 ming yakka tartibdagi uylar quriladi. Ikki ming yosh oilaga uy-joy qurish va mamlakatimizda ishlab chiqarilgan uzoq muddat foydalaniladigan tovarlar xarid qilish uchun foizsiz ssudalar beriladi. Tumanlar markazlari va qishloqlarda suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimlarini yaxshilashga doir qator yangi loyihalar amalga oshiriladi.

Joriy yilda sog‘lom farzandlar tug‘ilishi va ularning salomatligini mustahkamlash uchun shart-sharoitlarni yanada yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshiriladi. MDH mamlakatlarida o‘xshashi bo‘lmagan zamonaviy ko‘p tarmoqli bolalar markazini (IV darajali) qurish va uni yuqori texnologik tibbiyot uskunalari bilan jihozlash ko‘zda tutilgan. Respublika ixtisoslashgan pediatriya ilmiy-amaliy markazining qator bo‘linmalari, ToshPTI klinikalari, 13 viloyat ko‘p tarmoqli bolalar tibbiy markazlari, 62 tuman tibbiyot birlashmalari va boshqa tibbiy va tibbiy-ijtimoiy muassasalar quriladi hamda tubdan ta’mirlanadi. Ularning barchasi zamonaviy diagnostika va davolash uskunalari bilan jihozlanadi, bu bolalarga jahon standartlari darajasida ixtisoslashtirilgan yuqori texnologik tibbiy yordam ko‘rsatish imkonini beradi.

Aholining sanitariya-epidemiologik barqarorligini ta’minlashning eng samarali vositalaridan biri yuqumli kasalliklar profilaktikasidir. Shu maqsadda turli infeksiyalarga qarshi yangi vaksinalarning bosqichma- bosqich joriy qilinishini hisobga olib, bolalarni emlash dasturini takomillashtirish zarur. Milliy emlash taqvimi asosida kontingentning kamida 97 foizini qamrab olgan profilaktik vaksinasiya qilish ko‘lami kengaytiriladi.

Yil davomida maktabgacha ta’lim muassasalari tarbiyalanuvchilari va o‘quvchilarning 6,6 millionga yaqini chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi, tarkibida yod moddasi bo‘lgan dori-darmonlar vositasida sog‘lomlashtiriladi. Qishloqlarda yashaydigan onalarning reproduktiv salomatligini mustahkamlash maqsadida 400 ming nafar homilador ayol maxsus polivitaminlar bilan bepul ta’minlanadi.

“Sog‘lom bola yili” Davlat dasturida maktabgacha ta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasini bosqichma-bosqich mustahkamlash, shu jumladan, ularni tubdan ta’mirlash va jihozlash, yangilarini qurishga yo‘naltirilgan aniq vazifalar belgilangan. Bolalarni maktabga tayyorlash bo‘yicha mutlaqo yangi dasturlarning ishlab chiqilishi va joriy etilishi belgilangan bo‘lib, ularda bolalarning aqliy, axloqiy, estetik va jismoniy rivojlanishi ko‘zda tutilgan.

“Barkamol avlod” bolalar markazlarini shakllantirish dasturining amalga oshirilishi jarayonida 66 shunday markazlar tubdan ta’mirlanadi va jihozlanadi. Bu bolalarni ijodga, shu jumladan, texnik ijodiy ishlarga yanada keng jalb qilishga ko‘maklashadi.

Boshlang‘ich sinflarda o‘qitish sifatini yanada ko‘tarish choralari belgilangan. Jumladan, 1-4 sinf o‘quvchilari uchun o‘quv dasturlari va darsliklarning qayta ko‘rib chiqilishi, shuningdek, o‘qituvchilar uchun tegishli uslubiy qo‘llanmalar ishlab chiqilishi nazarda tutilgan.

2014/2015 o‘quv yilida 2,6 million o‘quvchi 575 nomdagi 25 million nusxa darsliklar va o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar bilan ta’minlanadi.

“Milliy umumta’lim elektron kutubxona” loyihasining amalga oshirilishi ham bolalarning intellektual rivojlanishiga ko‘maklashadi. Loyihada turli bilim olishga oid va o‘quv materiallarini elektron formatga o‘tkazish markazi, multimedia axborot resurslari markazi, shuningdek, integratsiyalashgan axborot-kutubxona tarmog‘i tashkil etilishi, O‘zbekistondagi barcha axborot-kutubxona muassasalarining 2020-yilgacha ushbu tarmoqqa ulanishi mo‘ljallangan.

Mamlakatimizda ota-ona mehridan mahrum va imkoniyati cheklangan bolalarga alohida g‘amxo‘rlik ko‘rsatib kelinmoqda. 2015-2017-yillarda Mehribonlik uylari, ixtisoslashtirilgan maktab-internatlar va maktabgacha tarbiya muassasalarining moddiy-texnik bazasini bosqichma-bosqich mustahkamlash, rivojlangan davlatlarning ilg‘or tajribasini hisobga olgan holda o‘quv-tarbiya jarayonini tubdan takomillashtirish choralari ko‘riladi.

Bu yil rejalashtirilgan qator qiziqarli tadbirlar o‘quvchilarning aqliy, ijodiy va sportga oid layoqatlarini rivojlantirishga qaratilgan. Namangan viloyatida o‘tadigan “Barkamol avlod” sport o‘yinlari, bolalar ijodiyoti respublika festivallari, “Ona yurt navolari” xalq cholg‘u asboblari xalqaro tanlovi, “Eng yosh ixtirochi” tanlovi va boshqa tadbirlar shular jumlasidandir.

Davlat dasturida 60,1 mingta o‘quv o‘ringa mo‘ljallangan 380 umumta’lim maktablarini rekonstruksiya qilish va ta’mirlash, ularni komputer texnikasi, o‘quv-laboratoriya jihozlari va boshqa uskunalar bilan ta’minlash belgilangan. Bundan tashqari, 161 kasb-hunar kolleji va akademik litsey, 48 bolalar musiqa va san’at maktabi, 110 bolalar sport obyektlarini qurish, rekonstruksiya qilish va tubdan ta’mirlash rejalashtirilgan.

Mamlakatimizda bolalarning chet tillarni o‘rganishiga katta e’tibor qaratilmoqda. Shu maqsadda maktablardagi chet tillari xonalarini zamonaviy axborot-kommunikatsiya va texnika vositalari bilan jihozlash ko‘zda tutilgan.

Boshlang‘ich sinf o‘quvchilarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish davom ettiriladi. Jumladan, 586,9 ming nafar birinchi sinf o‘quvchilariga o‘quv jihozlari to‘plamlari va 6,5 million nusxadagi darsliklar, umumta’lim maktablarining 500 mingdan ortiq 2-sinf o‘quvchilariga chet tillar bo‘yicha multimediali ilovali darsliklar bepul beriladi.

Yozgi ta’til davrida bolalarning hordiq chiqarishi va bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishini ta’minlash maqsadida sog‘lomlashtirish oromgohlariga 280 ming nafar o‘g‘il-qiz imtiyozli, 35,7 ming nafari bepul yo‘llanmalar bilan ta’minlanadi.

Toshkent va Termizdagi hayvonot bog‘larining, Toshkentdagi botanika bog‘ining rekonstruksiya qilinishi, Samarqand va Farg‘onada Toshkent hayvonot bog‘i filiallarining ochilishi, Zarafshon shahrida akvapark qurilishi, shuningdek, Respublika qo‘g‘irchoq teatri va «Tomosha» bolalar musiqali teatr studiyasining kapital ta’mirdan chiqarilishi mo‘ljallangan.

Xalqimizga xos bag‘rikenglik, muhtojlarga ko‘mak berish kabi fazilatlarni aks ettiruvchi ko‘plab tadbirlarni o‘tkazish rejalashtirilgan. Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan kam ta’minlangan oilalar farzandlariga 516,9 ming to‘plamdagi qishki kiyim va 3,1 million nusxada darslik, o‘quv qurollari bepul beriladi. Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari va kam ta’minlangan oilalar farzandlarini xalqimizning boy tarixiy va madaniy merosi bilan tanishtirish maqsadida Samarqand, Buxoro, Xiva va Toshkent shaharlariga bepul sayohatlar, shuningdek, muzeylar, hayvonot va botanika bog‘lariga ekskursiyalar tashkil etiladi.

2014-yil noyabr oyida Toshkentda «Bola uchun ijtimoiy sheriklik: milliy va xorijiy ilg‘or tajriba» mavzusida xalqaro forum o‘tkaziladi.

Mamlakatimiz uchun dolzarb ushbu vazifalarni oilalar, maktablar, sog‘liqni saqlash tizimi, davlat va jamoat tashkilotlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarining o‘zaro hamkorligida amalga oshirish mumkin.

Davlat dasturida sog‘lom bolani tarbiyalashda, oilalarga, birinchi navbatda, yosh oilalarga o‘z vaqtida va manzilli moddiy hamda ma’naviy ko‘mak berishda mahalla institutining huquq va imkoniyatlarini kengaytirishga, rolini oshirishga alohida e’tibor qaratilgan.

“Sog‘lom bola yili” Davlat dasturida belgilangan ezgu ishlarning ro‘yxatini yana uzoq davom ettirish mumkin.

Prezidentimiz Islom Karimov ta’kidlaganidek, biz tayanchimiz va suyanchimiz, g‘ururimiz va iftixorimiz bo‘lmish bolalarimizga, farzandlarimizga ishonch bilan, hurmat-e’tibor bilan qarashni kelajagimizga bo‘lgan ishonch, millatimizga, xalqimizga bo‘lgan hurmat-ehtirom ifodasi, deb bilamiz.

“Sog‘lom bola yili” Davlat dasturi buning yana bir yorqin tasdig‘idir. Davlat dasturi doirasida amalga oshiriladigan tadbirlarga 4 509,2 milliard so‘m va 302,9 million dollar miqdorida mablag‘ yo‘naltiriladi. Mazkur dasturning bajarilishi mamlakatimiz uchun asosiy maqsadi inson huquq va manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar yo‘lida navbatdagi muhim qadam bo‘ladi.

"Samarqand" gazetasi 2014-*yil 27-fevral №9 son