Uz Eng Ru Ru
Biz bilan aloqa
 Adobe Flash Player

Inson manfaatlari — oliy qadriyat

O’zbekiston Kasaba uyushmalari federasiyasi kengashi tomonidan «Sog’lom bola yili» Davlat dasturi doirasida amalga oshirilgan ishlarga bag’ishlangan matbuot anjumani o’tkazildi.

— Prezidentimiz rahnamoligida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko’lamli islohotlar jarayonida aholini ijtimoiy muhofaza qilish, mehnat huquqi bo’yicha qonunchilikni takomillashtirish va qulay ish sharoitlari yaratishga qaratilayotgan doimiy e’tibor inson huquq va manfaatlarini ta’minlashda muhim omil bo’lmoqda, — deydi Kasaba uyushmalari federasiyasi kengashi raisi Tanzila Norboyeva.— Xususan, «Sog’lom bola yili» Davlat dasturi doirasida bu yo’nalishdagi ishlar ko’lami yanada ortdi. Mazkur dasturda belgilangan ustuvor vazifalarni hayotga tatbiq etishda kasaba uyushmalari tashkilotlari ham faol ishtirok etishga harakat qildi. Jumladan, ular tomonidan mehnat qonunchiligi sohasidagi milliy va xalqaro tajribalarni keng targ’ib etish, mamlakatimizda ratifikasiya qilingan ­xalqaro konvensiyalar talablari bajarilishini o’rganish bo’yicha keng qamrovli chora-tadbirlar amalga oshirildi. Bir qator tumanlar, ikki yuzdan ziyod korxona va tashkilotlarning bu yo’nalishdagi faoliyati o’rganildi. Mehnat jamoalarida xavfsiz ish sharoitlari yaratish, mehnat munosabatlarini tartibga solish yuzasidan to’plangan ilg’or tajribalarni keng ommalashtirish maqsadida o’quv-seminarlar tashkil etildi. 

Oilada o’zaro hurmat va mehr-muhabbat, yuksak axloqiy va ma’naviy qadriyatlar muhitini shakl­lantirish, yosh oilalarning oyoqqa turib olishi uchun moddiy yordam ko’rsatish, ona va bola salomatligini mustahkamlash, ayollarning o’z qobiliyat va imkoniyatlarini ro’yobga chiqarish hamda ularning ro’zg’or ishlarini yengillashtirish maqsadida korxona, tashkilot va muassasalarda imzolangan jamoa shartnomalari va kelishuvlari orqali ish beruvchilar va kasaba uyushmalari ijtimoiy sherikligida 738 ta korxonada 4384 nafar yosh oilaga uy-joy qurish hamda uzoq mud­dat foydalaniladigan tovarlarni xarid qilish uchun jami 77 milliard 176 million 200 ming so’m foizsiz ssuda ajratildi. Shuningdek, mustaqillik bayrami arafasida qishloq joylarida yashovchi 1960 nafar ayolga 1 milliard 500 ming so’mlik elektr maishiy texnika jihozlari berildi.

Federasiya kengashi tomonidan Xorazm, Surxondaryo va Navoiy viloyatlarida xotin-qizlar uchun yangi ish o’rinlari yaratishga 100 million so’m mablag’ yo’naltirilib, tikuvchilik sexlari tashkil etish orqali Navoiy viloyatida 16 ta, Xorazm viloyatida 10 ta, Surxondaryo viloyatida 20 ta yangi ish o’rni yaratildi.

Sog’lom bolalar tug’ilishi va ularni barkamol etib voyaga yetkazish borasida ham bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, kasaba uyushmalari tizimidagi sanatoriylarda ijtimoiy himoyatalab oilalardan 408 nafar ayol, 151 nafar tibbiyot xodimi, 202 nafar ta’lim xodimi bepul sog’lomlashtirildi. Yosh oilalarning 217 nafar a’zosiga «Umid gulshani» sanatoriysiga imtiyozli yo’llanma berildi. Ushbu maqsadlar uchun kasaba uyushma mablag’lari hisobidan 678,5 million so’m yo’naltirildi. Shuningdek, tizimdagi sanatoriylarda «Ona va bola» bo’limlari, bolalar xonalari hamda yozgi bolalar o’yingohlari tashkil etilib, zamonaviy uslubda jihozlandi.

Yoz mavsumi davomida 1099 ta (212 ta stasionar, 753 ta kunduzgi oromgoh, 134 ta «Mehnat va dam olish» oromgohi) bolalar sog’­lomlashtirish oromgohlari faoliyati yo’lga qo’yildi. Ularda 296 ming nafarga yaqin bola dam oldirilib, ushbu ko’rsatkich umumiy rejaga nisbatan 105,5 foizni tashkil etdi. Bolalarni sog’lomlashtirish bilan qamrab olishda ijtimoiy himoyatalab oilalar farzandlari, jismoniy imkoniyati cheklangan va ota-ona qarovisiz qolgan bolalarga alohida e’tibor qaratildi. Orolbo’yi mintaqasida istiqomat qilayotgan 4 ming 950 nafar bola bepul sog’­lomlashtirildi.

Mehribonlik uylarining 3 ming 658 nafar tarbiyalanuvchisi, kam ta’minlangan oilalarning 70 ming 600 nafarga yaqin farzandi, shu bilan birga 3 ming nafarga yaqin iqtidorli bolalar kasaba uyushmalari tomonidan imtiyozli dam oldirildi. «Bolalarni dam oldirish va sog’­lom­lash­tirish oromgohlarini qu­rish, rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlash bo’yicha 2014 yilga mo’ljallangan Manzilli dastur» asosida ikkita yangi oromgoh qurilishiga kirishilib, 7 ta oromgohda rekonstruksiya, 11 ta oromgohda kapital ta’mirlash ishlari amalga oshirildi. Ushbu maqsadlar uchun Kasaba uyushmalari federasiyasi kengashi tomonidan 15 milliard so’m, homiy tashkilotlar tomonidan 9 milliard 795 million so’m mablag’ yo’naltirildi.

Yoshlar, ayniqsa, qiz bolalarga zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni egallashi uchun ko’mak berish, kam ta’minlangan oilalarga moddiy va ma’naviy yordam ko’rsatish yo’nalishida korxona va tashkilotlarda imzolangan jamoa shartnomalari hamda kelishuvlari orqali 5114 ta korxonada 2 yoshdan 3 yoshgacha farzandlari bo’lgan 11266 nafar ayolga ish beruvchi va kasaba uyushmasi ijtimoiy sherikligida 3 milliard 68 million so’m moddiy yordam ko’rsatildi. Shuningdek, 26207 ta korxonadagi  108 ming nafar kam ta’minlangan oila vakillariga 24 milliard 104 million so’m moddiy yordam berildi. Oliy o’quv yurtlarida tahsil olayotgan 2819 nafar iqtidorli, kam ta’minlangan va chin yetim talabaning 7 milliard 796 million so’mdan ziyod kontrakt puli qoplandi. Kasb-hunar kollejlarining 34623 nafar bitiruvchisiga amaliyot davrida kasaba uyushmalari tomonidan qariyb 978 million so’m moddiy yordam ko’rsatildi.

Ijtimoiy himoyatalab boquvchisini yo’qotgan 29 ming oila, jismoniy imkoniyati cheklangan insonlar, urush va mehnat faxriylariga kasaba uyushma mablag’lari hisobidan jami 910 million so’mdan ziyod moddiy ko’mak ko’rsatildi.

Shuningdek, tadbirda davlatimiz tomonidan ko’rsatilayotgan keng ko’lamli ijtimoiy yordam tufayli odamlarning ertangi kunga ishonchi mustahkamlanayotgani ta’kidlandi. Yangi — 2015 yilda inson manfaatlarini muhofazalashga yo’naltirilgan islohotlar ko’lamini yanada kengaytirish, mehnatkashlarning huquq va manfaatlarini ta’minlash, mehnat sharoitlarini takomillashtirishga xizmat qiladigan amaliy ishlarni ko’paytirish to’g’risida fikr-mulohazalar bildirildi. 

 

Toshtemir XUDOYQULOV,

«O’zbekiston ovozi» muxbiri.

http://www.uzbekistonovozi.uz/