Uz Eng Ru Ru
Biz bilan aloqa
 Adobe Flash Player

Markaziy saylov komissiyasida

O’zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining majlisi bo’lib o’tdi. Uni komissiya raisi M.Abdusalomov boshqardi.

Majlisda siyosiy partiyalarning vakillari, YeXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo’yicha byurosi (DIIHB) rahbari, elchi Daan Everst boshchiligidagi kuzatuvchilar missiyasi a’zolari, shuningdek ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Majlisda YeXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo’yicha byurosi (DIIHB) kuzatuvchilari missiyasini ro’yxatga olish to’g’risidagi masala ko’rib chiqildi va bu haqida qaror qabul qilindi.

Kuni-kecha Markaziy saylov komissiyasida YeXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo’yicha byurosining mamlakatimizga tashrif buyurgan kuzatuvchilari missiyasi asosiy guruhi a’zolari bilan uchrashuv bo’lib o’tdi.

Markaziy saylov komissiyasi raisi M.Abdusalomov mehmonlarga mamlakatimizda saylov kampaniyasi borishi haqida so’zlab berdi. Xususan, mehmonlar 2014 yilda O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari sayloviga tayyorgarlik ko’rish va uni o’tkazish bo’yicha tadbirlar dasturi amalga oshirilayotgani bilan tanishtirildi. Missiya a’zolari, shuningdek, O’zbekiston saylov qonunchiligiga kiritilgan va saylov jarayonini yanada demokratlashtirish, saylovni tashkil etish va o’tkazish amaliyotini takomillashtirishga qaratilgan yangiliklar bilan ham tanishtirildi.

YeXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo’yicha byurosi missiyasi faoliyatini, uning O’zbekistonda saylovni kuzatish bo’yicha Markaziy saylov komissiyasi bilan o’zaro hamkorligini tashkil etish masalasi xususida atroflicha fikr almashindi.

Uchrashuv davomida O’zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi 117-moddasiga kiritilgan tuzatishlarga muvofiq saylovga tayyorgarlik ko’rish va uni o’tkazish uchun mas’ul konstitusiyaviy organ sifatida Markaziy saylov komissiyasi mustaqilligining huquqiy kafolatlari sezilarli ravishda mustahkamlangani, mustaqillik, qonuniylik, kollegiallik, oshkoralik, adolatlilik komissiya faoliyatining asosiy prinsiplari ekani ta’kidlandi. O’zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to’g’risidagi kodeksiga kiritilgan qo’shimchalarga binoan saylov jarayoniga jalb etilgan jismoniy va yuridik shaxslarning saylov qonunchiligiga rioya etish, Markaziy saylov komissiyasi qarorlarini so’zsiz bajarish bo’yicha javobgarligi kuchaytirilgani alohida qayd etildi.

Uchrashuvda tomonlar YeXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo’yicha byurosi missiyasi a’zolari faoliyati saylov jarayoni ochiqligi va oshkoraligini ta’minlash, uni xalqaro standart va normalarga muvofiq tashkil etishga ko’maklashishiga ishonch bildirishdi.

Elchi Dann Everst ommaviy axborot vositalariga bergan intervyusida ta’kidlaganidek: “so’nggi yillarda O’zbekiston qonunchiligiga muhim o’zgartish va qo’shimchalar kiritildi. Biz O’zbekistonga ushbu normalar amalda qanday ishlashini ko’rish uchun tashrif buyurdik. 21 dekabr kuni bo’lib o’tadigan parlament saylovi O’zbekiston kelajagi uchun muhim voqyeadir. Markaziy saylov komissiyasida o’tkazilgan uchrashuvdan so’ng mamlakatingizda saylovga jiddiy tayyorgarlik ko’rilgani haqida fikrga ega bo’ldik. O’zbekistonga ushbu muhim siyosiy voqyeani o’tkazishda muvaffaqiyat tilaymiz».

Elchi Dann Everst qayd etishicha, missiya saylovlarni O’zbekiston qonunchiligida ko’zdatutilgan muddat va tartiblarga muvofiq, uzoq muddatli asosda kuzatadi. Bu kuzatuv partiyalar va deputatlikka nomzodlar saylovoldi tashviqotini kanday olib borayotgani, ommaviy axborot vositalari saylovchilarni saylov jarayonining borishi haqida qanday xabardor qilayotganini o’z ichiga oladi. Missiya a’zolari mamlakatning bir qator hududlarga tashrif buyurib, saylov komissiyasi faoliyati bilan tanishadi. 

“O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov to’g’risida”gi qonunning 6-moddasiga muvofiq saylovga tayyorgarlik ko’rish va uni o’tkazishga doir barcha tadbirlarda, shuningdek, saylov kuni ovoz berish xonalarida va ovozlarni sanab chiqishda deputatlikka nomzodlar ko’rsatgan siyosiy partiyalardan bittadan kuzatuvchi, ommaviy axborot vositalari vakillari, boshqa davlatlar, xalqaro tashkilotlar va harakatlardan kuzatuvchilar qatnashish huquqiga ega. Ularning vakolatlari Markaziy saylov komissiyasi tomonidan belgilangan namunadagi mandatlar bilan tasdiqlangan bo’lishi kerak. Ushbu hujjat kuzatuvchiga Markaziy saylov komissiyasi majlislarida qatnashishi huquqini beradi. Markaziy saylov komissiyasining faoliyati esa oshkora amalga oshiriladi, majlislari ochiq o’tkaziladi.

 

2014 yilgi saylovni yoritish bo’yicha

Respublika matbuot markazi

 02 Dekabr 2014

 http://elections.uz/uzb/events/news/3338/