Uz Eng Ru Ru
Biz bilan aloqa
 Adobe Flash Player

Oiladagi ma’naviy muhit yosh avlod tarbiyasida muhim o’rin tutadi

Mamlakatimizda oilalar farovonligini ta’minlash, ularga moddiy va ma’naviy ko’mak berishga yo’naltirilgan chora-tadbirlar bosqichma-bosqich ro’yobga chiqarilmoqda.
Ayniqsa, oilaga oid dolzarb ma’naviy-axloqiy masalalarni ilmiy jihatdan mukammal o’rganish, tahlillarni keng jamoatchilik o’rtasida targ’ib etish masalalariga yangicha yondashilayotgani yoshlarning oila, jamiyat, yurt oldidagi mas’uliyatini kuchaytirishda, ma’naviyatini yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Binobarin, “Sog’lom bola yili” Davlat dasturida oilada o’zaro hurmat va mehr-muhabbat muhitini, yuksak axloqiy va ma’naviy qadriyatlarni shakllantirishga qaratilgan vazifalar belgilangan bo’lib,  bu, o’z navbatida, xotin-qizlar qo’mitalari zimmasiga ham alohida mas’uliyat yuklaydi.   
Poytaxtimizda “Ma’naviyat oiladan boshlanadi” mavzuida o’tkazilgan ilmiy-amaliy anjumanda shular xususida so’z yuritildi. O’zbekiston Xotin-qizlar qo’mitasi tomonidan Respublika “Oila”, Milliy g’oya va mafkura ilmiy-amaliy markazlari, “Mahalla” xayriya jamoat fondi, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati va boshqa hamkor tashkilotlar ishtirokida tashkil etilgan mazkur tadbirda xotin-qizlar qo’mitalari vakillari, mahalla faollari, diniy ma’rifat va ma’naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo’yicha maslahatchilar, pedagoglar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdi.   
Anjumanda har tomonlama sog’lom va barkamol avlodni voyaga yetkazishda oilaning katta o’rni borligi ta’kidlandi. Zero, sog’lom bola sog’lom onadan tug’iladi, sog’lom turmush tarzi qaror topgan oilada voyaga yetadi. Prezidentimizning “O’zbekiston Xotin-qizlar qo’mitasi faoliyatini qo’llab-quvvatlash borasidagi qo’shimcha chora-tadbirlar to’g’risida”gi Farmoniga muvofiq, fuqarolar yig’inlarida diniy ma’rifat va ma’naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo’yicha maslahatchi lavozimi joriy etilgani ma’naviy-axloqiy muhitni ta’minlashda muhim omil bo’lmoqda. 
— Oilada o’zaro hurmat va mehr-muhabbat muhitini, yuksak axloqiy va ma’naviy qadriyatlarni shakllantirish, asosiysi, jamoatchilik nazoratini o’rnatishda mahalla maslahatchilarining mas’uliyatini oshirish tadbirda ko’tarilgan dolzarb masalalardan biri bo’ldi, — deydi O’zbekiston Xotin-qizlar qo’mitasi raisining o’rinbosari Ozoda Parpiboyeva. — Ayniqsa, mahallalarda salomatlik, bandlik, ta’lim, oilaviy munosabatlarga oid sho’balar faoliyatini izchil yo’lga qo’yish, shu orqali hayotda uchraydigan ayrim masalalarni hamjihatlikda, jamoatchilik ishtirokida hal etish zarurligi aytib o’tildi. Shu maqsadda ularga amaliy-uslubiy tavsiyalar berildi.  
Tadbirda bir necha yillar davomida samarali faoliyat yuritayotgan, yosh avlodni ma’naviy sog’lom qilib tarbiyalash ishiga munosib hissa qo’shayotgan diniy ma’rifat va ma’naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo’yicha bir guruh maslahatchilarga O’zbekiston Xotin-qizlar qo’mitasining tashakkurnomasi topshirildi.  
Anjumanda O’zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o’rinbosari, Respublika Xotin-qizlar qo’mitasi raisi E. Bositxonova ishtirok etdi.

Ziyoda AShUROVA.

"Xalq so'zi" gazetasi 2014 yil 23 aprel №78