Uz Eng Ru Ru
Biz bilan aloqa
 Adobe Flash Player

Ona allasidek muazzam

Farzand tarbiyasida, uning ruhiy kamolotida musiqa o’ziga xos ahamiyatga ega. Dilkash navo ulg’ayib kelayotgan bola uchun ona allasidek ta’sir ko’rsatadi, uning murg’ak qalbida ezgu hislar paydo bo’lishiga zamin yaratadi.

Shuning uchun bo’lsa kerak, o’tmishda ham ota-bobolarimiz musiqaga oshno tutingan, u bilan “dardlashgan”. Samarqand yaqinidagi Mo’minobod qishlog’idan 3 ming yil muqaddam suyakdan yasalgan nay cholg’usi topilgani ana shundan dalolat beradi. Zero, musiqa  sadolari qaysi xalq  yoki millat vakili tomonidan  ijro etilmasin, yuksak va nozik insoniy kechinmalarni ifoda etadi.
Mustaqillik yillarida, ulug’ bobolarimizning ana shunday an’analarini davom ettirgan holda, mamlakatimizda musiqa san’atini keng rivojlantirishga qaratilgan dastur va rejalar amalga oshirilmoqda. Davlatimiz rahbarining 2008 yil 8 iyuldagi “Bolalar musiqa va san’at maktablarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va ularning faoliyatini yanada yaxshilash bo’yicha 2009 — 2014 yillarga mo’ljallangan Davlat dasturi to’g’risida”gi qarorida ham ezgu maqsadlar ko’zda tutilgan. Unga binoan, 2009 — 2012 yillarda Bolalar sportini rivojlantirish jamg’armasi tomonidan 175 ta bolalar musiqa va san’at maktabi foydalanishga topshirildi. 
Shuningdek, manzilli dastur asosida 2013 yilda 55 ta bolalar musiqa va san’at maktabida qurilish-tiklash ishlari (shundan 33 tasi yangi qurilish, 22 tasi kapital rekonstruksiya) amalga oshirildi. Bugungi kunda qurilish-tiklash ishlari olib borilgan 230 ta bolalar musiqa va san’at maktabining barchasida mashg’ulotlar to’liq tashkil etilgan.
E’tiborlisi shundaki, Davlat dasturi qabul qilingunga qadar, ushbu yo’nalishdagi maktablar mashg’ulotlarida 38034 nafar bola qatnashgan bo’lsa, bu ko’rsatkich 2013 yilda 52152 nafarga yetdi.
Boladagi iqtidorni yuzaga chiqarish, toblashda nafaqat cholg’u asboblari, shu bilan bir qatorda, darsliklarning ham muhim o’rni bor. Ana shu jihat inobatga olinib, Xalq ta’limi, Madaniyat va sport ishlari vazirliklari, Badiiy akademiya hamda Matbuot va axborot agentligi hamkorligida musiqa va san’at maktablari darsliklar, o’quv qo’llanma, nota hamda zarur materiallar bilan ta’minlab kelinayapti. Misol uchun, 2013 yilda O’zbekiston davlat konservatoriyasi dosentlari Z. Muhammadjonovaning “Fortepyano” ansamblini o’qitish uslubiyoti”, O. Abdullayevaning “Solfejio” hamda  X. Tursunovaning “Qo’shiqlar sehri” nomli o’quv qo’llanmalari chop etilib, barcha bolalar musiqa va san’at maktablariga yetkazildi.
Unib-o’sib kelayotgan yosh avlodning iste’dodini har tomonlama kamol toptirish, iqtidorini rivojlantirish, yoshlarimizning milliy va jahon musiqalari namunalaridan keng bahramand bo’lishida yaratilayotgan shart-sharoitlar bugungi kunda o’z natijasini bermoqda. Yoshlarimizning ijodiy sohada, shuningdek, ijrochilik yo’nalishi bo’yicha respublika va xalqaro tanlovlarda erishayotgan muvaffaqiyatlari kundan-kunga ortib bormoqda. Jumladan, 2013 yilda 107 nafar iqtidorli o’quvchimiz Fransiya, Italiya, Ukraina, Ozarbayjon va Ruminiyada bo’lib o’tgan xalqaro tanlovlarda faol qatnashib, g’oliblikni qo’lga kiritdilar (14 nafari “Gran-pri” sohibi, 31 nafari 1-o’rin, 33 nafari 2-o’rin, 29 nafari 3-o’rin).
Shuningdek, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2009 yil 7 apreldagi “Yagonasan, muqaddas Vatan!” respublika ko’rik-tanlovini o’tkazish to’g’risida”gi qaroriga binoan o’tkazilayotgan tanlovlarda ham tasarrufimizdagi ta’lim muassasalari o’quvchilari muntazam ishtirok etishmoqda.
...Sir emas, ayrim mamlakatlarda bola taqdiri hyech kimni, ba’zan uning ota-onasini ham qiziqtirmaydi. Buning uchun moddiy imkon ham, ma’naviy muhit ham yo’q. Minglab bolalar ko’cha-ko’yda sarson-sargardon. Bizda esa, beadad shukrki, har bir farzand tug’ilishidan voyaga yetgunga qadar e’tibor va e’zozda. Bunday yuksak g’amxo’rlikning qadriga yetib, bor imkoniyati va iqtidorini namoyon qilayotgan yoshlar safi kengayib borayotgani har birimizni quvontiradi. Binobarin, umid bilan ekilgan nihol bo’y ko’rsatishi, meva berishi muqarrar. Davlatimiz rahbarining yosh avlod tarbiyasiga, ularni qo’llab-quvvatlashga qaratayotgan beqiyos e’tibori bugun minglab iste’dodli yoshlarimiz yutuqlari timsolida namoyon bo’layotir. Bu esa barchamizni g’ururlantirishi, shubhasiz.

Qosim ATAMIRZAYeV,
Xalq ta’limi vazirligining musiqa va san’at ta’limi muassasalari boshqarmasi boshlig’i.

"Xalq so'zi" gazetasi 2014 yil 27 mart №59