Uz Eng Ru Ru
Biz bilan aloqa
 Adobe Flash Player

Savob ish – vijdon amri

Har yili 3 dekabr – Xalqaro nogironlar kuni sifatida nishonlanishi xalqimizning qalbi mehr va saxovatga to’la ekanligidan dalolat beradi. Yurtimizda nogironlar davlatimiz tomonidan muhofazaga olingan, ularga doimo g’amxo’rlik ko’rsatiladi. O’zgalar mehri va yordamiga muhtojlarning uylariga borib, holidan xabar olinadi, moddiy va ma’naviy yordamlar ko’rsatiladi.

Bugungi kunda viloyatimizda 60 mingga yaqin nogironlar istiqomat qiladi. «Nogironlarni ijtimoiy himoya qilish to’g’risida»gi Qonunga amal qilgan holda yolg’iz keksalar, pensioner va nogironlarni ijtimoiy muhofaza qilish va ularga ijtimoiy xizmat ko’rsatishni yanada kuchaytirish bo’yicha keng ko’lamli ish olib borilmoqda. Jamiyatimizning 60 dan ortiq ko’ngillilari yordamida bayram va muhim sanalarda ularning xonadonlariga borilib, xayriya va saxovat yordamlari ko’rsatilmoqda. 
Joriy yilda ham viloyat hokimligida tuzilgan ishchi guruhi yordamida xalqaro nogironlar kunini o’tkazish chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi. Barcha shahar va tumanlarda «Saxovat» va «Muruvvat» uylarida davlat va nodavlat tashkilotlari, xayriya jamg’armalari, homiylar bilan birgalikda nogironlar uchun bayram dasturxonlari tuzash, ularga sovg’a-salomlar ulashish, 50 ta nogironlik aravachasi, 50 ta eshitish moslamasi va boshqa vositalar tarqatish rejalashtirilgan. Shuningdek, Samarqand shahridagi tarixiy va e’tiborga molik go’shalarga ziyorat tashkil etiladi. 
3 dekabr kuni Hamid Olimjon nomidagi viloyat musiqa va drama teatrida xayriya marafoni o’tkaziladi. Ushbu tadbirdan tushgan mablag’ ko’ngli o’ksik kishilarni moddiy va ma’naviy qo’llab-quvvatlash hamda ijtimoiy himoyalash, shuningdek, ularning turmush sharoitlarini yaxshilashga sarflanadi.

Bugungi kunda jamiyatimiz viloyatdagi ko’plab tashkilotlar bilan hamkorlik qilib kelmoqda. Xususan, viloyat «Paxtasanoat» birlashmasi, «SamAntepgilam» qo’shma korxonasi, «Dori-darmon» aksiyadorlik jamiyatlari, tijorat banklari tadbirlarimizga homiylik qilishadi.

Shuningdek, jamiyat qoshida faoliyat ko’rsatayotgan firma va sho’ba korxonalarida ellikdan ziyod nogironlar, kam ta’minlangan oilalar farzandlari mehnat qilmoqda. Tayloq tumanidagi «Gulsara Shodi qizi» sho’ba korxonasi, Urgutdagi «Bibi Fatxiya», «Sardor KAI», «Gulzora Sunbula» korxonalari o’nlab nogironlarni ish bilan ta’minlagan. O’tgan yili Samarqand shahrida tadbirkor Feruza Hasanova tomonidan tashkil etilgan tikuvchilikka ixtisoslashgan «Feruza-Parvona» sho’ba korxonasida 5-6 nafar xotin-qiz ishlaydi. Jamiyat ko’magida o’z faoliyatini kengaytirishga ahd qilgan tadbirkor yana 15 nafar nogironni ishga olishni rejalashtirgan. 
Yaponiyaning «Qaika» hamkorlik tashkiloti bilan aloqalarimiz ham yaxshi samara bermoqda. Yaponiyalik mutaxassislar nogironlarga o’z biznesini tashkil etish bo’yicha tavsiyalar berdilar. 

DilmurodPARDAYEV, 
viloyat nogironlar jamiyati raisi.

 

№144, 2-12-2014, 12:34

 http://zarnews.uz/