Uz Eng Ru Ru
Biz bilan aloqa
 Adobe Flash Player

Tokioda bo’lib o’tgan tadbir "Sog’lom bola yili" davlat dasturiga bag’ishlandi
O’zbekiston Respublikasining Yaponiyadagi elchixonasida "Sog’lom bola yili" Davlat dasturiga bag’ishlangan brifing bo’lib o’tdi.  
 
Tadbirda Yaponiyaning vazirlik va idoralari, siyosiy, ishbilarmon, ilmiy-akademik, jamoatchilik doiralari hamda ommaviy axborot vositalarining vakillari hozir bo’ldilar. 
 
Brifing atnashchilari respublikamizda Prezident Islom Karimov rahbarligida barkamol avlodni tarbiyalash, yoshlarning huquq va manfaatlarini samarali qo’llab-quvvatlash yuzasidan davlat tomonidan ko’rilayotgan keng qamrovli chora-tadbirlar bilan atroflicha tanishdilar.  
 
Davlatimiz rahbarining 2014-yilni O’zbekistonda "Sog’lom bola yili", deb e'lon qilish to’g’risidagi tashabbusi, unga muvofiq qabul qilingan Davlat dasturidan ko’zlangan maqsad va vazifalar, o’sib kelayotgan yosh avlodning har tomonlama barkamol bo’lib voyaga yetishiga ko’maklashish, sog’liqni saqlash hamda ta'lim sohalarini takomilashtirishga doir ma'lumotlar ham tadbir ishtirokchilarining e'tiboriga havola qilindi. 
 
Shuningdek, O’zbekistonda mustaqil taraqqiyot yillari mobaynida hayotga tadbiq etilgan "Sog’lom ona - sog’lom bola" umummilliy dasturi, Kadrlar tayyorlash milliy dasturi hamda Maktab ta'limini rivojlantirish Davlat umummilliy dasturlariga va ular doirasida ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari tarmoqlari, umumta'lim maktablarning moddiy-texnik bazasi mustahkamlanishi  natijasida erishilgan yutuqlarga alohida urg’u berildi. 
 
Qayd etilganidek, "Sog’lom bola yili" Davlat dasturiga muvofiq, ta'lim va sog’liqni saqlash tizimi hamda ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga 4,5 milliard so’m va 302,9 million AQSh dollari miqdoridagi mablag’ yo’naltiriladi. Mamlakatda ta'lim sohasini rivojlantirish va isloh qilishga ajratilgan yillik xarajatlar yalpi ichki mahsulotning 10-12 foizini, ijtimoiy soha xarajatlari esa davlat byudjetining 60 foizdan ziyodini tashkil etadi. 
 
Yuqoridagilardan tashqari, brifing doirasida O’zbekistonning mintaqada giyohvand moddalarning noqununiy aylanishiga qarshi kurashish borasidagi siyosati va bu yo’nalishda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqidagi ma'lumotlar ham tadbir  ishtirokchilarining e'tiboriga havola qilindi. 
 
Darhaqiqat, giyohvandlik dunyoda eng dolzarb muammolardan biri hisoblanadi. Qator xalqaro konvensiyalarning ishtirokchisi sifatida O’zbekiston narkotik moddalarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurashish borasida keng ko’lamli ishlarni amalga oshirayotgani barobarida Markaziy Osiyoda narkotik moddalarga oid vaziyatni barqarorlashtirish ishiga o’zining munosib hissasini qo’shmoqda. Brifing chog’ida Osiyo, Yevropa va Amerika mamlakatlari bilan ikki tomonlama hamda MDH, ShHT va Narkotik moddalarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurashish bo’yicha Markaziy Osiyoning mintaqaviy axborot muvofiqlashtirish markazi (SARIKTS) doirasida mustahkam huquqiy baza yaratilgani alohida ta'kidlandi. 
 
Taqdim etilgan axborotlar, xususan, mamlakatimizda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning amalga oshirilishi, milliy iqtisodiyotning barqaror o’sishi sur'atlari hamda yurtimiz ega bo’lgan boy sayyohlik salohiyati haqidagi ma'lumotlar tadbir ishtirokchilarida katta qiziqish uyg’otdi. 
 
Brifing intihosida tadbirning ayrim ishtirokchilari "Jahon" axborot agentligining muxbiri bilan suhbatda bo’ldilar. 
 
Jumladan, Yaponiya Xalqaro hamkorlik agentligi (JISA) Markaziy Osiyo va Kavkaz bo’limi boshlig’i Tetsuya Yamada aholi farovonligi hamda yosh avlodning  barkamol voyaga yetishi uchun sog’liqni saqlash va ta'lim sohasida zarur shart-sharoitlarni yaratish O’zbekiston hukumati siyosatida ustuvor yo’nalish sifatida belgilanganini yapon tomoni yuqori baholashini aytdi.  
 
-  Nafaqat bizning tashkilotimiz, balki boshqa yapon agentliklarining vakillari tomonidan ham "Sog’lom bola yili" Davlat dasturida belgilab qo’yilgan vazifalarning amalga oshirilishiga katta e'tibor qaratilmoqda, - dedi u. - Biz O’zbekiston bilan faol aloqalarni, shu jumladan, sog’liqni saqlash hamda ta'lim sohalarida o’zaro hamkorlikni davom ettirish niyatidamiz. Mazkur tadbir yakunlari bo’yicha Yaponiya  Xalqaro hamkorlik agentligi (JISA) bu yo’nalishdagi  yangi loyihalarni ko’rib chiqadi. 
 
Djuntendo universiteti professori Momoki Chiba Yaponiyaning O’zbekiston bilan faol hamkorlikni yo’lga qo’ygan va o’zaro munosabat o’rnatish istagida bo’lgan  tashkilotlar vakillari ishtirokidagi mazkur brifing O’zbekiston bilan yangi istiqbolli loyihalarni ishlab chiqishda muhim ahamiyat kasb etajagini aytdi. 
 
- Mamlakatingizda o’sib kelayotgan yosh avlodni har tomonlama qo’llab-quvvatlashga qaratilgan samarali ijtimoiy siyosat olib borilayotgani quvonarli holdir, - dedi u. - O’zbekiston hukumatining bu boradagi sa'y-harakatlari jismonan va intellektual jihatdan barkamol avlodni tarbiyalash uchun muhim va sifatli shart-sharoitlarni yaratdi.  
 
Markaziy Osiyo va Kavkaz tadqiqotlari institutining ijrochi direktori Tetsuji Tanaka O’zbekistonda har yil muayyan ijtimoiy sohaga yo’naltirilishi yaxshi an'anaga aylanib qolganini qayd etdi. Uning e'tirof etishicha, 2014-yilning  O’zbekistonda "Sog’lom bola yili", deb e'lon qilinishi ham mamlakatda muvaffaqiyatli ijtimoiy siyosat hayotga tadbiq etilayotganidan dalolat beradi. 
 
- Shu yil 13-14-may kunlari Urganch shahrida tashkil etilgan "Barkamol avlodni tarbiyalashda mahalla institutining roli" xalqaro davra suhbatida ishtirok etish uchun O’zbekistonga bordim, - dedi u. - Yurtingiz bo’ylab safarim chog’ida  Xorazm viloyatida ta'lim sohasida olib borilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdim. Xivadagi maktab va kollejlarda o’z kuchiga ishonadigan, intellektual rivojlangan bolalarni ko’rdim. Mamlakatlarimiz o’rtasidagi o’zaro hamkorlik bundan-da rivojlanishiga umid bidirishni istar edim. 
 
- O’zbekiston ulkan iqtisodiy va inson salohiyatiga ega bo’lgan istiqbolli, yosh mamlakatdir, - deydi Yaponiyaning "Sunday Sekkai Nippo" gazetasi muxbiri Susumi Fudjixashi. - Joriy yilning aprel oyida yapon delegatsiyasi tarkibida  mamlakatingizga borgan chog’imda iqtidorli, quvnoq va yosh fuqorolar bilan muloqotda bo’lish imkoniga ega bo’ldim. 
 
Yosh avlodni tarbiyalashga davlat tomonidan qaratilayotgan katta e'tibor bolalarning yonib turgan ko’zlari va tabassumida yaqqol aks etmoqda va bu menda katta taassurot qoldirdi. O’zbekiston bo’ylab safarim haqidagi materialni har oyda chop etiladigan "Viewpoint - Sekai Nippo"  nashri uchun  tayyorlashim jarayonida o’zim olgan ko’pgina suratlardan unumli foydalanishga harakat qildim.
 
"Jahon" AA

23.07.2014