Uz Eng Ru Ru
Biz bilan aloqa
 Adobe Flash Player

Yangi darslik muhokamada

Multimedia umumta'lim dasturlarini rivojlantirish markazida “Boshlang‘ich sinflarda ingliz tilini o‘qitish” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Xalq ta'limi vazirligi hamda O‘zbekistondagi Britaniya Kengashi hamkorligida tashkillashtirilgan tadbirda turli vazirlik va idora vakillari, umumta'lim maktablari rahbarlari va chet tili o‘qituvchilari ishtirok etdi.
Anjumanda so‘zga chiqqanlar Prezidentimizning “Chet tillarni o‘rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida olib borilayotgan ishlar va yangiliklar xususida alohida to‘xtalib o‘tdi. 3-sinf o‘quvchilari uchun nashrga tayyorlanayotgan “Kids’ English” darsligi mualliflari o‘quv qo‘llanmaning qulaylik va afzalliklari haqida fikr bildirdi. Shuningdek, davra suhbatida boshlang‘ich sinflarda ingliz tilini o‘qitishning samarali usullari, pedagoglarning uzluksiz kasbiy malakasini oshirish, o‘quvchilar bilimlarini baholash mezonini o‘rganish masalalari tahlil etildi.
— Boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining ingliz tilidagi ko‘nikmalarini oshirishda pedagoglarga o‘quv qo‘llanmalari asosiy yordamchi bo‘lib xizmat qiladi, — deydi “Kids’ English” darsliklari muallifi Lutfullo Jo‘raev. — Ayni paytda zamonaviy kommunikativ metodikalar asosida yaratilayotgan yangi darslikni tayyorlash bo‘yicha ish olib borayapmiz. O‘quv qo‘llanma Respublika ta'lim markazi, Abdulla Avloniy nomidagi xalq ta'limi xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish markaziy instituti, O‘zDJTU huzuridagi chet tillarni o‘qitishning innovatsion metodikalarini rivojlantirish respublika ilmiy-amaliy markazi mutaxassislari tavsiyalari asosida takomillashtirilmoqda.
Ingliz tili o‘qituvchilariga darslikdan unumli foydalanish, mashg‘ulotlarni yuqori saviyada tashkil etish bo‘yicha mutaxassislar tomonidan kerakli tavsiyalar berildi. Ishtirokchilar o‘zaro fikr almashib, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi.

Gulyuz ORIFJONOVA,
“Ma’rifat” muxbiri