Uz Eng Ru Ru
Biz bilan aloqa
Çŕăđóçčňü Adobe Flash Player

TALABALAR UCHUN YO'LLANMA

QADRLI TALABA!


Test sinovlaridan muvaffaqqiyat bilan o’tib, talaba bo’lganligingiz bilan qutlaymiz!
O’zbekiston Respublikasi uzluksiz ta’lim turlaridan biri bo’lgan oliy ta’lim ikki bosqichga ega: bakalavriat - tanlangan ta’lim yo’nalishi bo’yicha puxta bilim beruvchi va kamida 4 yil davom etadigan tayanch oliy ta’limdir; magistratura - aniq mutaxassislik bo’yicha bakalavriat negizida kamida ikki yil davom etadigan oliy ta’lim bo’lib, undagi tahsil yakuniy kvalifikasion davlat attestasiyasi va magistrlik dissertasiyasini himoya qilish bilan nihoyasiga yetkaziladi.
Siz tanlagan Samarqand davlat chet tillar instituti 1994 yil 8 noyabrda O’zbekiston Respublikasi Prezidentining «Samarqand davlat chet tillar institutini tashkil etish to’g’risida»gi Farmoniga muvofiq tashkil etilgan.
Institutda 10 ta ixtisoslik (ingliz, nemis, fransuz, ispan, italyan, yapon, xitoy, koreys, arab filologiyasi hamda tarjimonlik yo’nalishlari) bo’yicha mutaxassislar tayyorlanadi. Institutning 3 ta har xil xorijiy tillarga moslashgan fakultetlarida hamda 1 ta malaka oshirish va qayta tayyorlash fakultetida faoliyat ko’rsatuvchi 268 nafar professor-o’qituvchilar 2052 nafar talabaga bilim beradi.
Kafedra - bir yoki o’zaro bog’liq bo’lgan bir necha fanlardan pedagogik, uslubiy va ilmiy ishlar olib boruvchi professor-o’qituvchilar jamoasi. Institutda  19 ta kafedra mavjud bo’lib, ushbu kafedralarda 13 nafar fan doktori, professor, 65 nafar fan nomzodi, dosent va 187 nafar katta o’qituvchilar faoliyat ko’rsatmoqda.
Fakultet - bir yoki bir necha turdosh ta’lim yo’nalishlari va mutaxassisliklari bo’yicha ta’lim olayotgan talabalar va ularga xizmat ko’rsatuvchi kafedralarni birlashtiruvchi bo’lim. Fakultetni dekan va uning o’rinbosarlari boshqaradi.
Hozirgi kunda institutda talabalarga bilim berish uchun quyidagi fakultetlar faoliyat olib bormoqda:
1. Ingliz filologiyasi fakulteti. Ushbu fakultetda filolog, ingliz tili o’qituvchisi mutaxassisligi bo’yicha oliy ma’lumotli kadrlar tayyorlanadi. Fakultetda mutaxassislik kafedralar: ingliz tili tarixi va grammatikasi, ingliz tili metodikasi va amaliyoti, ingliz tili fonetikasi, ingliz tili leksikasi va stilistikasi kafedralari hamda ijtimoiy-gumanitar kafedralar: falsafa, ma’naviyat va tarix, jahon adabiyoti kafedralari mavjud.
2. Roman-german filologiyasi fakulteti. Ushbu fakultetda filolog, nemis, fransuz, ispan, italyan tillari o’qituvchisi mutaxassisligi bo’yicha oliy ma’lumotli kadrlar tayyorlanadi. Fakultetda nemis tili fonetikasi va grammatikasi, nemis filologiyasi, fransuz tili fonetikasi va grammatikasi,  fransuz filologiyasi, umumiy va amaliy tilshunoslik kafedralari va 2-chet tillar kafedrasi mavjud.
3. Tarjimonlik fakulteti.  Mazkur fakultetda filolog, yapon, xitoy, koreys, arab tili o’qituvchisi hamda tarjimon-referent mutaxassisligi bo’yicha oliy ma’lumotli kadrlar tayyorlanadi. Ushbu fakultetda 6 ta kafedra - tarjima nazariyasi va amaliyoti, koreys va xitoy tillari, sharq: yapon va arab tillari, pedagogika va psixologiya, jismoniy tarbiya, informatika kafedralari mavjud.
Institut o’quv xonalari zamonaviy kompyuter, lingafon va boshqa texnika vositalari bilan ta’minlangan.
Sizga talabalik guvohnomasi va reyting daftarchasi beriladi. Ushbu hujjatlar Sizga SamDChTIga qarashli barcha bo’lim va shahobchalar xizmatidan foydalanish huquqini beradi. Eng avvalo, institutning bosh binosida joylashgan kutubxonaga a’zo bo’lishingiz va undan zaruriy darsliklar, o’quv qo’llanmalar va ma’ruza matnlarini olishingiz hamda yangi zamonaviy KARMATI dasturidan foydalanishingiz mumkin. Talabalar foydalanishi uchun fakultetlarda 8 ta kompyuter sinflari tashkil etilgan. Ular orqali INTERNET tarmog’iga bog’lanish mumkin.
Talabalarning intellektual bilim darajasini oshirish, elektron kutubxona tizimidan foydalanish samaradorligini oshirish maqsadida institutda Axborot resurs markazi (ARM) faoliyati yo’lga qo’yilgan. Institut ARMi “KARMAT” dasturi bilan jihozlangan bo’lib, ushbu tizim (KARMAT  K – korporativ, A – axborot, R – resurs, M – markazi, A – avtomatlashtirilgan, T – tizimi) talabalar, professor-o’qituvchilarning tez va qulay tarzda o’ziga kerakli bo’lgan o’quv adabiyotlari, uslubiy qo’llanmalar, lug’at va boshqa materiallarni topish imkoniyatini ta’minlaydi. Shuningdek, foydalanuvchi (talaba, professor-o’qituvchi va boshqalar) respublikadagi ko’plab oliy o’quv yurtlari elektron kutubxonalaridagi ilmiy-uslubiy va o’quv adabiyotlardan foydalanish imkoniyatiga ega bo’ladi.
Institutda 1 ta talabalar turar joyi (TTJ) mavjud. Boshqa viloyatlardan hamda uzoq tumanlardan kelgan talabalar TTJdan o’rin olishlari uchun fakultet dekani nomiga ariza bilan murojaat etishlari zarur. Institutda talabalar uchun oshxona va tamaddixonalar, sport inshootlari, tibbiyot shahobchasi mavjud. Talabalarning bilim saviyasini va salohiyatini oshirish uchun 20 ta fan to’garaklari, 12 ta sport seksiyalari, 6 ta badiiy to’garaklar faoliyat ko’rsatadi, ularda ishtirok etishingiz mumkin. 

SamDChTI TALABALARI UChUN INSTITUT IChKI TARTIB-QOIDALARIDAN
ESLATMALAR


Ma’naviy-axloqiy, mafkuraviy sohada olib borayotgan ishlarimizning ta’sirchanligini oshirish, talabalarda Vataniga, xalqiga, oilasiga, milliy urf-odatlar va an’analarga, o’quv dargohiga, tanlagan kasbiga bo’lgan muhabbatini shakllantirish, yoshlarga sog’lom turmush tarzini targ’ib qilish institut ustoz-murabbiylarining muqaddas burchidir. Institutda ta’lim olayotgan barcha talabalar quyidagilarga amal qilishlari zarur:
1. Institut nizomida belgilangan huquq va majburiyatlarga to’liq rioya qilish;
2. Institutda  va “Talabalar turar joyi”da o’rnatilgan ichki tartib-qoidalarga qat’iy amal qilish;
3. Fakultetlar, institut, tuman, shahar va Respublika miqyosida talabalar ishtirokida o’tkaziladigan barcha tadbirlarda faol ishtirok etish;
4. Fakultetlar va “Talabalar turar joyi”da navbatchilik qilish;
5. Institutga tegishli barcha binolarda chekmaslik;
6. Auditoriya, laboratoriyalarda joylashgan jihozlarga, kitoblarga, asbob-uskunalarga ziyon yetkazmaslik, ozodalikka rioya qilish;
7. Darslarga muntazam qatnashish, o’quv rejada qayd etilgan fanlarni o’z vaqtida o’zlashtirish. O’rnatilgan muddatlarda reyting sinovlarini, kurs ishlari va loyihalarini topshirish;
8. Institut binosi va hududida mobil telefonlardan foydalanish qoidalariga rioya etish;
9. Darslarga kechikmaslik, sababsiz dars qoldirmaslik;
10. Kontrakt to’lovlarini o’z vaqtida amalga oshirish;
11. Umumiy foydalanish joylaridan tartibli foydalanish;
12. “Kamolot” YoIX BT faoliyatida faol ishtirok etish;
13. Institut Davlat Oliy ta’lim muassasasi ekanligidan kelib chiqqan holda auditoriya darslariga munosib tashqi ko’rinish va axloq-odob me’yorlaridan chetga chiqmagan holda kiyinish, (sport kiyimida, shortida, hijobda va yarim yalang’och yurmaslik).
14. Institutga tegishli barcha binolarda, Talabalar turar joyida spirtli ichimliklar ichmaslik, qimor va tavakkalchilikka asoslangan o’yinlar o’ynamaslik, shovqin solmaslik. Tartibbuzarlikka yo’l qo’ymaslik;
15. Guruhlarga biriktirilgan xonalarning tozaligini saqlash;
16. O’zaro hurmat va yaxshi muomalada bo’lish;
17. Talabalikni tasdiqlovchi hujjat olib yurish;
18. Mavjud to’garaklar, ustaxonalar, klublar va sport seksiyalari faoliyatida ishtirok etish;
19. Institut rahbarlari auditoriyaga kirganda o’rnidan turish.
20. Ilmiy izlanishlar uslubini o’rganish va olib borish.
21. Ijodiy fikrlash va izlanishga o’rganish, chet tillarini va kompyuter texnikasini mukammal o’zlashtirish.
Mazkur talablarni bajarmagan talabalarga nisbatan quyidagi intizomiy choralar ko’riladi:
A. Hayfsan e’lon qilish;
B. Institut talabalari safidan chetlashtirish.
22. Namunaviy xulq va o’qishda yuqori ko’rsatkichlarga ega, jamoat ishlarida faol ishtirok etuvchi talabalar o’rnatilgan tartibda  va moddiy  rag’batlantiriladi.
O’quv yili, odatda, 2 sentyabrdan 1 iyulgacha davom etadi, jami 40 haftadan iborat. Ta’lim yo’nalishining o’quv rejasiga muvofiq ijtimoiy-gumanitar, tabiiy-ilmiy, umummutaxassislik va ixtisoslik fanlari o’qitiladi. Darslar jadval asosida ma’ruza, amaliy, seminar va tajriba mashg’ulotlari shaklida o’tkaziladi. Ayrim fanlardan mustaqil ravishda bajariladigan kurs ishlari va loyihalari hamda malakaviy amaliyotlar ko’zda tutiladi. (O’quv rejasi va dars jadvali dekanat tomonidan ishlab chiqiladi hamda o’quv-uslubiy bo’lim, o’quv ishlar bo’yicha prorektor tomonidan tasdiqlanadi) dars jadvali dekanat tomonidan barcha uchun ko’rinarli va qulay bo’lgan taxtaga ilib qo’yiladi.
Talabalarning o’zlashtirish ko’rsatkichi reyting tizimi orqali baholanadi. Har bir fan uchun ajratilgan soatga teng maksimal ball belgilanadi. Talaba semestr oxirigacha dars jadvaliga muvofiq darslarga majburiy ravishda qatnashuvi, joriy, oraliq va yakuniy nazoratlar davomida fanlar bo’yicha belgilangan maksimal ballni to’plashga intilishi shart.
Nazoratlar og’zaki, test va yozma ish shaklida o’tkaziladi. Talabalar bilimini baholash 100 balli baholash tizimi orqali olib boriladi. Agar talaba jami balldan 55 foizdan kam ball to’plasa, u fanni o’zlashtirmagan hisoblanadi.
Oliy ta’lim muassasalarida ijobiy o’zlashtirish ko’rsatkichlariga ega bo’lgan talabalar stipendiya (har oyda beriladigan nafaqa puli) bilan ta’minlanadi. O’rtacha o’zlashtirish ko’rsatkichlari 86-100 (a’lo), 71-85 (yaxshi), 56-70 (qoniqarli) foizni tashkil etganda talaba mos ravishda stipendiya  olish  huquqiga ega.  Birinchi  kurs talabalari  birinchi semestr davomida 56-70 foiz o’zlashtirishga mos stipendiya bilan ta’minlanadi.
Oliy ta’lim tizimida professor, dosent, katta o’qituvchi va o’qituvchi (assistent)lar talabalarga dars beradilar. Odatda professor va dosentlar ma’ruza mashg’ulotlari, katta o’qituvchi va assistentlar - amaliy, tajriba mashg’ulotlarini o’tkazadi va mustaqil ishlarga maslahat beradi.
Talaba barcha fanlar bo’yicha ma’ruzalarni tinglab, kutubxonadan olingan o’quv adabiyotlaridan, kompyuter sinflaridagi internet tarmog’idan olingan yangi ma’lumotlardan foydalanib konspekt tuzadi.
Institut faoliyati Ilmiy kengash tomonidan boshqariladi. Institut rektori Ilmiy kengash raisi hisoblanadi. Siz quyidagi ma’lumotlarni bilishingiz lozim:
Rektor – professor Shuhrat Samariddinovich Sirojiddinov;
O’quv ishlari bo’yicha prorektor – Anvar Rustamovich  Ismailov;
Ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo’yicha prorektor – Ermat Alimqulovich Iskandarov;
Moliyaviy-iqtisodiy ishlar bo’yicha prorektor – Zafar Boltayevich Qo’ziyev;
Ilmiy ishlar bo’yicha prorektor – G’anisher Xudoyqulovich Raximov;
Akademik lisey va kasb hunar kollejlari bo’yicha prorektor – Hamroqul Qormishevich Bo’riyev.
Ular belgilangan jadval asosida fuqarolarni qabul qiladi hamda tegishli ariza, shikoyat va takliflarni qonun doirasida ko’rib chiqadilar.  
Sizga bilim cho’qqilarini egallab, Vatanga munosib, barkamol avlod bo’lib yetishishingizga, institut nufuzini yanada yuksakka ko’tarishda alohida o’rnak ko’rsatishingizga umid bildiramiz.

OQ YO’L!
SamDChTI rektorati