Uz Eng Ru Ru
Biz bilan aloqa
 Adobe Flash Player

ABITURIENT UCHUN YO'RIQNOMA

Abiturientlarning o‘qishga qabul qilish haqidagi arizalari qabul komissiyasi tomonidan 20 iyundan 20 iyulgacha (shu kuni ham) qabul qilinadi.

Abiturient oliy ta’lim muassasasi qabul komissiyasiga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:

  • ta’lim yo‘nalishi, o‘quv tili va shakli ko‘rsatilgan holdagi ariza;
  • o‘rta ta’lim (11-sinf negizida) yoki o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasasini tugatganligi haqidagi hujjatning asl nusxasi;
  • 086-U — shakl bo‘yicha tibbiy ma’lumotnoma;
  • pasport (pasport yoshiga etmaganlar uchun tug‘ilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma)ning nusxasi;
  • 3.5 x 4.5 sm hajmdagi 6 dona rangli fotosurat.

Ariza shakli Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.

Tanlovdan tashqari o‘qishga kirish huquqiga ega bo‘lgan xalqaro va respublika olimpiadalari, tanlovlar va musobaqalar g‘oliblari asl nusxadagi tasdiqlovchi hujjatlarni topshiradilar.

Abiturient arizasida «o‘zim haqimda quyidagilarni ma’lum qilaman» grafasiga hujjatlar bilan tasdiqlovchi holatlar (bolalikdan I va II guruh nogironlari, chin yetim va yetim, «Mehribonlik uylari» tarbiyalanuvchilari va boquvchisi yo‘q) qayd etiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni o‘tab bo‘lgan fuqarolar harbiy qism qo‘mondonligining tegishli tavsiyanomasining aslini yuqorida ko‘rsatilgan hujjatlar bilan birgalikda taqdim etadilar.

Abiturient tomonidan pasport (pasport yoshiga etmaganlar tug‘ilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma) hamda harbiy xizmatga aloqadorligi haqidagi hujjat qabul komissiyasiga shaxsan ko‘rsatiladi.

Harbiy qismlar qo‘mondonligi tavsiyanomalari ular berilgan kundan hamda muddatli harbiy xizmatni tugatgan davridan boshlab uch yil mobaynida haqiqiy hisoblanadi. Mazkur hujjat abiturient tomonidan qabul komissiyasiga hujjatlar topshirish jarayonida taqdim etilishi lozim.

Abiturient tomonidan topshirilgan hujjatlarning qalbakiligi aniqlansa, u holda abiturient test sinovlaridan (oliy ta’lim muassasasidan) chetlashtiriladi hamda hujjatlari o‘rnatilgan tartibda huquqni muhofaza qilish organlariga yuboriladi.

Kasbiy (ijodiy) imtihonlar

 Kasbiy (ijodiy) imtihonlar test sinovlari o‘tkazilishiga qadar 11 iyuldan 25 iyulgacha, test majmualarida fanning o‘rniga qarab uning uchun nazarda tutilgan eng ko‘p ballning 0 dan 100 foizigacha bo‘lgan oraliqda yagona ko‘p balli baholash tizimi bo‘yicha amalga oshiriladi.

Kasbiy (ijodiy) imtihonlarning natijalari haqidagi ma’lumotlar oliy ta’lim muassasalari qabul komissiyalari tomonidan Davlat test markaziga belgilangan shakllarda — 1 avgustda taqdim etiladi.

 Test sinovlariga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazish

 Test sinovlari 1 avgustda o‘tkaziladi.

 Oliy ta’lim muassasasida tanlangan ta’lim yo‘nalishiga qarab abiturientlar tegishli ravishda ikki yoki uch fan majmualari bo‘yicha test sinovlaridan o‘tadilar.

Test topshiriqlari o‘rta, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi umumta’lim fanlari o‘quv dasturlariga muvofiq tuziladi.

 Majmuaning har bir fani 36 topshiriqni o‘z ichiga oladi.

Quyidagi vaqt me’yorlari belgilanadi:

a) 72 savolga — 2 soat;

b) 108 savolga — 3 soat.

Majmualar quyidagi fanlar bo‘yicha shakllanadi:

1. Ona tili va adabiyoti: o‘zbek tili va adabiyoti

2. Ona tili va adabiyoti: rus tili va adabiyoti

3 Tarix

4. Chet tili: ingliz tili

5. Chet tili: nemis tili

6. Chet tili: fransuz tili

Test sinovlari boshlanishiga qadar 30 daqiqagacha abiturientlar javoblar varaqasini to‘g‘ri to‘ldirish tartibi bilan tanishadilar va uning tegishli joyiga o‘zlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni yozadilar. Bu vaqt test o‘tkazish uchun ajratilgan vaqt me’yoriga kirmaydi.

Test sinovi ertalab soat 8 dan 30 daqiqa o‘tganda boshlanadi.

Javoblar varaqasi abiturient tomonidan havo rang pastasi bo‘lgan sharikli ruchka bilan to‘ldiriladi.Javoblar varaqasini to‘ldirishga test sinovi uchun belgilangan vaqt me’yoriga qo‘shimcha 20 daqiqa ajratiladi.

Javoblar varaqasi to‘g‘ri to‘ldirilishi uchun abiturient shaxsan javobgardir. Javoblar varaqasidagi tegishli doirachalarni noto‘g‘ri belgilagan abiturientlarning e’tirozi ko‘rib chiqilmaydi.

Abiturient tomonidan uyali telefonlar va boshqa aloqa vositalarini olib kirish va foydalanish qat’iy man etiladi. Test sinovlari o‘tkaziladigan binoga kirishda abiturient mikrokalkulyator, lug‘at, jadval, kitob, uyali telefon, kompyuter, telekommunikatsiya vositalari va shpargalkalar olib kirishga harakat qilsa yoki olib kirgan bo‘lsa, test sinovlari davomida test materiallarini boshqa abiturientga uzatsa yoki yordam bersa, abiturient test sinovlarini o‘tkazish tartibini buzgan hisoblanadi va Davlat test markazi vakili tomonidan dalolatnoma tuzilib, u test jarayonidan chetlashtiriladi;

Test sinovi jarayonida abiturient tomonidan savollar kitobi varag‘i yirtib olinganligi aniqlansa, test sinovlarini topshirish qoidalari buzilgan hisoblanadi va test sinovidan chetlashtiriladi.

Belgilangan vaqtda test sinovlariga kelmagan abiturientlar uchun qo‘shimcha test sinovlari o‘tkazilmaydi.

Qabul komissiyasi