Uz Eng Ru Ru
Biz bilan aloqa
 Adobe Flash Player

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 60 yoshga to’ldi

19113651_1693125640991121_7230720343428720528_n

Shavkat Miromonovich Mirziyoyev 1957 yil 24 iyulda Jizzax viloyatining Zomin tumanida shifokor oilasida tug’ilgan. Millati – o’zbek. Oliy ma’lumotli, 1981 yili Toshkent irrigasiya va qishloq xo’jaligini mexanizasiyalash muhandislari institutini tugatgan. Muhandis-mexanik mutaxassisligiga ega. Texnika fanlari nomzodi, dosent.

Mehnat faoliyatini 1981 yilda Toshkent irrigasiya va qishloq xo’jaligini mexanizasiyalash muhandislari institutida kichik ilmiy xodim sifatida boshlab, katta o’qituvchi, dosent, o’quv ishlari bo’yicha prorektor, Respublika Oliy Soveti deputati, Mandat komissiyasining raisi, Mirzo Ulug’bek tumani, Jizzax va Samarqand viloyatlari hokimi, O’zbekiston Respublikasining Bosh vaziri lavozimlarida faoliyat ko’rsatdi va yurtimizni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan rivojlantirishga o’zining katta hissasini qo’shdi. Sh.M.Mirziyoyev mamlakatimiz mustaqillikka erishgan ilk yillardan boshlab O’zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning yuksak ishonchini qozonib, uning yaqin safdoshi va maslahatdoshi sifatida samarali faoliyat olib bordi.

2016 yil 4 dekabr kuni yurtimizda bo’lib o’tgan umumxalq saylovida O’zbekiston Respublikasi Prezidenti etib saylandi.

Shavkat Miromonovich Mirziyoyev Prezident sifatida mamlakatda huquqiy demokratik davlat, kuchli fuqarolik jamiyati qurishga, erkin bozor munosabatlariga va xususiy mulk ustuvorligiga asoslangan iqtisodiyotni rivojlantirishga, xalq osoyishta va farovon hayot kechirishi uchun shart-sharoitlar yaratishga, xalqaro maydonda O’zbekistonning munosib o’rin egallashiga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda.

Shavkat Mirziyoyev xalqning dardini tinglash, ular bilan yuzma-yuz bo’lish, xalqning ichida bo’lishni rahbarlarning eng muhim vazifasi, deb biladi. Uning tashabbusi bilan joriyning yilning «Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili» deb atalashi ham bejizga emas.

Bevosita Prezidentimiz rahbarligida yurtimizda olib borilayotgan islohotlar samaradorligini tubdan oshirish, davlat va jamiyatning har tomonlama va jadal rivojlanishini ta’minlash uchun shart-sharoitlar yaratish, mamlakatni modernizasiyalash va hayotning barcha sohalarini erkinlashtirish maqsadida 2017-2021 yillarda O’zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo’nalishi bo’yicha Harakatlar strategiyasi ishlab chiqildi va demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va mamlakat taraqqiyotini jadallashtirishning muhim ustuvorliklari hamda aniq marralari belgilab olindi.

Shavkat Mirziyoyev ijtimoiy-iqtisodiy masalalar bilan bir qatorda ta’lim, fan, sog’liqni saqlash tizimlarini zamonaviy talablar asosida rivojlantirish, yoshlarning sog’lom va barkamol bo’lib voyaga yetishlari uchun munosib shart-sharoitlar yaratish, onalik va bolalikni kuchli muhofaza qilish ustuvor vazifa sifatida muhim o’rin egalladi.

Prezidentimizning Oliy ta’lim tizimini tubdan takomillashtirish, mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasidagi ustuvor vazifalarga mos holda, kadrlar tayyorlashning ma’no-mazmunini tubdan qayta ko’rib chiqish, xalqaro standartlar darajasida oliy malakali mutaxassislar tayyorlash uchun zarur sharoitlar yaratish maqsadida qabul qilgan «Oliy ta’lim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to’g’risida»gi Qarori ham uning kelajakni o’ylab yuritayotgan oqilona siyosatidan dalolatdir.

Shavkat Mirziyoyev mamlakatimizning ijtimoiy-siyosiy hayotidagi islohotlarni izchil amalga oshirishda yoshlarga, ularning salohiyatiga tayanishini bir necha bor takrorlagan. «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakatining O’zbekiston Yoshlar ittifoqiga aylantirilishi va bu ittifoqning joylardagi rahbarlari hokimlarning birinchi o’rinbosariga tenglashtirilishi ham kelajdagimiz poydevori bo’lmish yoshlarimiz zimmasiga yuklatilgan ulkan ishonch va mas’uliyatdan darak berib turibdi.

Shavkat Miromonovich Mirziyoyev davlat va boshqaruv organlaridagi ko’p yillik samarali mehnati, yurtimiz ravnaqi, xalqimiz farovonligini yuksaltirish ishiga ulkan hissa qo’shgani uchun «Mehnat shuhrati» va «Fidokorona xizmatlari uchun» ordenlari bilan taqdirlangan.

Institutimiz jamoasi Shavkat Miromonovich Mirziyoyevni qutlug’ 60 yoshi bilan muborakbod etib, el tinchligi, yurt farovonligi, mamlakat ravnaqi yo’lida hormay-tolmay mehnat qilishiga tilakdosh bo’lib qoladi. Biz esa Sizning amalga oshirayotgan islohotlaringizni doim qo’llab-quvvatlaymiz hamda jamoamiz bilan birga yelkama-yelka ishlashga tayyormiz!