Bosh sahifa Yangiliklar Madaniy va ma'rifiy tadbirlar

SamDCHTI: Oliy o‘quv yurtiga ilk qadam


Va nihoyat yangi o‘quv yili ham boshlandi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 12-noyabrdagi “2019-yilda rasmiy sanalarni nishonlash davrida qo‘shimcha ishlanmaydigan kunlarni belgilash va dam olish kunlarini ko‘chirish to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq Mustaqillik bayrami munosabati bilan 31-avgustdan 3-sentabrgacha dam olish kunlari deb belgilanganligi hammaga ma’lum. Shu munosabat bilan yangi 2019-2020 o‘quv yili 4-sentabrdan boshlanadi.

Joriy yilning 4-sentabrida Samarqand davlat chet tillar institutda “Bilimlar kuni” tantanali ravishda keng nishonlandi. Unda institut rahbariyati, professor-o‘qituvchilar, talabalar, shuningdek, abituriyentlikdan oliy ta’limga ilk qadamini qo‘yayotgan birinchi bosqich talabalari ishtirok etishdi. 

Dastlab Vatanimiz madhiyasi yangradi va hamma birgaligida ijro etildi. Tadbir davomida institut rektori I.M.Tuxtasinov so‘zga chiqdi va o‘qishga kirgan hamda yuqori bosqichga o‘tgan  talabalarni “Bilimlar kuni” munosabati bilan chin dildan mamnuniyat ila muborakbod etdi hamda talabalar uchun institutda yaratilgan imkoniyatlar, xususan, zamonaviy kompyuter texnologiyalari bilan jihozlangan xonalar, sinxron tarjima xonalari, xorijiy OTMlar bilan hamkorlikda ochilgan turli xil til markazlari, ARM o‘quv xonalari, Prezidentimizning besh muhim tashabbusi asosida tashkil etilgan san’at, tikuvchilik, kutubxona, sport xonalari, shuningdek, xorijning eng nufuzli 50 dan ortiq OTMlari bilan hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilganligi to‘g‘risida batafsil aytib o‘tdi.

Jumladan, Samarqand davlat chet tillar instituti ta’lim yo‘nalishlariga eng yuqori ball bilan grant asosida o‘qishga qabul qilingan talabalarga rahbariyatimiz tomonidan esdalik sovg‘alar va kitoblar taqdim etildi.

Tadbirdan so‘ng barcha fakultetlarda tanishuv darslari davom etdi.
Shuni ham aytib o‘tish lozimki, Samarqand davlat chet tillar instituti akademik letseyida  ham “Bilimlar kuni” keng nishonlandi. Litsey rahbariyati vakillari bayram munosabati bilan barcha talabalarni tabriklab, kelgusidagi faoliyatiga muvaffaqiyatlar tiladi.

SamDCHTI axborot xizmati A.Abduraimov

chop etish