Bosh sahifa Yangiliklar Nutqlar

Institut rektori I.M.Tuxtasinovning 14 yanvar – “Vatan himoyachilari kuni” munosabati bilan barchani tabrikladi


Assalomu alaykum, hurmatli, qadrli ustozlar, aziz talabalar!

O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 27 yilligi va 14 yanvar – “Vatan himoyachilari kuni” munosabati bilan chin qalbdan tabriklayman.

14 yanvar – “Vatan himoyachilari kuni” mamlakatimiz xavfsizligi, hududiy yaxlitligi va sarhadlarimiz daxlsizligini, xalqimizning tinchligi va osoyishta hayotini himoyalashga qodir bo‘lgan, istiqlol yillarida ravnaq topib, yaxlit va ishonchli kuchga aylangan Milliy armiyamizda xizmat qilayotgan harbiylarnigina emas, balki yurt tinchligi va osoyishtaligiga mas’ul bo‘lgan har bir vatandoshimiz uchun faxrli bayramga aylanib ulgurdi.

Mustaqillik yillarida mamlakatimizda O‘zbekiston Qurolli Kuchlarini isloh qilish bo‘yicha qabul qilingan Dasturga muvofiq, zamon talablariga javob beradigan, professional Milliy armiya shakllandi. Boshqacha aytganda, armiya bilan xalq yakdilligi ta’minlandi. Qurolli Kuchlar tizimida olib borilayotgan davomli islohotlar natijasida muddatli harbiy xizmat bir yilgacha qisqartirildi, safarbarlik chaqiruv rezerv xizmati joriy etildi va muvaffaqiyatli rivojlanib bormoqda.

Milliy armiyamizning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, zamonaviy qurol-aslahalar bilan ta’minlash, harbiy xizmatchilarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish va ularning maishiy sharoitlarini yaxshilash borasidagi ishlar ayniqsa e’tiborga molikdir. Endilikda Qurolli Kuchlar safida xiz­mat qilish O‘zbekiston fuqarosi uchun nainki konstitutsiyaviy burch, ayni chog‘da mamlakatimizdagi eng nufuzli kasblardan biriga aylandi, desak, aslo mubolag‘a bo‘lmaydi.

Bugun biz ishonch bilan ayta olamizki, mamlakatimiz xavfsizligiga qarshi qaratilgan ichki va tashqi tahdidlar, dunyo miqyosida eng xatarli kuchga aylangan xalqaro terrorizm, ekstremizm, narkoagressiya, ommaviy qirg‘in qurollarining tarqalishi kabi illatlarning oldini olish uchun zamonaviy qurol-yarog‘ va harbiy texnika bilan yaxshi ta’minlangan, professional, ixcham va tezkor Qurolli Kuchlar barpo etilgan.

Bugun dunyoning  turli mintaqalarida notinchliklar sodir bo‘layotgani, ayrim davlatlar esa o‘z taraqqiyot yo‘lini topa olmay, arosatda turgani barchamizga yaxshi ma’lum. Ana shunday damlarda mamlakatimizdagi tinchlik-osoyishtalik, yurtimiz osmonining musaffoligi, sarhadlarimiz daxlsizligi xalqimizning eng katta boyligi ekanligini yaqqol his etamiz. Shu bilan birga osoyishta hayotimizning qadriga etish, tinchlik va barqarorlikni asrab-avaylash har birimizning muqaddas burchimiz ekanligini alohida ta’kidlamoqchiman.

Qadrli ustozlar, hurmatli talabalar!

2019-yil yurtimizda “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili” deb e’lon qilindi. Bu yilda ham xalqimizning Yaratgandan  tinchlik-osoyishtalik so‘rab qilgan duolari ijobat bo‘lishiga umid qilamiz. Qurolli Kuchlarimizda amalga oshirilgan ulkan islohotlar mahsuli va uzviy davomi sifatida “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da harbiylarimiz hayotida ham tub yangilanishlar, ijobiy o‘zgarishlar bo‘lishiga aminmiz.

Institutimizda mehnat qilayotgan barcha ustozlarni, talaba-yigitlarni, Afg‘on urushi qatnashchilarini nainki barcha-barchani, Vatan himoyachilari kuni bayrami bilan muborakbod etaman.

Barchangizga mustahkam sog‘lik, baxt va omad, ona-Vatanni himoya qilishdek sharafli ishingizda ulkan muvaffaqiyatlar tilayman.

G‘ayrat va shijoat, mardlik va jasorat hech biringizni tark etmasin!

Vatanimiz tinch, osmonimiz musaffo bo‘lsin!

Bayramingiz muborak bo‘lsin, Azizlarim!

chop etish