Bosh sahifa Yangiliklar Nutqlar

Samarqand davlat chet tillar instituti rektorining o‘qituvchi va murabbiylarga tabrigi


Samarqand davlar chet tillar instituti

Qadrli va muhtaram ustozlar va o‘qituvchilar! Avvalo, siz, azizlarni, ustoz deb, nomini sharaflab kelayotgan barcha yurtdoshlarni “O‘qituvchi va murabbiylar kuni”  bilan chin dilimdan muborakbod etaman. 
Bugun mazkur qutlug‘ ayyomni yurtimizda keng nishonlar ekanmiz, avvalo, qadrdon maktabimiz, bizga harfni tanitgan, ezgulikdan saboq bergan mehribon muallimlarimiz siymosi ko‘z oldimizda namoyon bo‘ladi. Biz uchun ibrat namunasi, yuksak insoniy fazilatlar timsoli bo‘lgan sizlar kabi aziz va mo‘tabar zotlar sha’niga eng go‘zal so‘zlar, ezgu tilaklarimizni izhor etamiz. 

Sizlarning barchangizga hech qachon uzib bo‘lmaydigan qarzdorlik hissi bilan ta‘zim qilamiz. Haqiqatan ham, har bir murg‘ak bolani o‘z farzandidek ardoqlab, yosh avlod tarbiyasi uchun butun borlig‘ini baxsh etadigan o‘qituvchi va murabbiylar tom ma’noda fidoiy kasb egalaridir. 

Biz bugun zamonaviy bilim va kasb-hunarlar, xorijiy tillarni puxta egallab, katta umid va ishonch bilan hayotga qadam qo‘yayotgan, ertangi kunimizning hal qiluvchi kuchi bo‘lgan ming-minglab farzandlarimiz kamolida o‘qituvchi va murabbiylarimizning beqiyos hissasi borligini yaxshi bilamiz va sizlarning bu ulug‘ xizmatingizni yuksak qadrlaymiz. 

Mamlakatimiz o‘z taraqqiyotining yangi davriga qadam qo‘ygan hozirgi kunda O‘zbekiston Respublikasini 2017-2021 yillarda rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi asosida barcha sohalarda keng ko‘lamli o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda. Ana shu islohotlarning muvaffaqiyati, mamlakatimizning dunyodagi rivojlangan, zamonaviy davlatlar qatoridan munosib o‘rin egallashi avvalo ilm-fan va ta’lim-tarbiya sohasining rivoji bilan, bu borada bizning dunyo miqyosida raqobatdosh bo‘la olishimiz bilan uzviy bog‘liq, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. 

Shuningdek, institutimizda ham juda ko‘plab rivojlanish bosqichlari tinimsiz davom etmoqda. Chunki hozirda zamon talabdir bu. O‘zingiz guvoh bo‘lganidek, xorijning nufuzli turli xil oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik aloqlarini yo‘lga qo‘ymoqdamiz. Jumladan, tajriba almashish borasida professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvi, hozida yo‘lga qo‘yilib, davom etayotgan qo‘shma ta’lim dasturlari, hamkorlikda o‘tkazilayotgan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyalar, ko‘plab xorijlik professor-o‘qituvchilarning institutimizda faoliyat ko‘rsatayotganligi hamda institutimizning aksariyat professor-o‘qituvchilari xorijda stajirovka o‘tab kelayotganliklari buning yaqqol namunasidir. 

Shuni ham alohida ta’kidlab o‘tishim lozimki, respublikamiz miqiyosida oliy ta’lim muassasalarida xorijlik mutaxassislarning faoliyat ko‘satishi borasida eng oldingi safda ketmoqdamiz. Mana yaqinda Gretsiyaning Afina shahrida o‘tkazilgan Erasmus+ dasturi CLASS loyihasi xalqaro anjumanida ishtirok etib, Gretsiyaning Vest Attika Universiteti, Polshaning Adam Mickiewicz Universitetlari rahbariyati vakillari bilan ta’lim-fan, ilmiy tadqiqot sohalari, talabalar va professor-o‘qituvchilar almashinuvi yuzasidan anglashuv Memorandumlarini imzolashga muvaffaq bo‘ldik. 

Men o‘ylaymanki, biz hammamiz jamoa bilan birgalikda ta’lim sohasida yangi-yangi pog‘onalarni zabt etishdan to‘xtamaymiz. Sizlarni yana bir bor “1-oktabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni” bilan tabriklayman, barchangizga sihat-salomatlik, baxt va omad, xonadonlaringizga tinchlik-xotirjamlik, fayz-u baraka tilayman. Doimo sog‘-omon bo‘ling, aziz ustozlar va murabbiylar!

Samarqand davlat chet tillar instituti rektori I.M.Tuxtasinov

chop etish