Bosh sahifa Yangiliklar Prezident nutqlari

Murojaatnoma — 2020: ILM-MA’RIFAT VA RAQAMLI IQTISODIYOTNI RIVOJLANTIRISH BO‘YICHA VAZIFALAR BELGILAB BERILDI


Samarqand davlat chet tillar instituti

Davlatimiz rahbari 2020-yil nomida belgilangan sohalarni ustuvor darajada rivojlantirish va isloh etish bo‘yicha ustuvor yo‘nalishlarni belgilab berdi:

2021-yilgi xalqaro baholash jarayoniga tayyorgarlik ko‘rish uchun 348 ta tayanch maktabni belgilab, 6 mingdan ortiq o‘qituvchilarning malakasi oshiriladi.

Joriy o‘quv yilidan boshlab mutlaqo yangi professional ta’lim tizimi yo‘lga qo‘yilib, 340 ta kasb-hunar maktabi, 147 ta kollej va 143 ta texnikum tashkil etiladi.

Kadrlar malakasini xalqaro mehnat bozori talablariga moslashtirish maqsadida, Milliy malaka tizimi ishlab chiqiladi.

Ushbu tizim 9 mingga yaqin kasblar bo‘yicha kadrlar tayyorlash imkonini beradi.

Oliy ma’lumot olaman, o‘z ustimda ishlab, ilmli bo‘laman, degan, yuragida o‘ti bor jo‘shqin yoshlarimizning tahsil olishi uchun hamma qulayliklarni yaratishimiz shart.

Shuning uchun, maktab bitiruvchilarini oliy ta’lim bilan qamrab olish darajasini 2020-yilda kamida 25 foizga va kelgusida 50-60 foizga yetkazamiz.

Bu borada shuni unutmaslik kerakki, oliy ta’lim qamrovini oshirish, to‘lov kontraktiga bog‘liq bo‘lib qolmasligi zarur.

Shuni hisobga olib, oliy o‘quv yurtlariga talabalar qabul qilish davlat grantlarini 2 barobar ko‘paytiramiz, desam, sizlar bu fikrga qanday qaraysiz?

Qizlarimiz uchun alohida grantlar ham ajratiladi. Xotin-qizlar qo‘mitasi ushbu grantlar asosida o‘qitishga nomzodlarni tanlash va saralash mezonlarini ishlab chiqishi kerak.

Oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlarini ham optimallashtirish zarur. Biz bunda asosiy e’tiborni o‘qishga kirish jarayonlarini soddalashtirishga, oliy o‘quv yurtlarida chinakam bilim va tarbiya olishga qaratishimiz zarur

Samarqand davlat chet tillar instituti

Misol uchun, ona tili bo‘yicha bilimni baholashning milliy test tizimini yaratish lozim. Yoshlar istalgan vaqtda imtihon topshirib, tegishli guvohnoma olsa, o‘qishga kirayotgan paytda ona tili bo‘yicha qayta sinovdan o‘tishga hech qanday ehtiyoj qolmaydi.

Oliy ta’lim standartlari xorijiy tajriba asosida takomillashtiriladi, ta’lim yo‘nalishlari va o‘qitiladigan fanlar qayta ko‘rib chiqiladi. Mutaxassislikka aloqasi bo‘lmagan fanlar soni 2 barobar qisqartiriladi.

Oliy ta’limda o‘quv jarayonini kredit-modul tizimiga o‘tkazish talab etiladi.

Joriy yildan pedagogik ta’limning 6 ta yo‘nalishi bo‘yicha, o‘qish muddati 3 yil qilib belgilanadi. Bu ishlarni boshqa yo‘nalishlarda ham davom ettiramiz.

Oliy o‘quv yurtlariga bosqichma-bosqich akademik va moliyaviy mustaqillik beriladi. Joriy yilda ularning 10 tasi o‘zini o‘zi moliyaviy ta’minlashga o‘tadi.

Bundan tashqari, kamida 5 ta oliy ta’lim dargohini konkurs asosida tanlab, nufuzli xorijiy oliy ta’lim dargohlari bilan hamkorlikda, ularni transformatsiya qilishni boshlaymiz.

Mamlakatimiz uchun ilm-fan sohasidagi ustuvor yo‘nalishlarni aniq belgilab olishimiz kerak.

Hech bir davlat ilm-fanning barcha sohalarini biryo‘la taraqqiy ettira olmaydi.

Shuning uchun, biz ham har yili ilm-fanning bir nechta ustuvor yo‘nalishini rivojlantirish tarafdorimiz.

Joriy yilda matematika, kimyo-biologiya, geologiya kabi yo‘nalishlarda fundamental va amaliy tadqiqotlarni faollashtirib, olimlarga barcha shart-sharoitlar yaratib  beriladi.

Shuningdek, ilm-fan sohasida fundamental va innovatsion tadqiqotlar uchun maqsadli grant mablag‘larini ajratish mexanizmini, tubdan qayta ko‘rib chiqish kerak.

Samarqand davlat chet tillar instituti

Ilm-fan yutuqlarining elektron platformasi, mahalliy va xorijiy ilmiy ishlanmalar bazasini shakllantirish lozim.

Har bir oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot dargohi nufuzli chet el universitetlari va ilmiy markazlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishi shart.

Joriy yilda “El-yurt umidi” jamg‘armasi tomonidan 700 dan ziyod olimlar, professor-o‘qituvchilar chet elga ilmiy izlanish va malaka oshirish uchun yuboriladi.

Kelgusida, grantlar miqdorini 2 barobar ko‘paytirish va tadqiqot yo‘nalishlari ko‘lamini kengaytirish lozim.

Joriy yilda “raqamli iqtisodiyot”ni rivojlantirish bo‘yicha tub burilish qilishimiz kerak.

Birinchi navbatda, qurilish, energetika, qishloq va suv xo‘jaligi, transport, geologiya, kadastr, sog‘liqni saqlash, ta’lim, arxiv sohalarini to‘liq raqamlashtirish lozim.

Shuningdek, “Elektron hukumat” tizimini, amalga oshirilayotgan dasturlar va loyihalarni tanqidiy qayta ko‘rib chiqib, barcha tashkiliy va institutsional masalalarni kompleks hal etish zarur.

Toshkent shahrida zamonaviy infratuzilmaga ega bo‘lgan “AyTi-park” barpo etilmoqda. U hozirdanoq, o‘zining dastlabki natijalarini bera boshladi.

Bunday “AyTi-park”lar – Nukus, Buxoro, Namangan, Samarqand, Guliston va Urganch shaharlarida ham tashkil etiladi.

Soha uchun yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash maqsadida, xorijiy hamkorlarimiz bilan birgalikda “1 million dasturchi” loyihasini amalga oshirish boshlandi.

Shuningdek, ta’limning barcha bosqichlarida xalqaro andozalarga to‘liq javob beradigan, axborot texnologiyalari joriy etilishi shart.

O‘tgan yili barcha shahar va tuman markazlarini yuqori tezlikdagi Internetga ulash ishlari yakunlanganini hisobga olib, yaqin 2 yilda barcha qishloq va mahallalarni ana shunday tezkor internet bilan ta’minlashimiz kerak.

Hozirgacha 7 mingdan ortiq sog‘liqni saqlash, maktabgacha ta’lim muassasalari va maktablar yuqori tezlikdagi internetga ulangan bo‘lsa, keyingi 2 yilda yana 12 mingta muassasa tezkor internetga ulanadi.

Bu vazifalarni ko‘zda tutgan holda, “Raqamli O‘zbekiston – 2030” dasturini ishlab chiqishni ikki oy muddatda yakunlash lozim.

Kelgusida bu ishlarni tizimli tashkil etishga bosh-qosh bo‘lish uchun Hukumatda – Bosh vazir o‘rinbosari, vazirlik va idoralarda hamda hokimliklarda esa – alohida o‘rinbosar lavozimlari joriy etiladi.

Parlament ilm-ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida Hukumat, tarmoq va hududlar rahbarlarining hisobotini muntazam eshitib borishi lozim”.

Samarqand davlat chet tillar instituti

SamDCHTI matbuot xizmati 

chop etish