Bosh sahifa Yangiliklar Nutqlar

Moliyaviy mustaqil bo‘lganligimiz kelajakda daromadlarimizdan kam ta'minlangan oila farzandlari bo‘lgan talabalarga moddiy yordam berish imkoniyatini beradi


Samarqand davlar chet tillar instituti

Samarqand davlar chet tillar instituti

Samarqand davlar chet tillar instituti

Institut rektori Ilxomjon Tuxtasinov qanday rejalarni amalga oshirmoqchi? Quyida shu haqda.

Boshqa davlatlar 20-30 yilda erishgan yutuqlarga 3-4 yilda erishishga harakat qilishimiz kerak

Davlatimiz rivojlanyapti, imkoniyatlarimiz kengayayapti. Mamlakatimizda uch yil oldin bu darajada o‘sish kuzatilmagandi. Ayniqsa, ta’lim tizimiga katta e’tibor berilyapti. Prezidentimiz Murojaatnomada: “Biz yangi O‘zbekistonni ochdik”, dedi. Biz yangi O‘zbekistonni ochganimizga hech qancha vaqt bo‘lgani yo‘q. Qisqa vaqt ichida boshqa davlatlardan o‘zib ketishga, dunyo hamjamiyatida o‘z o‘rnimizni, nufuzimizni oshirishga bel bog‘laganmiz. Boshqa davlatlar 20-30 yilda erishgan yutuqlarga 3-4 yilda erishishga harakat qilishimiz kerak.

Yaqinda respublikamizdagi ba’zi oliy ta’lim muassasalarini tubdan takomillashtirish maqsadida o‘zini o‘zi moliyalashtirish tizimiga o‘tish tartibi joriy etildi. Tajriba tariqasida o‘tkazilayotgan ushbu sinov respublikamizdagi o‘nta oliy ta’lim muassasasiga yuklandi. Shulardan biri – Samarqand davlat chet tillar instituti. Sababi, sohamizga bo‘lgan ehtiyoj borgan sari oshyapti. Endi o‘zini o‘zi moliyalashtirayotgan institutlar o‘z muammolarini mustaqil bartaraf etishga haqli bo‘ladi. Lekin bu institut to‘liq mustaqil bo‘ldi, degani emas.

O‘zini o‘zi moliyalashtirishning yana bir afzalligi, moliyaviy mustaqil bo‘lganligimiz sababli kelajakda topadigan daromadlarimizni kam ta'minlangan oila farzandlari bo‘lgan talabalarga sarflashimiz, ularga moddiy yordam berish, rag‘batlantirish imkoniyatiga ega bo‘lyapmiz.

Bu yil kamida 1200 nafarga yaqin talabani o‘qishga qabul qilish imkoniyatiga egamiz

Prezidentimiz aytganidek, bu yil oliy o‘quv yurtiga o‘qishga kiruvchi talabalarning kvotalari besh foizga oshiriladi. O‘tgan yili institut 1066 nafar talabani o‘qishga qabul qilgan bo‘lsa, bu yil kamida 1200 nafarga yaqin talabani o‘qishga qabul qilish imkoniyatiga egamiz. Bu albatta, moddiy texnik baza, professor-o‘qituvchilarning salohiyatidan kelib chiqib belgilanadi.

Bundan tashqari, biz o‘z imkoniyatlarimizdan kelib chiqqan holda yana kontrakt yoki qo‘shimcha kontrakt asosida talabalarni o‘qishga qabul qilishimiz mumkin. Shuningdek, xorijiy nufuzli oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda 2+2, 3+1 dasturlari asosida ham chet eldan talabalarni o‘qishga qabul qilamiz.

Agar talaba to‘lov shartnomasi asosida qarzdor bo‘lib qolgan bo‘lsa, uni kursdan qoldirishimiz mumkin

Kontrakt asosida o‘qiydigan talabani o‘qishdan haydash mumkin emas, degan hujjat yo‘q. Talaba institutning me’yoriy hujjatlari asosiga javob bermasa, albatta, uni kursdan-kursga qoldiramiz. Vazirlar Mahkamasining 393-sonli qaroriga asosan talaba uzluksiz ravishda, sababsiz darslarga kelmay qo‘ygan bo‘lsa yoki institut bilan aloqani uzsa, uni talabalar safidan chetlashtirishga majburmiz. Bundan tashqari, talaba kontrakt to‘lovlarini o‘z vaqtida bajarmasa, u bilan shartnomani to‘xtatishga yoki uzishga to‘g‘ri keladi. Tartib hammaga bir xil, qonun hamma uchun barobar. Lekin bizda talaba uchun yana bir imkoniyat bor. Agar talaba to‘lov shartnomasi asosida qarzdor bo‘lib qolgan bo‘lsa, uni kursda qoldirishimiz mumkin. U keyingi yilga kelib o‘sha kursni davom ettiradi.

Xorijlik talabalar suhbat asosida o‘qishga qabul qilinadi

Institut yuzga yaqin nufuzli xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik shartnomalarini imzolagan. Unda talaba almashinuvi, o‘qituvchilar almashinuvi, ularning malakasini oshirish yoki birgalikda konferensiyalarni tashkil etish belgilangan. Xorijlik talabalar suhbat asosida o‘qishga qabul qilinadi. Ular o‘z hisobidan kontrakt asosida o‘qiydi. Institut o‘z talabalarini grant asosida xorijga o‘qish yoki malakasini oshirishga yuboradi. Bunda iqtidorli, bilimli talabalar saralab olinadi.

Jurnalistika fakultetiga 10-20 nafar talaba qabul qilinadi

Talab va takliflardan kelib chiqqan holda 2020-2021 o‘quv yilida institutda jurnalistika fakultetini ochmoqchimiz. Fakultetga 10-20 nafar talaba o‘qishga qabul qilinadi. Ko‘pi bilan 30 nafargacha talabani o‘qishga qabul qilishimiz mumkin. Biz talabalarning soniga emas, sifatiga e’tibor qaratamiz. Ularga professor-o‘qituvchilar hamda tajribali jurnalistlar dars berishini ta’minlaymiz. 

Xurshida ERNAZAROVA yozib oldi.


__________

SamDCHTI matbuot xizmati
 

chop etish