Bosh sahifa Yangiliklar Nutqlar

Samarqand davlat chet tillar instituti rektori barchani “Navro‘z” ayyomi bilan tabrikladi


Avvalo, barchangizni uyg‘onish va yasharish, poklanish va yangilanish ayyomi – Navro‘zi olam munosabati bilan chin qalbimdan qutlayman va muborakbod etaman. Ona yurtimizga fasllar kelinchagi bahor tashrif buyurdi. Butun tabiat go‘zallikka burkanmoqda. Atrof-muhitning betakror tarovatidan ko‘zingiz quvnaydi. Nafosat fasli odamlar qalbida ham sof va huzurbaxsh tuyg‘ularni uyg‘otib, yashash va yaratishga ruhlantirmoqda.

Xalqimizda «Tinch yurtga bayramlar, to‘ylar yarashadi» degan teran mazmun-mohiyatga ega hikmatli ibora bor. Yaratganga beadad shukronalar bo‘lsinki, muhtaram Yurtboshimizning dono siyosati tufayli xalqimiz tinch, osoyishta, farovon hayot kechirmoqda. Orzu niyatlariga yetishish uchun yurt istiqboli yo‘lida fidokorona mehnat qilmoqda. Farzand va nevaralarini tarbiyalab kamolini ko‘rmoqda. Inson uchun bundan ortiq baxt bo‘lmasa kerak! Maftunkor bahor fasli ajoyib bayramlari bilan ham ajralib turadi. Ayniqsa, sharqona yangi yilning boshlanishi, eng qadimiy udumimiz–Navro‘zi olam o‘ziga xos beqiyos jihatlariga ega. Navro‘z tinchlik, totuvlik, bag‘rikenglik, qut-baraka timsoli, mehr-muhabbat ayyomidir. Asl milliy bayramimizda xalqimizning qadimiy urf odatlari, an’analari, umrboqiy qadriyatlari o‘z ifodasini topgan.

Navro‘z bilan bog‘liq urf-odatlar, umrboqiy an’analar zamirida mehr-muruvvat, o‘zaro hurmat-e’tibor, oqibatli bo‘lish singari insoniy fazilatlar qorishib ketgan. Qutlug‘ bayram kunlari bemorlar, keksalar, nogironlar, yolg‘izlar holidan xabar olish, mehr-muruvvat ko‘rsatish, ko‘cha, hovli va xiyobonlarni tozalash, obodonlashtirish, bunyodkorlik ishlarini amalga oshirish Navro‘zi olamning hayotimizda va farzandlarimiz tarbiyasida tutgan ahamiyatini yanada oshiradi.

Aziz hamkasblar! Sizlarni yana bir bor Navro‘z ayyomi bilan chin qalbdan qutlayman. Barchalaringizga sihat-salomatlik, xotirjamlik, baxt-saodat, xonadonlaringizga fayzu baraka, farovonlik tilayman. Bahor bayramingiz muborak bo‘lsin, qadrli do‘stlar!

SamDCHTI rektori I.M.Tuxtasinov

chop etish