Bosh sahifa Yangiliklar Nutqlar

Samarqand davlat chet tillar instituti rektori Ilxomjon Tuxtasinovning jamoaga Murojaati


Assalomu alaykum, hurmatli hamkasblar, qadrli vatandoshlar, aziz talaba-yoshlar, mana hozirda butun jahon miqiyosida global muammoga aylangan koronavirus kasalligi, ya’ni COVID-19 infeksiyasi tarqalishi sababli mamalakatimizda karantin holati e’lon qilindi. Afsus bilan shuni ta’kidlash joizki, barcha hududlar, jumladan, viloyatlar hamda tumanlardan kirish chiqish holatlari to‘xtatildi. Samarqand shahrimizning har bir ko‘chasi, har bir tashkilot va muassasalarning binolari virusga qarshi dezinfeksiya qilindi. Bu tadbirlarning barchasi sizning, bizning salomatligimizni asrash uchun, albatta.

Qadrdonlarim, xalqimiz mehnatkash va chidamli xalq, bundan-da mushkulroq, qiyin vaziyatlarni boshidan kechirgan. Vaholanki, barchasidan muvaffaqiyat bilan, birma-bir o‘tib kelmoqda. Ayni damda dunyo hamjamiyati ushbu kasallikka qarshi jadal kurashmoqda. Birdamlik bilan siz va biz ham harakatda va aytilayotgan ko‘rsatmalarga amal qilishimiz kerak, oilamiz a’zolari, shirindan shakar farzandlarimiz, jigarbandlarimiz hamda vatandoshlarimiz sihat-salomatligini asrash hozirda eng dastlabki vazifamizdir. Buni unutmasligimiz shart, azizlar.

Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoev «Bir narsani aniq tushunib olish lozim. Bizda aniqlangan kasallar soni kam-ku, xavotirga o‘rin yo‘q, deb xotirjam bo‘lish xiyonat hisoblanadi. Koronavirus menga yuqmaydi deb befarq yurganlar nafaqat o‘zining, balki ota-onasi, farzandlari, atrofidagilar, qolaversa, butun xalqimizning sog‘ligi va hayotini katta xavfga qo‘yishini chuqur anglab yetishi kerak.

Xalqimiz jipslashib, shifokorlarning barcha tavsiyasi, ko‘rsatmalariga amal qilsalar, odamlarimiz karantin davrida hayotiy zaruratsiz o‘z xonadonlarini tark etmasa, kasallikning ilk belgilari aniqlanganda, uni yashirmay shifokorlarga o‘z vaqtida murojaat qilsalar, biz bu kasallikni, albatta, yengamiz!» deb bejizga ta’kidlamaydilar.

Samarqand davlat chet tillar instituti rektori sifatida talaba-yoshlarga shuni alohida o‘rinda ta’kidlab o‘tishni joiz deb bildim. Sizning onlayn dars jarayonlarini davom ettirishingiz uchun veb-saytimizda modul tizimi to‘liq faollashtirildi. Siz uchun kerakli bo‘lgan barcha o‘quv adabiyotlari, qo‘llanma hamda darsliklarining elektron variantlari joylandi. Xususan, modul elektron platformasida talabalarning mustaqil ta’lim olishlari uchun 113 ta fandan hamda telegram ijtimoiy tarmog‘ida esa 68 ta fandan, jami 181 ta fan bo‘yicha masofaviy kurslar tashkil etildi. Shuningdek, hozirda har bir til ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha video hamda audio darslarning boshlang‘ich darajadan mukammal darajagacha bo‘lgan holati tayyorlanmoqda. Siz bu materiallarning barchasi bilan institutning rasmiy sahifasi hisoblangan telegram tarmog‘i va veb-saytida kuzatib borasiz.

Samarqand davlar chet tillar instituti

Hurmatli professor-o‘qituvchilar, avvalo, sizlarga mazkur holatda qilayotgan mehnatlaringiz evaziga o‘z minnatdorchiligimni bildirgan holda kuch-quvvat tilayman. Shu o‘ringa sizlardan bir jihatga alohida e’tibor berishlaringizni so‘rar edim. Xususan, oila a’zolaringiz hamda boshqalarning salomatligini asrang. Yurtimiz boshiga tushgan mana shunday og‘ir damlarda biz ham jamoamiz bilan birgalikda hayriya va sahovat ishlarini amalga oshiraylik. Muhtojlarga, boquvchisini yo‘qotgan oilalarga xalqimizga xos bo‘lgan mehr-muruvvat xislatlarimizni namoyon etaylik.

Biz birgamiz, vahimasiz karantin holatini muvaffaqiyat bilan o‘tkazamiz. Albatta, biz g‘alaba qozonamiz. Uyda bo‘ling, azizlar.

chop etish