Bosh sahifa Yangiliklar Nutqlar

SamDCHTI rektori Ilxomjon Tuxtasinov rektorlar Kengashi Murojaatiga munosabat bildirdi


Samarqand davlar chet tillar instituti

 

Butun jahon miqiyosida global muammoga aylangan koronavirus pandimeyasining tarqalishi sababli mamalakatimizda karantin holati e’lon qilinib, hukumatimiz muhtaram Prezidentimiz SH.M.Mirziyoyev boshchiligida bu yuqumli xastalikning aholi o‘rtasida keng tarqalib ketishining oldini olish, ona xalqimizni bunday og‘ir sinovdan sog‘-omon olib o‘tish uchun barcha zarur va keskin choralarni amalga oshirmoqda. Biz ham jamoamiz bilan birgalikda mavjud holatni to‘g‘ri baholagan holda xalqimizga, Prezidentimizga sobitqadam va yelkadosh bo‘lib ko‘maklashishimiz zarur. Har birimiz, avvalo, mahallamizni, oilamiz a’zolarini ushbu balodan asrashni  qat’iy vazifamiz deb bilishimiz shart. Muhtaram Prezidentimizning quyidagi so‘zlarini shu o‘rinda ta’kidlab o‘tishimiz joizdir:

“Ishontirib aytamanki, koronavirus tarqab ketmasligi uchun davlat barcha choralarni ko‘radi. Ammo shu sinovli damlarda har bir o‘zbekistonlik, har bir idora, jamoatchilik vakillari bir musht bo‘lib harakat qilishimiz kerak. Kasallikni mahallamizga, uyimizga, oilamizga olib kirmaslik uchun, eng avvalo, o‘zimiz mas’ulmiz”.

Qadrdonlarim, xalqimiz mehnatkash va chidamli xalq, bundan-da mushkulroq, qiyin vaziyatlarni boshidan kechirgan. Vaholanki, barchasidan muvaffaqiyat bilan birma-bir o‘tib kelmoqda. Ayni damda dunyo hamjamiyati ushbu kasallikka qarshi jadal kurashmoqda. Birdamlik bilan siz va biz ham harakatda va aytilayotgan ko‘rsatmalarga amal qilishimiz kerak. Yorug‘ kunlar va porloq kelajak sari birdam bo‘lib harakatlanishda davom etaylik.

Oliy ta’lim muassasalarida, shuningdek, Samarqand davlat chet tillar institutida bu xalokatli ofat bilan kurashish bo‘yicha barcha zarur tadbirlar amalga oshirilmoqda.

  • Mazkur munosabat yuzasidan institutining barcha o‘quv binolari, o‘quv xonalari, 600 o‘rinli talabalar turar joyi, oshxonalar, xodimlar ishxonalari sanitariya-epidemiologiya mutaxassislari tomonidan dezinfeksiya qilindi.
  • Samarqand davlat chet tillar institutida faoliyat ko‘rsatayotgan xorijlik mutaxassislar va xorijlik talabalar ham hozirda karantin holatida muddatdan oldin e’lon qilingan ta’tilni o‘tkazishmoqdalar. Ular har o‘n kunda oziq-ovqat mahsulotlari bilan taminlab chiqilmoqda. (Tashqariga chiqishmasliklari va barcha extiyojlar, imkoniyatlarni yaratish maqsadida)
  • Karantin holatidagi xorijlik mutaxassislar va xorijlik talabalarga Wi-Fi zonasi tashkil etildi, har bir xonaga televizorlar o‘rnatildi, ARM va AKT xonalarining faoliyati ta’minlandi.
  • Talabalar onlayn dars jarayonlarini davom ettirishlari uchun veb-saytimizda mudl tizimi to‘liq faollashtirildi, barcha o‘quv adabiyotlari, qo‘llanma hamda darsliklarining elektron variantlari joylandi.
  • Xususan, mudl elektron platformasida talabalarning mustaqil ta’lim olishlari uchun 113 ta fandan hamda telegram ijtimoiy tarmog‘ida esa 68 ta fandan, jami 181 ta fan bo‘yicha masofaviy kurslar tashkil etildi. 
  • Shuningdek, hozirda har bir til ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha video hamda audio darslarning boshlang‘ich darajadan mukammal darajagacha bo‘lgan holati tayyorlanmoqda.
  • Institut talabalarining bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish, o‘quv rejalardagi fanlarning dasturlarini mustaqil o‘zlashtirish, institut professor-o‘qituvchilari bilan muntazam aloqada bo‘lib turish, xorijiy tillar bo‘yicha til ko‘nikmalari(“O‘qib tushunish”, “Tinglab tushunish”, “Yozish” va “Gapirish”)ni muntazam rivojlantirib borish hamda o‘zbek va tili o‘rganilayotgan mamlakatlar adabiyotining yirik namoyondalarining o‘lmas asarlarini o‘qish va tahlil qilish orqali talabalarning dunyoqarashini yanada kengaytirish maqsadida turli xildagi o‘quv adabiyotlari va badiiy asarlar ham platformaga joylashtirish ishlari davom etmoqda.
  • Masofaviy (onlayn) ta’lim olish bo‘yicha institut matritsasi ishlab chiqilib, amaliyotga tatbiq etildi. Matritsa o‘qituvchi hamda talabaning masofaviy ta’lim tizimida, ya’ni institutning Moodle elektron ta’lim platformasida ishlashi uchun yo‘l xaritasi hisoblanadi.
  • Bundan tashqari institutning moodle.samdchti.uz elektron masofaviy ta’lim platformasidan foydalanish bo‘yicha professor-o‘qituvchilar va talabalar uchun yo‘riqnomalar ishlab chiqilib, belgilangan tartibda tasdiqlandi va institut rasmiy veb-sahifasi, ijtimoiy tarmoqlardagi institut sahifalariga joylashtirildi. Shu bilan bir qatorda videoyo‘riqnomalar ham tayyorlandi.
  • Bu jarayonga talabalarga sifatli ta’lim berish maqsadida institutning ko‘p yillik ilmiy-pedagogik tajribaga ega, etakchi xorijiy oliy ta’lim muassasalarida malaka oshirgan, stajirovka o‘tagan, eng so‘nggi fan yutuqlaridan xabardor professor-o‘qituvchi, mutaxassis va olimlar jalb etilgan.      

Shu o‘rinda O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim Kengashi hamda rektorlar Kengashining professor-o‘qituvchilar va talaba-yoshlarga qilgan Murojaatini ham keltirib o‘tishimiz muhimdir.

Biz siz, hurmatli ustoz-murabbiylarni mavjud imkoniyatdan to‘g‘ri va samarali foydalangan holda:

  • avvalo, Muhtaram Prezidentimizning murojaatlarining mohiyatini xalqimiz, ayniqsa, yosh avlodga yetkazish va hayotga joriy etishda ibrat ko‘rsatishga;
  • yurtimizga chetdan kirib kelgan koronavirus pandemiyasini bartaraf etish yo‘lida davlatimiz tomonidan olib borilayotgan siyosatni qo‘llab-quvvatlash va kasallik tarqalishining oldini olishda hukumatimizga yaqindan yordam berishga;
  • onlayn darslarni tashkil qilishda faol ishtirok etishga, xususan, fanlar bo‘yicha videoma’ruzalarni, seminar hamda amaliy mashg‘ulotlarning taqdimotlarini tayyorlab, tegishli saytlarga joylashtirishda faol bo‘lishga;
  • mashg‘ulotlarning mazmuni, sifati va uning hayotiyligini yuqori darajada ta’minlashga;
  • talaba-yoshlarning darslarga bo‘lgan qiziqishini yanada kuchaytirish va ularning faolligini oshirishga;
  • mobil aloqa, internet orqali yoshlar qalbida o‘z kasbiga, madaniyat, san’at va adabiyotga bo‘lgan munosabatni yangi bosqichga ko‘tarishga;
  • uyda qolib, ushbu kasallikka qarshi kurashish va uning hayotimizga salbiy ta’sirini kamaytirish yo‘lidagi ezgu ishlarni elektron ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlar orqali mahalla va jamoatchilikka keng targ‘ib qilishga da’vat etamiz.

Qadrli talabalar, aziz yoshlar!

Sizlarning barchangiz bizning ishongan tog‘imiz, millatimiz kelajagi, yangi O‘zbekistonning bo‘lajak bunyodkorisiz. Koronavirus tufayli mamlakatimizda yuzaga kelgan bu tashvishli holat Siz, aziz farzandlarimizning sifatli bilim olishingizga xalaqit bermasligi uchun  mamlakatimiz rahbaridan tortib davlat idoralarining xodimlarigacha, rektorlardan tortib ustoz-murabbiylargacha barcha-barcha Sizlarning shu kunlardagi faoliyatingiz haqida, uni mazmunli tashkil etish borasida qayg‘urmoqda. 

Muhtaram Prezidentimizning Sizlarga alohida e’tibor qaratib:

“Men bugungi kunda uy sharoitida tahsil olayotgan talaba va o‘quvchi yoshlarimizga murojaat qilmoqchiman:

Aziz farzandlarim, uyda vaqtingizni bekor o‘tkazmang! Onlayn darslarni qunt bilan o‘zlashtiring. Kitob o‘qing, bilimingizni oshiring, badantarbiya va jismoniy mashqlarni bir kun ham qoldirmang”, degan so‘zlari barcha yoshlar uchun kundalik hayot tarziga aylanishi zarur.

Faqat astoydil oldinga maqsad qo‘yish, sabr-toqat va mustahkam iroda bilan oldinga intilish zarur. Insoniyat va taraqqiyotning eng katta dushmani bo‘lmish bekorchilik, beparvolik va loqaydlik kabi illatlar, aslida, koronavirus infeksiyasidan ham xavflidir.

Sizning mana shu ko‘rinmas baloga qarshi kurashishda eng katta yordamingiz, davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, ko‘chaga chiqmasdan uyda qolish, bo‘sh o‘tirmaslik, ilmiy va badiiy asarlarni mutolaa qilish, jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanishda davom etishdan iborat bo‘lmog‘i kerak.

Aziz talabalar!

Internetda, xususan, o‘zingiz tahsil olayotgan oliy ta’lim muassasasining saytida berilayotgan onlayn darslarga qunt bilan qatnashing! Eng og‘ir sinov paytlarida Sizga hamisha ko‘makka keladigan, o‘zingiz yoqtirgan mumtoz va jahon adabiyoti durdonalaridan, go‘zal va betakror kuy-qo‘shiqlardan bahramand bo‘lishda davom eting!

Karantin bilan bog‘liq tartiblarga, shaxsiy gigiena qoidalariga, jismonan sog‘lom bo‘lishga alohida e’tibor qaratib, tozalikka, pokizalikka rioya qiling!

Shu bilan birga, ota-onangizning, mo‘tabar keksalarimizning hikmatlaridan, oltinga teng pand-u nasixatlaridan iloji boricha ko‘proq bahramand bo‘lishga harakat qiling!

Internet tarmog‘i orqali atrofingizdagi maktab o‘quvchilari va barcha yoshlar bilan muloqotda bo‘lib, ular o‘rtasida tushuntirish ishlarini olib boring! Bugun O‘zbekiston xalqi o‘zining yuksak ongi, madaniy saviyasi, qat’iy irodasi va sabr-bardoshini butun dunyoga namoyish etmoqda.

Hammamiz bir yoqadan bosh chiqarib harakat qilsak, muhtaram Prezidentimiz atrofida sobit turib, yagona maqsad yo‘lida hamjihat bo‘lsak, bu xatarli ofat mustahkam qo‘rg‘onimizga aslo o‘tolmaydi.

Ishoning, Allohning irodasi, xalqimizning ishonch-u matonati, vatandoshlarimizning mehr-oqibati va ahilligi bilan yorug‘ kunlar, albatta, keladi!

Yangi O‘zbekistonni barchamiz birgalikda buyuk O‘zbekistonga aylantiramiz!

 

 

Samarqand davlat  chet  tillar instituti

rektori Ilxomjon Tuxtasinov

chop etish