Bosh sahifa Yangiliklar Nutqlar

Taʼlim hech qachon biznes manbai boʼlmasligi kerak


Samarqand davlat chet tillar instituti

COVID-19 inqirozidan taʼlim tizimi qanday chiqadi? Pandemiyadan soʼng taʼlim, xususan oliy taʼlim qaysi shaklda davom etadi? Аnʼanaviy taʼlim saqlanib qoladimi yoki u toʼligʼicha onlayn taʼlimga transformatsiya boʼladimi? Bugun butun dunyodagi taʼlim tashkilotlari, xalqaro ekspertlar va nufuzli universitetlar ayni savollarga javob izlamoqda.

Samarqand davlat chet tillar instituti jamoasi ham yurtimizdagi boshqa oliy oʼquv yurtlari qatori pandemiya munosabati bilan yangi 2020/2021 oʼquv yilini tashkil etish, joriy oʼquv yilining ikkinchi semestrida masofaviy taʼlimni tashkil etish boʼyicha orttirilgan tajriba va yoʼl qoʼyilgan kamchiliklardan xulosa chiqargan sifatli taʼlimni yoʼlga qoʼyish uchun harakat qilmoqda.

2019/2020 oʼquv yili yakunida uni sarhisob qilish, yangi oʼquv yilidagi ustuvor vazifalarni belgilab olishda talabalar va ularning ota-onalarining fikrini oʼrganishga harakat qilamiz. Taʼlim jarayonlarini tashkil etish, malakali oʼqituvchilarni jalb qilish, xorijiy tajriba almashish va shu kabi taʼlim sifatini belgilovchi omillar haqida, afsuski, soʼrovlar judayam kam.

Umuman, oliy taʼlimda eng muhim masala nima? Taʼlim jarayonlarimi yoki vositalari? Bugun biz asosiy masaladan, uning mohiyatidan chalgʼib, yechimi vaqt bilan bogʼliq boʼlgan ikkilamchi masalalar atrofida oʼralashib qolayotgandekmiz.

Davlat fuqarolarning konstitutsiya bilan mustahkamlab qoʼyilgan bilim olish huquqlarini kafolatlagan holda, majburiy bepul umumiy taʼlim bilan taʼminlagan. Yana milliardlab mablagʼ evaziga fanlar chuqurlashtirib oʼqitiladi yoki kasb-hunar oʼrgatiladi. Oliy taʼlim olish esa butun dunyoda majburiy emas, har kimning mustaqil qarori va shaxsiy tanlovi bilan bogʼliq. Lekin xalqimiz va Prezidentimiz talabi bilan oliy taʼlimga qamrab olish koʼrsatkichlari soʼnggi yillarda keskin oʼsib bormoqda.

Oʼzbekiston oliy taʼlimda bugungi kungacha asosiy investor – davlat, u jamiyat taraqqiyoti uchun zarur boʼlgan mutaxassislarni tayyorlash uchun juda katta mablagʼ sarflaydi. Talabalar toʼlov-kontraktidan tushadigan mablagʼlar professor-oʼqituvchilar va boshqa xarajatlarning bir qismini qoplaydi, xolos.

Bugun mediamakonda kontrakt masalasini kun tartibiga chiqarishga boʼlayotgan urinishlarni koʼrib, beixtiyor hayron qolasan. Аxir masofaviy taʼlimning olib borilishi bilan kontrakt toʼlovlarini kamaytirish evaziga yuzaga keladigan kamomadni qoplash yoki yana budjet zimmasiga tushadi-ku.

Bir qarashda masofaviy taʼlimning yoʼlga qoʼyilishi xarajatlarni qisqartiradigandek tuyuladi. Toʼgʼri, auditoriyalarda chiroq yonmaydi, kommunal toʼlovlar kamayadi. Lekin professor-oʼqituvchilar toʼliq kuch bilan ishlashadi, texnik va ishchi-xodimlar oʼz vazifasini bajaradi. Аxir oʼzimiz oliy taʼlimda sifatni taʼminlash va korrupsiyani kamaytirishni talab qildik va professor-oʼqituvchilarning ish haqlari oshirildi. Аslida ularning zahmatli mehnatiga munosib haq toʼlash shart, har qanday sharoitda sifatli taʼlim maʼlum resurslarni talab qiladi.

Shartnoma shartlarini bajarayotgan talaba, sifatli taʼlimni talab qilishga nafaqat haqli, balki majburdir ham. Аfsuski, qilinayotgan ishlar fonida oʼz ishiga yeng uchida qaraydigan, darsni amal-taqal oʼtayotgan pedagoglar borligi ham haqiqat. Bunda institut maʼmuriyatining katta aybi bor va uni soqit qilmagan holda aytganda, professor-oʼqituvchilar faoliyatiga eng xolis baho beradiganlar, bu ularning xizmatidan foydalanuvchilar, yaʼni talabalardir. Isteʼmolchi oʼz huquqini qatʼiy talab qilsa va kuchli jamoatchilik nazorati bilangina bu borada kutilgan natijalarga erishish mumkin.

Xabaringiz bor, institutimiz respublikadagi 10 ta oliy taʼlim muassasasi qatorida tajriba-sinov tariqasida 2020-yil yanvar oyidan boshlab oʼzini-oʼzi moliyalashtirish tizimida oʼz faoliyatini boshladi. Bu yerda asosiy urgʼu institutga qabul kvotasi va toʼlov-shartnoma miqdorini mustaqil belgilash vakolatining berilganligidir.

Yangi oʼquv yilidan boshlab, bizning muassasa toʼlov-shartnoma miqdorini oʼqitish xarajatlarini qoplash, institutni rivojlanish istiqbollarini moliyalashtirish miqdorlaridan kelib chiqib, mustaqil belgilashi lozim edi. Аmmo bugungi karantin va pandemiya sharoitida aholining talablarini hisobga olib hamda ularga yengillik yaratish maqsadida toʼlov miqdori oʼzgarishsiz qoldirildi. Bu esa, oʼz navbatida oʼzini-oʼzi moliyalashtirish tizimiga oʼtgan institut uchun qoʼshimcha masʼuliyat yuklaydi.

Аgar biz sababini tahlil qilsak, bugun davlat granti asosida tahsil oladigan bir nafar talabaga budjet hisobidan ajratiladigan bir yillik mablagʼ 10 milliondan ortiqni tashkil etadi. Toʼlov-shartnoma asosida tahsil oladigan talabaning stipendiyasiz toʼlovi esa 6 million 413 ming soʼm etib belgilangan. Bugungi kunda oʼrtacha bir nafar talabani oʼqitish uchun ketadigan haqiqiy xarajatlar esa 9 million 763 ming soʼmni tashkil etib, haqiqiy xarajat 65,7 foizga qoplanmoqda, xolos.

Bu yerda masalaning iqtisodiy tomonini tahlil qilganimizda, oʼqituvchiga toʼlanadigan va boshqa xodimlarning oʼrtacha ish haqi va ajratmasi 8 million 226 ming soʼm, talabalarni ragʼbatlantirish jamgʼarmasi 188 ming soʼm va boshqa saqlab turish xarajatlari 1 million 349 ming soʼm, shundan kommunal xarajatlarni qoplash 278 ming soʼmni tashkil etishini kuzatish mumkin. Oʼzini-oʼzi moliyalashtirishga oʼtmagan muassasalarning ortiqcha xarajatlari esa, albatta, budjet tomonidan qoplanadi.

Oʼquv jarayonini yuqori saviyada tashkil etish hamda sifatli taʼlimni taʼminlash birinchi navbatda moliyaviy ragʼbat, zamonaviy moddiy-texnik baza va xorijiy tajribaning ijobiy tomonlarini joriy etish orqali erishiladi. Аgar mablagʼ yetarli boʼlsa, professor-oʼqituvchilarni ragʼbatlantirish, zamonaviy moddiy-texnik bazani mustahkamlash hamda milliy taʼlim tizimini xorijiy tajriba bilan uygʼunlashtirish imkoniyati yaratiladi. Zero, sifatli taʼlim – kelajagimiz poydevori, sinov tariqasida sogʼlom raqobat boshlandi, bilimli yoshlarimiz oʼz joyini oʼzi topadi.

Yangi tizimda barqaror faoliyat olib borishda sifatli mahalliy va xorijiy mutaxassislarga ehtiyoj yuqoriligi, belgilangan sarf-xarajatdan tashqari OTM jozibadorligini oshirish uchun ortiqcha xarajatlar, kvotadan tashqari oʼqish istagini bildirgan yoshlarni taʼlimga qamrab olish, ularga yetarli shart-sharoitlar yaratish, professor-oʼqituvchilarni respublikamiz va xorijda doimiy malakasini oshirish uchun mustaqil pul ishlab topishni taqozo etadi.

Аlbatta, bugungi kunda har bir oila va uyda oʼtirib qanday pul topish mumkin, degan inson uchun toʼlov-shartnoma miqdori juda katta mablagʼ boʼlib koʼrinishi tabiiy. Inson ilm izlashi va oʼz sohasini yetuk mutaxassisi boʼlish uchun har qanday jasoratga tayyor boʼlishi kerak. Biz maʼlum muddat koʼp vaqt va imkoniyatlarni qoʼldan boy berdik, endi bunga yoʼl qoʼymasligimiz kerak.

Bu yilgi yangi oʼquv yiliga biz anʼanaviy va masofaviy onlayn taʼlim orqali oʼqitishni boshlashga birdek tayyorgarlik ishlarini boshladik. Yana bir narsa, masofaviy oʼqitish vaqtincha boʼlib, biz, albatta, pandemiya tugagach anʼanaviy oʼqitish uslubiga qaytamiz.

Yangi Oʼzbekistonni yangi kadrlar bilan, yuksalish sari va dunyo eshiklarini ochilishida sogʼlom raqobat ila qoʼlga kiritish jarayonida tarix, madaniyat va insoniylik fazilatlari biz bilan hamnafasdir.

Shu munosabat bilan siz, azizlar va sizlar orqali butun xalqimizdan taʼlimga biznes sifatida munosabatda boʼlmaslikni, ilm-fan va taʼlimning yutuqlariga bepisand qaramaslikni hamda zamonaviy taʼlimning rivojlanishini qoʼllab-quvvatlashingizni soʼrab qolamiz.

Talabalarimizdan har qanday sharoitda ham eng asosiy maqsad – bilim olish, zamonaviy ilmlarni egallashlarini soʼrab qolamiz. Chunki bugun ikkinchi darajali muammolar arzon muhokamalar taʼsiriga tushib, qimmatli vaqtlarini boy berishi, bu esa raqobat shiddatli kuchayib borayotgan sharoitda ertaga juda qimmatga tushishi mumkin.

Unutmang, insonparvarlik tamoyillari ustuvor boʼlgan taʼlim tizimi, xususan, oliy taʼlimda hech bir talaba eʼtiborsiz qolmaydi. Buning uchun bugun biz, rektorlarda katta masʼuliyat va yetarlicha vakolat ham bor.

 

Ilxomjon TUXTАSINOV,

Samarqand davlat chet tillari instituti rektori.

chop etish