Bosh sahifa Yangiliklar Nutqlar

SamDCHTI rektori: "Mustaqillikning 29 yilligi bayrami munosabati bilan samimiy muborakbod etaman"


Samarqand davlat chet tillar instituti

 

Samarqand davlat chet tillar instituti rektori 

Ilxomjon Madaminovich Tuxtasinov

 

Biz ta’lim va tarbiya tizimining barcha bo‘g‘inlari faoliyatini bugungi zamon talablari asosida takomillashtirishni o‘zimizning birinchi darajali vazifamiz deb bilamiz.
______________________________________________________________

Barchangizni eng aziz, eng ulug‘ bayram – 1-sentabr O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 29 yilligi  bayrami munosabati bilan samimiy muborakbod etaman. “Sen – qudrat manbayi, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim!”

Dunyoda munosib o‘ringa ega bo‘lib, jadal rivojlanayotgan davlatimiz istiqboli yanada porloq bo‘lsin. Hammamiz musaffo osmon, tinch yurt, istiqbol sari olg‘a qarab ketishimizda, farzandlarimizni intellektual salohiyatli etib tarbiyalashimizda, yurtimiz ravnaqi yo‘lida chin saodatga eltgan Vatanimizga sadoqat bilan xizmat etaylik.

Jonajon O‘zbekistonimizning mustaqilligi barchamizni ezgu amallarimiz, ezgu niyatlarimiz, ezgu maqsadlarimiz sari olg‘a chorlamoqda. Vatan fidoyilari bo‘lib, Oliy ta’lim tizimining rivojlanishiga elim deb, yurtim deb sidqidildan samarali faoliyat ko‘rsatadigan, yuksak marralarni ko‘zlab harakat qiladigan haqiqiy vatanparvar yoshlar tarbiyasi bizning qo‘limizda.

Ta’lim sohasidagi bugungi innovatsion, axborot asrida jahon hamjamiyatiga mos kadrlarni tayyorlash, istiqbolli kelajak barpo etish, zamon bilan hamnafas qadam tashlashga, yoshlarni to‘g‘ri yo‘lga boshlashga hamjihat bo‘laylik.

Ta’limga oid islohotlar, loyihalar va ilmiy tadqiqot ishlari davlatimiz rahbari tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda. Bugungi zamon yoshlarini maqsadli va samarali, fidokorona ruhda tarbiyalashimiz lozim. Zero ulug‘, qudratli Vatan kelajagining porloq poydevorini tarbiyali, ilmli, intellektual yoshlarga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatib, ularning bandligini ta’minlab, yot g‘oyalar ta’siridan himoya eta olsak marra bizniki bo‘ladi.

Mamlakatimizda ta’lim tizimining barcha bo‘g‘inlarida, jumladan, oliy va o‘rta maxsus ta’lim tizimini modernizatsiya qilish, ilm-fanni rivojlantirish, o‘qitishning zamonaviy shakl hamda texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha olib borilayotgan ishlarning ko‘lami keng.

2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi doirasida Oliy va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi tizimini tubdan takomillashtirish, sohada davlat boshqaruvi samaradorligini yanada oshirish, tizimdagi muassasalarning sifatli faoliyat yuritishini ta’minlash orqali yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashni tashkil etishga oid qator farmon va qarorlar qabul qilindi.

O‘qitish metodikasini takomillashtirish, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va innovatsion loyihalarni joriy etishga alohida urg‘u berilmoqda. Respublikamizda ilmiy va innovatsion faoliyatni qo‘llab-quvvatlash, kadrlar tayyorlash tizimini isloh qilish, iqtidorli talabalar, yosh olimlar faoliyatini rag‘batlarnirish, ilm-fan, ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasini kuchaytirish, chet tillarni o‘qitish va dunyo hamjamiyatiga qadam tashlash zamon talabidir.

Islohotlar samarasi o‘laroq, oliy ta’lim tizimida juda ko‘plab o‘zgarish va yangiliklar bo‘lmoqda. Jumladan, 2020-2021 o‘quv yilidan 35 ta oliy ta’lim muassasasida o‘qitishning yangi va zamonaviy, jahon tajribasida o‘zining ijobiy natijasini bergan kredit-modul tizimi joriy etilayotganligini keltirishimiz mumkin.

Bu tizim mahalliy oliy ta’lim muassasalarini xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan oson integrallashuvini, oliy ta’lim muassasalarida o‘qitiladigan fanlarning o‘quv soatlarini tez va qulay konvertatsiya qilinishi va o‘zaro  tan olinishini, xalqaro oliy ta’lim muassasalariaro professor-o‘qituvchilar va talabalarning almashinuv dasturlarini amalga oshirish uchun zamin yaratadi.

Buyuk yurt, muqaddas vatanimizda tug‘ilgan allomalarga munosib voris bo‘laylik, aziz vatandoshlar! Yurtimiz obod bo‘lsin, dasturxonimiz risqqa to‘lsin, fayzli hayotimizni doimo mustaqillikning yorug‘ nurlari munavvar etsin. Mustaqilligimiz abadiy bo‘lsin. Yana bir bor bayramingiz muborak bo‘lsin, azizlar!

 

Ilxomjon TUXTASINOV,

Samarqand davlat chet tillar instituti rektori.

chop etish