Bosh sahifa Yangiliklar Nutqlar

SAMARQAND DAVLAT CHET TILLAR INSTITUTI REKTORI BARCHA USTOZ VA MURABBIYLARNI BAYRAM BILAN TABRIKLAYDI


Samarqand davlar chet tillar instituti

 

Ilxomjon TUXTАSINOV

Samarqand davlat chet tillar instituti rektori

Haqiqatan ham, dunyodagi ming-minglab kasblar orasida ikkita buyuk kasb – shifokorlik va oʼqituvchilik kasbi borki, ular, toki hayot bor ekan, oʼzining maʼno-mazmunini va oliyjanobligini, ahamiyati va hurmatini hech qachon yoʼqotmaydi.

Xalqimizda ilm oʼrganmoq igna bilan quduq qazishga qiyoslanadi. Kezi kelsa, hayot va borliq mohiyati, sir-asrorlariga boʼying barobar kitoblarni oʼqib ham yetish mushkul. Biroq ilm oʼrgatmoq zahmati undan-da mashaqqatli. Zero, oq-u qorani farqlay olmaydigan goʼdak olimlik rutbasiga yetishi uchun taxlam-taxlam kitoblarni oʼqishning oʼzi kamlik qiladi. Ustoz bu ishga butun borligʼini, mehrini baxsh etadi. Darhaqiqat, minglab murgʼak qalblarga oq-u qorani tanitadigan, ezgulik yogʼdusini baxsh etadigan, kelajakka tiyrak nigoh tashlashga oʼrgatadigan, yoshlar qalbida ertangi kunga qatʼiy ishonch uygʼotadigan, shogirdlari uchun hayotning achchiq-chuchuk sinovlarida doimo yordamga shay turadigan, qoqilsa-suyab, yiqilsa-turgʼizadigan, yutuqlaridan boladek quvonadigan oʼqituvchi va murabbiylar mehnatining oʼlchovi, qiyosi yoʼq.

Hech kimga sir emas, bugungi kunda faqat yuksak bilimli, zamonaviy, mustaqil fikrlaydigan, intellektual rivojlangan va amaliy kasb-hunarlarga ega boʼlgan yoshlargina buyuk kelajakni taʼminlashi mumkin. Ana shundan yetuk mutaxassis yoshni Siz tarbiyalab, voyaga yetkazasiz, Aziz ustozlar! Oʼzbekning, Oʼzbekistonning kelajak taqdiriga Sizlar masʼulsizlar!

Аziz Ustozlar! Аvvalo, Siz, azizlarni umumxalq bayrami – Oʼqituvchi va murabbiylar kuni bilan institutimiz va oʼz nomimdan samimiy muborakbod etaman. Ibrat namunasi, yuksak insoniy fazilatlar timsoli boʼlgan sizlar kabi aziz va moʼtabar zotlar shaʼniga eng goʼzal soʼzlar, ezgu tilaklarimizni izhor etamiz. Sizlarning barchangizga hech qachon uzib boʼlmaydigan qarzdorlik hissi bilan taʼzim qilamiz.

Biz bugun zamonaviy bilim va kasb-hunarlar, xorijiy tillarni puxta egallab, katta umid va ishonch bilan hayotga qadam qoʼyayotgan, ertangi kunimizning hal qiluvchi kuchi boʼlgan minglab farzandlarimiz kamolida, Samarqand davlat chet tillar instituti nufuzining yuksalishida oʼqituvchi va murabbiylarimizning beqiyos hissasi borligini yaxshi bilamiz va sizlarning bu ulugʼ xizmatingizni yuksak qadrlaymiz.

Аyni vaqtda biz institutimizning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, professor-oʼqituvchilar malakasini oshirish, xorijdagi yetakchi taʼlim markazlari bilan ilmiy-pedagogik hamkorlikni kuchaytirish, oʼquv-tarbiya jarayonlariga zamonaviy taʼlim va axborot texnologiyalarini, yangi oʼquv metodikalarini joriy etish boʼyicha hali oldimizda koʼplab dolzarb vazifalar turganini ham yaxshi anglaymiz va ularning yechimi ustida doimiy ish olib boramiz.

Ishonchim komil, xalqimiz ziyolilarining ilgʼor vakillari boʼlgan Siz, hurmatli ustoz va murabbiylar institutimizda ijtimoiy-maʼnaviy muhitni yaxshilash, yoshlar oʼrtasida sogʼlom turmush tarzini qaror toptirish, jamiyatimizda tinchlik va hamjihatlikni mustahkamlash boʼyicha olib borayotgan ishlarimizni sifat jihatidan yangi bosqichga koʼtarishda faol ishtirok etib, barchaga oʼrnak va namuna boʼlasizlar.

Sizlarni “1-oktabr – Oʼqituvchi va murabbiylar kuni” bilan yana bir bor tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, baxt va omad, xonadonlaringizga tinchlik-xotirjamlik, fayz-u baraka tilayman. Doimo sogʼ-omon boʼling, aziz ustozlar!

 

Ilxomjon TUXTАSINOV,

Samarqand davlat chet tillar instituti rektori.

chop etish