Bosh sahifa Yangiliklar Nutqlar

Samarqand davlat chet tillar instituti rektori Ilxomjon Tuxtasinov talabalik baxtiga muyassar bo’lganlarni muborakbod etadi


Samarqand davlar chet tillar instituti

 

Ilxomjon TUXTASINOV
Samarqand davlat chet tillar instituti rektori

Aziz talabalar! Sizlarni 2020/2021 o’quv yilida kirish imtihonlaridan muvaffaqiyatli o’tib, talabalik baxtiga muyassar bo’lganingiz bilan o’zim va institut jamoasi nomidan chin qalbimdan tabriklayman.

Mustaqillik hosilasi bo‘lgan Samarqand davlat chet tillar instituti O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1994-yil 8-noyabrdagi Farmoni bilan tashkil etilgan. Hozirda institut oliy va o‘rta maxsus ta’lim va  xalq ta’limi sohalariga hamda turizm infratuzilmasiga yuqori malakali xorijiy filologiya mutaxassislari, xalqaro jurnalistlar, shuningdek, gid-tarjimonlar tayyorlashning xalqaro miqiyosda e’tirof etilgan nufuzli yirik markazlaridan biriga aylanmoqda.

Yurtimizda dunyoni yangicha idrok etadigan, millat g‘ururi va haq-huquqi uchun kurashadigan, o‘z taqdirining xalqi, Vatani taqdiri bilan bir deb bilib, faoliyat ko‘rsatayotgan yangi avlod shakllanmoqda. Ular ham ajdodlar ma’naviy merosini hamda umumbashariy qadriyatlarni barobar o‘zlashtirmoqdalar. Salohiyatli mutaxassis kadrlar O‘zbekistonning ertangi kunini, millat kelajagini belgilaydi. Shu bois zamon talablariga javob beradigan yuksak madaniyatli, bilimdon yoshlarni tarbiyalash davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylandi. Buning natijasi o‘laroq institutda hozirda 4 fakultet, 20 kafedra, mintaqaviy til o‘rgatish markazi, 600 dan ortiq o’ringa moshlashgan zamonaviy talabalar turar joyi, besh tashabbus doirasida musiqa va san'at, fitnes klublar, tikuvchilik va ARM xonalari, Ta’lim sifati ta’minoti va innovatsiyalar markazi, eng zamonaviy o‘quv va multimedia uskunalari bilan jihozlangan Axborot – resurs markazi mavjud.

Bugungi kunda institutimizda ingliz, nemis, fransuz, italiyan, ispan, arab, yapon, koreys va xitoy tillari hamda xalqaro jurnalistika va tarjimonlik mutaxassisliklari bo‘yicha kadrlar tayyorlanmoqda. O‘tgan davr mobaynida SamDCHTIda 4 dan  ortiq Prezident stipendiyasi, 10 dan ortiq Alisher Navoiy nomidagi stipendiya sohiblari hamda 100 dan ortiq turli dasturlar, olimpiadalar va xalqaro ko‘rgazmalar g‘oliblari yetishib chiqdi.

Hozirda Samarqand davlat chet tillar institutida 32 nafar xorijlik mutaxassislar faoliyat olib bormoqdi. Ular Misr Аrab Respublikasi, Xitoy Xalq Respublikasi, Yaponiya, Indoneziya, Ispaniya, Finlandiya, Аmerika Qoʼshma Shtatlari kabi davlatlarning vakillaridir. Yangi o’quv yilida, ya’ni 2020/2021 oʼquv yilida xalqaro hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirgan holda yana 15 nafar xorijlik malakali mutaxassislarni uzoq va qisqa muddatli masofali hamda anʼanaviy tarzda oʼquv jarayoniga jalb etish rejalashtirmoqda.

Shuni ham alohida aytib oʼtish joizki, institutimizdan Janubiy Koreya, Xitoy Xalq Respublikasi, Yaponiya, Germaniya kabi davlatlarning nufuzli oliy taʼlim muassasalarida ayni damda talabalar almashinuvi dasturi asosida 8 nafar talabamiz tahsil olmoqda. 2020/2021 oʼquv yilida xorijning bir qator, yaʼni Germaniya, Buyuk Britaniya, Turkiya, Malayziya, Xitoy Xalq Respublikasi, Rossiya hamda Ukraina kabi davlatlarida talabalarimizning onlayn va oflayn oʼquv jarayonlarining tashkil etilishi rejalashtirilmoqda. Agarda sizlar ham o’quv yili davomida faollik va zukkolik ko’rsatsangiz, xorijning nufuzli oliygohlarida o’qish imkoniyatlarini qo’lga kiritasizlar va yuksak malakali kadr bo’lib yetishasizlar.

Joriy yilda respublikamizdagi baʼzi oliy taʼlim muassasalarini tubdan takomillashtirish maqsadida oʼzini oʼzi moliyalashtirish tizimiga oʼtish tartibi joriy etildi. Tajriba tariqasida oʼtkazilayotgan ushbu sinov respublikamizdagi oʼnta oliy taʼlim muassasasiga yuklandi. Shulardan biri – Samarqand davlat chet tillar instituti. Sababi, sohamizga boʼlgan ehtiyoj borgan sari oshmoqda. Endi oʼzini oʼzi moliyalashtirayotgan institutlar oʼz muammolarini mustaqil bartaraf etishga haqli boʼladi. Lekin bu institut toʼliq mustaqil boʼldi, degani emas. Oʼzini oʼzi moliyalashtirishning yana bir afzalligi, moliyaviy mustaqil boʼlganligimiz sababli kelajakda topadigan daromadlarimizni kam taʼminlangan oila farzandlari boʼlgan talabalarga sarflashimiz, ularga moddiy yordam berish, ragʼbatlantirish imkoniyatiga ega boʼlyapmiz.

Hozirda institutning 600 oʼrinli oʼquv binosini taʼmirlash, yangi 3 qavatli axborot resurs va media markazlarini tashkil etish ishlari olib borilmoqda. Bundan tashqari, Samarqand davlat chet tillar instituti muassisligida yangi gazeta ommaviy axborot vositasi sifatida davlat roʼyxatidan oʼtkazildi. Taʼlim sohasidagi yangiliklar va oʼqitishning zamonaviy jihatlarini ilmiy va amaliy tomondan yorituvchi gazetamiz chop etililib borilmoqda. Аlbatta, bu qilinayotgan ishlar, ajratilayotgan sarmoyalar faqat va faqat inson kapitaliga, ayniqsa, yoshlarga mashaqqatli bilim olish borasida yanada koʼprok imkoniyat va yengillik yaratish maqsadida amalga oshirilmoqda. Bu esa yoshlarimiz dunyo hamjamiyatida oʼz oʼrnini topishi hamda xalqaro doirada raqobatbardosh, yurtimiz dovrugʼini yuksaklarga koʼtaradigan kadrlar boʼlib yetishishiga xizmat qilishiga aminmiz.

Mamlakatimiz taraqiyotida yangi, o’ziga xos davrni boshlab bergan milliy yuksalish davri yutuqlari har bir sohada o’z nishonalarini ko’rsatmoqda, shu o’rinda, oliy ta’lim sohasidagi ijobiy o’zgarishlar biz soha vakillarini yanada yuksak marralarni zabt etishga ruhlantirib, talabalarimizni jahon talablariga mos yetuk mutaxasislar qilib tarbiyalash institutimiz oldida turgan muhim vazifalardan biridir. Ushbu vazifa jamoamizning bir yoqadan bosh chiqarib, dadil olgʻa qadam tashlashga undaydi. Ana shu ezgu niyatlarni amalga oshirishda siz talabalarga omad tilayman. 

Ilxomjon TUXTASINOV
Samarqand davlat chet tillar instituti rektori

chop etish