Bosh sahifa Yangiliklar Uchrashuvlar

Ta’lim tizimidagi ba’zi taklif va mulohazalar muhokama qilindi


Bugun Samarqand davlat chet tillar institutida O‘zbekiston “Adolat” sotsial demokratik partiyasi Samarqand viloyat Kengashi tomonidan “Uchinchi renessans bosqichi: ta’lim  – mamlakat kelajagining poydevori ” mavzusida onlayn konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Unda partiya siyosiy kengashi a’zolari, viloyat, tuman va shahar kengashi deputatlari va Oliy ta’lim muassasalari rektorlari, ixtisoslashtirilgan maktablar rahbarlari hamda partiyaning tuman, shahar kengashi raislari ishtirok etishdi.

Onlayn konferensiyani “Adolat” SDPning Samarqand viloyat Kengashi raisi Muxiba Bababekova kirish so‘zi bilan ochib berdi.

Shundan so‘ng Samarqand davlat chet tillar instituti rektori Ilxomjon Tuxtasinov so‘zga chiqib, Oliy ta’lim muassasalarini bosqichma-bosqich o‘zini o‘zi moliyalashtirish tizimiga o‘tkazishdagi olib borilayotgan ishlar, afzalliklar va mavjud muammolar to‘g‘risida gapirib o‘tdi.

Ma’ruzachi o‘z nutqida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 3-dekabrdagi “Oliy ta’lim muassasalarini bosqichma-bosqich o‘zini o‘zi moliyalashtirish tizimiga o‘tkazish to‘g‘risida”gi 967-sonli Qaroriga asosan 2020-yildan boshlab ayrim OTMlar bosqichma-bosqich o‘zini o‘zi moliyalashtirish tizimiga o‘tishi belgilanganligi, unga muvofiq 2020-yil 1-yanvardan boshlab, 10 ta oliy ta’lim muassasasi tajriba-sinov tariqasida o‘zini o‘zi moliyalashtirish tizimiga o‘tkazilganligi xususida to‘xtaldi.

Bundan tashqari, o‘zini o‘zi moliyalashtirish tizimiga o‘tgan OTMlarning ilmiy pedagogik salohiyati yuqoriligi, moliyaviy faoliyatining barqarorligi, moddiy-texnik bazasi yetarli darajadaligi, ta’lim xizmatlari bozorida mazkur mutaxassisliklarga talab yuqoriligi alohida ta’kidlandi.

Samarqand davlat chet tillar instituti rektori anjumandagi chiqishida quyidagi muammolar hamda ularning yechimi xususida ham fikr-mulohazalarini bayon etdi:

“Tan olish kerak, oliy ta’lim tizimida hal etilishi lozim bo‘lgan muammolar mavjud. Muammolarga yechim bo‘ladigan takliflarimni bildirmoqchiman. Jumladan, mintaqa talabidan kelib chiqib, institut bazasida maktabgacha, umumiy o‘rta, professional va oliy ta’lim tizimida faoliyat ko‘rsatayotgan xorijiy tillar mutaxassislari, pedagog xodimlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markazini tashkil etish lozim. Bu orqali xorijiy tillar bo‘yicha sohada uzviylik va uzluksizlik hamda pedagogik ta’lim platformasi yaratiladi, buyurtmachilar talabi asosida ilmiy-pedagogik kadrlarni maqsadli tayyorlashga erishiladi. Markazda xorijiy yetakchi OTM professor-o‘qituvchilar ishtirokida seminar, trenning, vebinar, ochiq mahorat darslari tashkil etilishi mumkin.

Respublikamiz oliy ta’lim muassasalarining xalqaro reytingdagi mavqeyi va jozibadorligini yanada oshirish maqsadida xorijiy fuqarolar uchun (tillar kesimida) bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari, magistratura mutaxassisliklari, doktoranturaga maqsadli grantlar ajratish kerak. Bunda xorijiy talabalarning harajatlari to‘liq (bepul ta’lim, yotoqxona, oylik stipendiyalar, aviachiptalar) yoki qisman (bepul ta’lim va yotoqxona) qoplab beriladi. Xorijiy hamkor universitetlar uchun ham ta’lim grantlarini joriy qilish lozim. Bunda xalqaro tajribani o‘rgangan holda xorijiy davlat grantlarining muqobili sifatida o‘zimizning milliy maqsadli va nodavlat tashkilotlarining fondlari, jamg‘armalari ta’lim grantlarini O‘zbekiston Respublikasining xorijdagi elchixonalari orqali ta’sis etish ham ijobiy natija beradi.

Respublikamiz OTMlarining hozirgi xalqaro reytingining pastligi hamda barcha bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari, magistratura mutaxassisliklari va doktoranturada ingliz yoki rus tillarida o‘qish imkoniyatining mavjud emasligi yurtimizga xorijliklarni yetarlicha jalb etishga to‘sqinlik qilmoqda. Shu bois xalqaro grant tashkilotlari tajribasidan kelib chiqib, ta’lim grantlarining maqsadiga ko‘ra guruhlari (target group)ni ko‘paytirish lozim.

Masalan, qisqa muddatli o‘quv kurslari uchun (1 haftadan 4 haftagacha), talabalarning amaliyot o‘tashlari uchun (1 oydan 3 oygacha), stajirovka uchun (3 oydan 6 oygacha), milliy ta’lim yo‘nalishlari uchun (bakalavriat, magistratura, doktorantura. 1 yildan 4 yilgacha), mustaqil ilmiy tadqiqot faoliyati uchun (1 oydan 6 oygacha) xorijiy grantlarni ajratish ham ijobiy samaradorlikni ta’minlaydi.

Asosan, o‘qituvchilik faoliyati uchun grant ajratishga e’tibor qaratish orqali ingliz va rus tillarida o‘qitish imkoniyatini kengaytirish lozim. Bu xorijiy talabalarni jalb etishning asosiy sharti hisoblanadi. Afsuski, bugun bizda milliy dasturlarimiz, asosan o‘zbek tilida tayyorlangan. Rivojlangan davlatlarning barchasida davlat tili bilan birga ingliz tilida ham ta’lim olish imkoniyatlari mavjud.

Samarqand davlar chet tillar instituti

Samarqand davlar chet tillar instituti

Samarqand davlar chet tillar instituti

Samarqand davlar chet tillar instituti

Samarqand davlar chet tillar instituti

Samarqand davlar chet tillar instituti

SamDCHTI Axborot xizmati

chop etish