Bosh sahifa Yangiliklar Nutqlar

Bayrog'imizda cheksiz mehr-muhabbat hamda kelajakka ishonch mujassamdir


Samarqand davlar chet tillar instituti

Davlat ramzlari har bir xalqning mustaqilligi, ozodligi, tinchligi va barqarorligi timsoli hisoblanadi. Buyuk ajdodlarimiz ham yurt bayrog‘ini muqaddas bilib, uni ardoqlab, ko‘z qorachig‘idek asraganlar. Davlatchiligimiz tarixining qaysi davrini olib qaramaylik, bayroq ajdodlarimiz uchun ozodlik, kuch-qudrat, jasorat, g‘alaba timsoli bo‘lgan. 

Vatanimiz mustaqillikka erishgach, 1991-yilning 18-noyabrida "O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i to‘g‘risida"gi qonun qabul qilindi. Mazkur hujjatda ta’kidlanganidek, milliy bayrog‘imiz davlat suvereniteti ramzlaridan biridir.  Bayrog’imiz 29 yildan beri mamlakatimiz hukumat binosi, mahalliy boshqaruv idoralari, O‘zbekiston a’zo bo‘lgan xalqaro tashkilotlar, yurtimizning o‘nlab xorijiy davlatlaridagi diplomatiya va savdo vakolatxonalari, konsullik muassasalarida, jumladan, oliy ta’lim muassasalarida hilpirab turibdi. 

Yer yuzida ikki yuzdan ortiq davlat va, albatta, har bir davlatning o‘z ramzlari, bayrog‘i bor. Har bir bayroq ayricha rang va timsollarga ega. Ular bilan yonma-yon balqib turgan bayrog‘imiz hech kimdan kam emasligimiz va kam bo‘lmasligimizni ko‘rsatib turadi. Prezidentimizning xorijiy mamlakatlarga rasmiy tashriflari davomida bayrog‘imiz o‘sha yurt ko‘chalarini bezaydi. Turli bayram tantanalarida, yurtimiz delegatsiyalari qatnashayotgan xalqaro miqiyosdagi tadbirlarda, nufuzli sport musobaqalarida Vatanimizning sha’ni, xalqimizning g‘urur va iftixorini yorqin aks ettiradi. Yurtimizdagi bayram shodiyonalari, tantanalari chog‘ida ko‘chalarimizga ko‘rk bag‘ishlab turgan bayrog‘imiz har birimizda shukronalik hislarini uyg‘otadi.  

Mamlakatimizda yosh avlod ta’lim-tarbiyasiga qaratilayotgan ulkan e’tibor samarasi o‘laroq, xalqaro miqiyosda Vatanimiz sharafini munosib himoya qilishga qodir yoshlar safi tobora kengayib bormoqda. Ayniqsa, turli sport musobaqalarida g‘oliblikka erishgan yigit-qizlarimiz sharafiga yurt bayrog‘i baland ko‘tarilmoqda. Ana shunday lahzalarda qalblarimizda Vatan tuyg‘usi yanada kuchliroq jo‘sh uradi, xalqimizning salohiyati, kelajagimizga ishonch yanada mustahkamlanadi. 

Davlatimiz bayrog‘idagi har bir rang, har bir belgi chuqur ramziy ma’noga ega.  Undagi moviy rang - tiriklik manbai bo‘lgan obihayotni, musaffo osmonimizni, kuch-qudratimizni, yurtimizda hukm surayotgan tinchlik va barqarorlikni aks ettiradi. Oq rang – muqaddas tinchlik ramzi bo‘lib, u kun charog‘onligi va koinot yoritqichlari bilan uyg‘unlashib ketadi. Oq rang - poklik, beg’uborlik, soflikni, orzu va hayollar tozaligi, ichki go‘zallikka intilishning timsoli. Yashil – yasharish va yangilanish, navqironlik va shodumonlik ramzi, shuning barobarida ona tabiatimiz timsolidir. Qizil chiziqlar-tomirimizda jo‘shib oqayotgan ajdodlar qoni – hayotiy qudrat va davomiylik nishonasidir. Shuningdek, bunda Istiqlol, ozodlik uchun qon to‘kkan erksevar ota-bobolarimizning orzu-armonlari mujassam.  Bayrog‘imizdagi yarim oy va yulduzlar   - tarixiy qadriyatlarimiz, umrboqiy an’analarimiz, ma’naviy kuch-qudratimiz bilan bog‘liq. Hilol qo‘lga kiritilgan mustaqillik, ozodlikni ifodalaydi. 

Davlatimiz bayrog‘i – o‘tmish, bugun va kelajagimizning yorqin timsoli. Qonunda belgilanganidek, O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari, shuningdek, O‘zbekistonda yashaydigan boshqa shaxslar bayrog‘imizni hurmat qilishlari lozimdir. Zero, unda ruhiyatimiz, g‘urur va iftixorimiz, Vatanimiz va xalqimizga bo‘lgan cheksiz mehr-muhabbatimiz, kelajakka ishonchimiz mujassamdir.

Hurmatli yurtdoshlar, qadrli ustozlar, muhtaram opa-singillar, yurtimiz kelajagi bo‘lmish aziz yoshlar, mazkur qutlug‘ kun, davlatimiz bayrog‘i kuni munosabati bilan barchangizni tantanali ravishda tabriklayman. Mamlakatimiz bayrog‘i doimo mana shunday baland va mag‘rur holatda hilpirab tursin.


Samarqand davlat chet tillar instituti rektori

Ilxomjon Tuxtasinov

chop etish