Joriy yilning 30-dekabr kunida Samarqand davlat chet tillar institutida kengaytirilgan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi va unda rahbariyat vakillari, fakultet dekanlari, bo‘lim boshliqlari hamda kafedra mudirlari ishtirok etishdi.
Xabaringiz bor, kuni kecha 29-dekabr kuni davlatimiz rahbari o‘z Murojaatnomasini xalqqa o‘qib eshittirdi. Bugungi yig‘ilish davomida institut rektori Ilxomjon Madaminovich Prezident Murojaatnomasining mazmun-mohiyatini barcha professor-o‘qituvchilarga yetkazdi hamda kelgusi yilda ta’lim sohasida amalga oshiriladigan istiqbolli rejalar to‘g‘risida so‘z yuritdi. Shuningdek, joriy yilda amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilindi.
— “Endilikda biz davlat rahbarining Murojaatnomasidan kelib chiqib, oldimizga yuksak marralarni va muhim vazifalarni qo‘yib, ularni amalga oshirishimiz, shuningdek, kirib kelayotgan 2021-yilda bugungacha erishgan yutuqlarimizga qaramasdan yuqoriga qarab harakat qilishdan to‘xtamasligimiz lozim”, – deydi institut rektori Ilxomjon Madaminovich Tuxtasinov o‘z nutqida.
Shu jumladan, kelgusi yilda oliy taʼlim tizimida joriy etiladigan yangiliklar haqida ham maʼlumot berib o'tdi.
— keyingi yildan boshlab oliy taʼlimga ajratiladigan davlat grantlari soni kamida 25 foizga oshiriladi;
— oliy o‘quv yurtlariga qabul qilishda ehtiyojmand oilalar qizlari uchun grantlar sonini 2 barobarga ko‘paytirib, 2 mingtaga yetkaziladi;
— aʼlo baholarga o‘qiyotgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj qizlar uchun maxsus stipendiyalar joriy etiladi;
— 65 ta akademik litsey oliy o‘quv yurtlari tasarrufiga o‘tkaziladi;
— 187 ta texnikum ham o‘z yo‘nalishi bo‘yicha turdosh oliygoh va tarmoq korxonalariga biriktiriladi;
— “El-yurt umidi” jamgʼarmasi orqali yetakchi xorijiy oliy o‘quv yurtlarining magistratura va doktoranturasida o‘qishga yuboriladigan yoshlar soni 5 barobarga oshiriladi;
— 30 ta yetakchi OTMga o‘quv dasturlarini ishlab chiqish, qabul kvotasi va moliyaviy masalalarni mustaqil hal qilish huquqi beriladi;
— raqobatbardosh milliy kadrlarning yangi avlodini tayyorlash maqsadida Toshkent shahrida alohida universitet tashkil etiladi;
— xususiy oliygohlarga ham kerakli mutaxassislarni tayyorlash bo‘yicha davlat buyurtmasi berish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
_________
SamDCHTI Axborot xizmati