Bosh sahifa Yangiliklar Nutqlar

Institut rektori barchani Yangi yil bayrami bilan tabriklaydi


Samarqand davlat chet tillar instituti

Аssalomu alaykum, qadrdon yurtdoshlar, hurmatli ustozlar hamda aziz talabalar! Barchangizni yaqinlashib kelayotgan yangi 2021-yil bilan chin dildan tabriklayman. Sizlarga baxt-saodat, sog’lik-salomatlik, oilaviy xotirjamlik tilayman. Joriy yilda erisha olmagan barcha niyatlaringizga kelayotgan yangi yilda erishishingizga tilakdoshman.

2020-yilda institutimizda ham juda koʼplab samarali ishlar amalga oshirildi. Yangidan yangi taʼlim yoʼnalishlari ochildi, jumladan, bakalavr taʼlim bosqichida "Jurnalistika: xalqaro jurnalistika", magistratura mutaxassisligida "Kompyuter lingvistikasi" kabi yoʼnalishlar. Qabul kvotasi oʼtgan yilgiga qaraganda deyarli 25 foizga oshirildi. Institutning ilmiy salohiyati ham 21 foizdan 23 foizga oshdi, 20 dan ortiq professor-oʼqituvchilarimiz ilmiy daraja hamda unvonlarga ega boʼlishdi.

Xalqaro hamkorlik doirasida ham bir qancha yutuqlarga, jumladan, Malayziyaning Sity University of Malaysia universiteti hamkorligida "Gid hamrohligi va tarjimonlik faoliyati" hamda "Filologiya va tillarni oʼqitish: ingliz tili" taʼlim yoʼnalishlari boʼyicha qoʼshma taʼlim dasturlari yoʼlga qoʼyildi.

Joriy yilda Samarqand davlat chet tillar instituti huzuridagi Narpay xizmat koʼrsatish texnikumi tashkil etildi. Texnikumga kirish imtihonlari ham muvaffaqiyatli tashkil etilib, joriy oʼquv yili uchun talabalar qabul qilindi. Аvval aytilganidek, texnikumni tamomlagan bitiruvchilar oʼz sohasiga mos bakalavriat taʼlim yoʼnalishlari boʼyicha kirish imtihonlarisiz yakka tartibdagi suhbat orqali oliy taʼlim muassasalarida 2-bosqichdan oʼqishini davom ettirish huquqiga ega boʼladi.

Jumladan, Samarqand davlat chet tillar instituti akademik litseyida ham taʼlim olish muddati 2 yil. Shu yil litseyga talabalarni qabul qilish 51 foizdan oshdi. Litseyimizda xitoylik, yaponiyalik va boshqa xorijlik mutaxassislarning ham faoliyat olib borishi yoʼlga qoʼyildi.

Institutimizda Rossiya, Tojikiston, Turkmaniston, Qozog’iston kabi xorijiy davlatlardan kelgan 10 dan ortiq talabalar ham tahsil olishmoqda. Bugungi kunga kelib, shu yil hisobidan Samarqand davlat chet tillar institutining 3 nafar talabasi Yevropaning nufuzli oliy taʼlim muassasalarida stajirovka oʼtab kelishdi.

Shuni alohida taʼkidlab oʼtish ahamiyatliki, institutimiz talabalari xalqaro va respublika fan olimpiadalari hamda tanlovlarda yetakchilikni shu kunga qadar hech kimga berib qoʼyishgani yoʼq. Men oʼylaymanki, bundan keyin ham talabalarimiz oʼz ustilarida ishlashni toʼxtatmasdan, doimo g’oliblikni qoʼlga kiritadilar.

Shu oʼrinda yana bir jihatga eʼtibor qaratmoqchiman, joriy yilda institutdagi iqtidorli, yetim, chin yetim, nogironligi boʼlgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj hamda "Temir daftar" roʼyxatidagi oilalar farzandlari boʼlgan talabalar roʼyxati shakllantirildi va 8 nafar chin yetim va nogironligi boʼlgan talabalarning har biri 34 foiz, 13 nafar "Temir daftar"ga kiritilgan talabalarning har biri 27 foiz, 43 nafar yetim va ijtimoiy himoyaga muhtoj boʼlgan talabalarning har biri 22 foiz, 3 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj va jamoat ishlarida faol boʼlgan talabalarning har biri 54 foiz jami 67 nafar talabalarning kontrakt toʼlovlari toʼlab berildi va moddiy jihatdan qoʼllab-quvvatlandi. Аytmoqchimanki, biz talabalarimizni doimo har tomonlama qoʼllab-quvvatlashga tayyormiz.

Institutda oʼqitilayotgan barcha chet tili yoʼnalishlarini zamonaviy darslik, oʼquv qoʼllanma va adabiyotlar bilan bundan ham boyitish kelgusidagi rejalarimiz qatorida. 2021-yilda fakultet hamda kafedralar sonini koʼpaytirish asosiy maqsadlarimizdan biridir.

Hurmatli jamoa, biz birgalikda yangi yilda yuksak choʼqqilarni zabt etishda davom etamiz.

Yana bir bor Yangi yil bayramingiz bilan barchangizni tabriklayman. Xonadoningizga omad va baxt tilayman. Oilaviy quvonch va totuvlik hech qachon sizni tark etmasin. Doimo Аllohning nazarida boʼling. Dasturxoningizdan fayz-u baraka arimasin.

Hurmat bilan,

Ilhomjon To‘xtasinov,

Samarqand davlat chet tillar instituti rektori

chop etish