Bosh sahifa Yangiliklar Nutqlar

Ilxomjon Tuxtasinov: “Xalqimiz ona timsolini doimo ulug‘lab, ardoqlab, e’zozlab yashagan va yashaydi”


Assalomu alaykum, aziz opa-singillar, muhtarama ayollar, hurmatli ustozlar! O’lkamizda ona tabiat chiroy ochib, atrof-muhit yashil libosga burkanib, bahor nashidasi borgan sari kuchayib borayotgan ayni shu maftunkor ayyomda siz, muhtarama ayollarni, sizlarning timsolingizda butun institut xotin-qizlarini 8-mart bayrami bilan chin dildan va samimiy tabriklashni o‘zim uchun katta baxt deb hisoblayman.

Shu qutlug‘ ayyom  8-mart bayrami bilan sizlarni, sizlarning timsolingizda butun institutimiz ayollarini, muhtarama onaxonlarimiz, qadrli opa-singillarimiz, go‘zal talaba qizlarimizni chin qalbimdan muborakbod etib, barchangizga o‘zimning chuqur hurmat-ehtiromim va ezgu tilaklarimni izhor etishga ijozat bergaysiz.

Barchamiz uchun aziz va mo‘tabar bo‘lgan ayol zoti haqida so‘z borar ekan, avvalambor, bizni dunyoga keltirgan, oq sut berib, tunlarni bedor o’tkazib voyaga yetkazgan Ona siymosi oldida bosh egib ta’zim qilamiz.

Dunyoda eng muqaddas degan so‘zga munosib zot bu, avvalo, Ona ekanligi barchamizga ayondir. Xalqimiz ona timsolini doimo ulug‘lab, ardoqlab, e’zozlab yashagan va yashaydi. Yurtimizda onalar sharafiga muhtasham bunyodkorlik ishlari olib borilayotganligi ham shundan dalolat beradi.

Jumladan, respublikamizning poytaxti Toshkent shahrida bunyod etilgan mustaqillik maydonidagi “Mustaqillik va ezgulik” monumentida quyoshdek porlab turgan “Baxtiyor ona” haykali yuqorida tilga olingan hayotiy fikrlarning amaldagi isbotidir.

Biz Vatanimizni, uning betakror va go‘zal qiyofasini Ona timsolida ko‘ramiz. “Ona Vatan” degan ibora bejiz aytilmagan, bunda chuqur ma’no bor. Shuni ta’kidlab o’tish joizki, insonni inson qiladigan mana shunday yuksak tuyg‘u va tushunchalarni yoshlarimiz qalbiga yoshligidan singdirsak, biz pedagoglar ham onalarni, ayollarni madh etuvchi yangidan-yangi asarlar yaratsak, maqsadga muvofiq bo’lardi.

Ayolni hurmat qilish, ayolga e’zoz va ehtirom ko‘rsatish biz o’zbek xalqiga xos oliyjanob insoniy qadriyatlardan biri hisoblanadi. Biz, qayerda va kim hamda barchamiz qanday kasb egasi bo’lmaylik, qanday lavozimda faoliyat olib bormaylik, siz, ayollar uchun doimo qalbimiz, yuragimiz qo’ri sizniki, siz tomondan ko’rsatilgan barcha xizmatlar uchun siz, beg’ubor va mehribon ayollardan umrbod qarzdormiz.

So’nggi so’z o’rnida shuni aytmoqchimanki, siz latofatli ayollar, mo’tabar va muhtarama onalar, go’zal qizlarimiz haqida qancha gapirsak, shuncha oz. Sizlarga uzoq umr, sihat-salomatlik, oilaviy tinchlik, bahoriy iliqlik va go’zallik, a’lo kayfiyat sizni hech qachon tark etmasin. Shuningdek, shaxsiy va kasbiy faoliyatingizga ulkan zafarlar yor bo’lsin. Yana bir bor ushbu bayram bilan sizlarni samimiy tabriklayman.

 

Samarqand davlat chet tillar instituti

Ilxomjon Tuxtasinov,

Samarqand davlat chet tillar instituti rektori.

chop etish