Bosh sahifa Yangiliklar Nutqlar

Sharqona yangi yilimiz har birimizning oilamizga qut-baraka olib kelsin


Samarqand davlar chet tillar instituti

Avvalo, barchangizni uyg‘onish va yasharish, poklanish va yangilanish ayyomi – Navro‘zi olam munosabati bilan chin qalbimdan qutlayman va muborakbod etaman. Ona yurtimizga fasllar kelinchagi bahor tashrif buyurdi. Butun tabiat go‘zallikka burkanmoqda. Atrof-muhitning betakror tarovatidan ko‘zingiz quvnaydi. Nafosat fasli odamlar qalbida ham sof va huzurbaxsh tuyg‘ularni uyg‘otib, yashash va yaratishga ruhlantirmoqda.

Muhtaram Yurtboshimizning dono siyosati tufayli xalqimiz tinch, osoyishta, farovon hayot kechirmoqda, orzu niyatlariga yetishish uchun yurt istiqboli yo‘lida fidokorona mehnat qilmoqda. Farzand va nevaralarini tarbiyalab kamolini ko‘rmoqda. Inson uchun bundan ortiq baxt bo‘lmasa kerak! 

Maftunkor bahor fasli ajoyib bayramlari bilan ham ajralib turadi. Ayniqsa, sharqona yangi yilning boshlanishi, eng qadimiy udumimiz – Navro‘zi olam o‘ziga xos beqiyos jihatlariga ega. Navro‘z tinchlik, totuvlik, bag‘rikenglik, qut-baraka timsoli, mehr-muhabbat ayyomidir. Asl milliy bayramimizda xalqimizning qadimiy urf odatlari, an’analari, umrboqiy qadriyatlari o‘z ifodasini topgan.

Aziz yurtdoshlar! Sizlarni yana bir bor Navro‘z ayyomi bilan chin qalbdan qutlayman. Barchalaringizga sihat-salomatlik, xotirjamlik, baxt-saodat, xonadonlaringizga fayz-u baraka, farovonlik tilayman. Bahor bayramingiz muborak bo‘lsin, qadrli do‘stlar!

Ilxomjon Tuxtasinov,
Samarqand davlat chet tillar instituti rektori.

chop etish