Bosh sahifa Yangiliklar Nutqlar

Aziz yurtdoshlar, barchangizni Yangi yil bayrami bilan chin dildan tabriklayman


Samarqand davlar chet tillar instituti

Аssalomu alaykum, qadrdon yurtdoshlar, hurmatli ustozlar hamda aziz talabalar! Barchangizni yaqinlashib kelayotgan yangi 2022-yil bilan chin dildan tabriklayman. Sizlarga baxt-saodat, sog’lik-salomatlik, oilaviy xotirjamlik tilayman. Joriy yilda erisha olmagan barcha niyatlaringizga kelayotgan yangi yilda erishishingizga tilakdoshman.

O‘tayotgan 2021-yilda institutimizda ham juda ko‘plab samarali ishlar amalga oshirildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasida xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan Samarqand davlat chet tillar institutida qabul kvotalari 2 barobarga, davlat granti esa 3 barobarga oshirildi. 2021/2022 o‘quv yilida bakalavriat ta’lim yo‘nalishining kunduzgi shakliga 2350 nafar, kechki ta’lim shakli uchun 575 nafar, shuningdek, magistratura mutaxassisligi uchun esa 287 nafar qabul kvotalari ajratildi.

Shu jumladan, chekka hududlardagi yoshlarni ham oliy ta’lim bilan qamrab olish maqsadida 2021/2022 o‘quv yilidan boshlab Payariq va Narpay tumanlarida kadrlar tayyorlashga ixtisoslashgan “Xorijiy tillar” fakultetlari faoliyati yo‘lga qo‘yildi va ularning har biriga qabul kvotalari 75 nafardan etib belgilandi.

Mazkur o‘quv yilida yangi ta’lim yo‘nalishlari ham ochildi, jumladan, bakalavriatning kechki ta’lim shaklida ingliz tili, nemis tili, fransuz tili kabi yo‘nalishlar ochilgan bo‘lsa, magistratura mutaxassisliklari uchun “Adabiyotshunoslik: ingliz tili”, “Lingvistika: yapon tili”, “Lingvistika: arab tili” hamda “Badiiy tarjima” kabi mutaxassisliklar joriy etildi. Rossiyaning Belgorod milliy tadqiqot universiteti bilan hamkorlikda “Filologiya va tillarni o‘qitish: rus tili” 2+2 qo‘shma ta’lim yo‘nalishining ham ochilganligi shular jumlasidandir. 

Shuni alohida ta’kidlab o‘tishim joizki, institutimiz talabalari xalqaro va respublika fan olimpiadalari hamda tanlovlarda yetakchilikni shu kunga qadar hech kimga berib qo‘yishgani yo‘q. Men o‘ylaymanki, bundan keyin ham talabalarimiz o‘z ustilarida ishlashni to‘xtatmasdan doimo g‘oliblikni qo‘lga kiritadilar. Joriy yilda 7 nafar talabalarimiz xorijda stajirovka o‘tadi, 6 nafar professor-o‘qituvchilarimiz xorijda malaka oshirishdi. Xorijda onlayn malaka oshirgan professor-o‘qituvchilarimiz 30 nafarni tashkil etadi. Hozirda 80 ga yaqin xorijning nufuzli oliy ta’lim muassasalari bilan xalqaro hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yganmiz. Institutining 30 nafar talabalari Rossiya Federatsiyasida, 11 nafar talabalarimiz Koreya Respublikasida tahsil olishmoqda.

Xalqaro aloqalarni mustahkamlash maqsadida Ispaniyaning Kastiliya la Mancha universiteti bilan hamkorlikda “Ispan tili va madaniyati” markazi tashkil etildi. Bundan tashqari, institut qoshida Fransiyaning “Aliance Française” markazi Samarqand filiali ish boshladi.

Biz institutimiz talabalarini doimo qo‘llab-quvvatlashda davom etib kelmoqdamiz, jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 17-sentabrda “Ota-onasi yoki ularning biridan ayrilgan muhtoj qizlar va boquvchisi yo‘q yolg‘iz ayollarning oliy ta’lim olishini moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 585-son qaroriga asosan oliy ta’lim muassasamizda tahsil olayotgan ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan talaba-qizlar ro‘yxati shakllantirilib, ularning yashash joylaridagi hokimliklarga yuborildi. Shundan Samarqand viloyat hokimligi tomonidan 11 nafar qizlarga jami 78 443 560 so‘m, Samarqand davlat chet tillar instituti tomonidan esa 39 nafar talaba-qizlarning 273 204 453 so‘m miqdoridagi to‘lov-kontrakt mablag‘lari to‘lab berildi.

Bundan tashqari, institutda  a’lo baholarga o‘qiyotgan 119 nafar talabalarga 184 883 160 so‘m miqdorida moddiy rag‘bat,  iqtidorli, faol va ijtimoiy himoyaga muhtoj 125 nafar talabalar  129 470 000 so‘m miqdorida moddiy yordam, to‘liq davlat ta’minotida bo‘lgan yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar sirasiga kiruvchi 5 nafar talabalar 7 768 200 so‘m miqdorida moddiy yordam, 3-dekabr xalqaro nogironlar kuni munosabati bilan I va II guruh nogironligi bo‘lgan 99 nafar talabalarga 154 816 120 miqdorida moddiy yordam berildi. Jami 348 nafar talabaga 476 937 480 so‘m miqdorida mablag‘ sarflandi.

Qurilish va ta’mirlash ishlariga ham e’tibor qaratadigan bo‘lsak, 2021-yilda 3 qavatli axborot resurs markazi binosi qurilishi boshlandi va 2022-yil aprel oyida foydalanishga topshirish rejalashtirilgan. Davlat xususiy sherikchilik asosida 600 o‘ringa moslashgan talabalar turar joyi binosi qurilmoqda va bu bino ham 2022-yil aprel oyida foydalanishga topshiriladi. 1000 o‘ringa moslashgan 4 qavatli o‘quv binosi mukammal qayta ta’mirdan chiqarildi. Ushbu o‘quv binosini 2022-yilning yanvar oyida faydalanishga topshirishni reja qilib turibmiz. Shuningdek, 200 o‘ringa moslashgan 2-son talabalar turar joyi qayta ta’mirdan chiqarilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 3-dekabrdagi “Iqtidorli yoshlarni saralab olish tizimi va akademik litseylar faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 4910-son qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Samarqand davlat chet tillar instituti akademik litseyining moddiy texnik bazasini boyitish, litseyda ta’lim sifatini mustahkamlash va metodik jihatdan qo‘llab-quvvatlash uchun 1 mlrd so‘m miqdorida institut tomonidan pul mablag‘i ajratildi.

Undan tashqari 2021-yilda o‘quv binolarini ta’mirlash uchun 200 mln, issiqlik ta’minotini modernizatsiya qilish uchun 100 mln, oshxona va sport zal ta’miri uchun 100 mln so‘m  mablag‘ ajratildi. ARM fondi 63 nomdagi 450 ta o‘quv va badiiy adabiyotlar bilan boyitildi. Shuningdek, institut professor-o‘qituvchilari tomonidan akademik litsey o‘quvchilari uchun xorijiy tillarni o‘qitishga mo‘ljallangan o‘quv va o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar nashr etib kelinadi.

Mazkur o‘quv yilida litsey o‘quvchilari ichida tanlov e’lon qilinib, eng iqtidorli a’lochi o‘quvchilardan 35 nafariga, ulardan 25 nafari “Rektor stipendiyasi”ga, 10 nafarin esa “Akademik litseyimiz iftixori” stipendiyasiga tavsiya etildi. “Akademik litseyimiz iftixori” stipendiyasiga sazovor bo‘lgan o‘quvchilar 540 mingdan bir marotaba, “Rektor stipendiyasi”ni esa 155 mingdan 6 oy moboynida ega bo‘lishadi.

Litseyda pedagog xodimlarning mehnatini munosib rag‘batlantirish maqsadida o‘quvchilari viloyat va respublika olimpiadalarida sovrinli o‘rinlarni egallagan va oliy ta’lim muassasalariga kirish borasida 70 % dan yuqori ko‘rsatkichga ega bo‘lgan pedagog xodimlarning 10 nafariga institutning byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan 30 % gacha ustama belgilandi. Jumladan, o‘quv xonalarini kompyuter jihozlari bilan ta’minlash uchun 98 mln miqdorida pul mablag‘lari ajratildi.

Yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish va ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish hamda 5 ta muhim tashabbus doirasida institut hududida Book cafe, Book shop va Linguo Parklar, o‘quv binolarida 14 ta kompyuter sinfi, 5 ta lingafon sinfi, 2 ta “Smart Class”, 1 ta “Sinxron tarjima” xonalari, kutubxona va o‘quv zallari, talabalar turar joyida sport-sog‘lomlashtirish markazlari, musiqa, san’at va madaniyat xonasi, tikuvchilik to‘garagi tashkil etilgan. Shuningdek, institutda tahsil olayotgan ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan talabalarni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash maqsadida doimiy ravishda yordamlar ko‘rsatilib kelinmoqda.

Maktab bitiruvchilarini oliy ta’lim bilan qamrab olish darajasini yanada oshirish maqsadida institutda bugungi kunda 4 ta til o‘qitish o‘quv markazlari: bular Mintaqa til o‘qitish markazi, Konfutsiy Instituti markazi, “Smart English”  o‘quv markazi, “IELTS Centre” o‘quv markazlari faoliyat ko‘rsatmoqda. Markazlarda yiliga 2000 dan ortiq abiturient chet tillarga o‘qitilib kelinmoqda.

Institutimizga Samarqand viloyati bo‘yicha 60 ta maktab biriktirilgan: Shundan Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tashabbusi bilan 8 ta maktab, Samarqand viloyati hokimiyati tavsiyasi bilan Pastdarg‘om tumanidan 42 ta va Nurobod tumanidan 10 ta maktablar biriktirilgan bo‘lib, umumiy maktab bitiruvchilar soni 1527 nafar. Ushbu maktablarda 60 nafar tajribali professor-o‘qituvchilarimizdan iborat ekspertlar ishchi guruhlari tuzildi. SHu kungacha barcha maktablarning moddiy-texnika bazasini rivojlantirish maqsadida 65 million so‘mdan ortiq mablag‘ga o‘quv adabiyotlari, 20 million so‘mdan ortiq mablag‘ evaziga o‘quv jihozlari bilan ta’minlash borasida homiylik qilindi.

Shuningdek, AQSH elchixonasi bilan hamkorlikda 2020/2022 yillarga mo‘ljallangan “English Access Microscholarship Program” loyihasi doirasida o‘quvchilarning ingliz tilini bilish darajasini yanada oshirish maqsadida Samarqand shahridagi 2, 8, 9, 30-umumta’lim maktablaridan 48 nafar  ijtimoiy himoyaga muhtoj o‘quvchilar uchun bepul ingliz tili  mashg‘ulotlari tashkil etilib kelinmoqda.

Oxirgi 5 yilda professor-o‘qituvchilar ilmiy maqollariga 763 marta iqtibos keltirilgan. Institutda 12 ta xalqaro miqiyosida ilmiy-amaliy anjuman, 18 ta respublika ilmiy-amaliy anjumanlari o‘tkazildi. SHuningdek, 15 nafar talabalar xalqaro olimpiadalarda faxrli 1, 2, 3 o‘rinlarni qo‘lga kiritishdi. Bundan tashqari talabalarning respublika fan olimpiadasining 2 bosqichida 17 nafar talabalar faxrli 1, 2, 3 o‘rinlarni qo‘lga kiritgan.

SHuningdek, institut talabalaridan 1 nafar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti stipendiyasi, 6 nafari Navoiy davlat stipendiyasi, 6 nafari esa Islom Karimov stipediyasi sohiblaridir. Institutda 2 ta jurnal mavjud “Xorijiy filologiya: til, adabiyot, ta’lim” va “So‘z san’ati” kabi OAK ro‘yxatidagi ilmiy jurnallar qatoriga kiritilgan.

Institut doimiy ravishda xalqaro grantlar va innovatsion loyihalari, jumladan, Erasmus+, JICA, KOICA, DAAD, GOTHE instituti, Fulbright, British Council, Italiya tashqi ishlar vazirligi granti, XXR hukumati grantlari, Konfutsiy instituti grantlari va turli xorijiy davlatlar elchixonalari loyihalarida faol qatnashib kelmoqda.

Davlat xizmatchilari tomonidan xorijiy tillarni o‘zlashtirish darajasini oshirish hamda davlat organlarini yuqori malakali va raqobatbardosh kadrlar bilan to‘ldirish maqsadida 2021-yil 1-iyuldan boshlab davlat organlarida ta’lim tashkilotlari o‘qituvchilarini shartnoma asosida jalb qilib, haftada kamida bir marotaba xodimlarni xorijiy tilga o‘qitish amaliyoti yo‘lga qo‘yilgan.

Muhtaram Prezidentimizning 2021-yil 19-maydagi “O‘zbekiston Respublikasida xorijiy  tillarni o‘rganishni ommalashtirish faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 5117-sonli qarori ijrosi yuzasidan kelgusida biz quyidagi vazifalarni amalga oshirishni rejalashtirganmiz. Bular:

  • chet tillarini o‘qitish uchun institutda mutaxassislar tayyorlash sifatini tubdan oshirish choralarini ko‘rish;
  • institutda bir yil mobaynida chet tili o‘qituvchilarining barchasi, kelgusi 3 yilda kasbiy fanlar o‘qituvchilarining 50 foizi xorijiy tillardan xalqaro sertifikat olishiga erishishini ta’minlash;
  • institut professor-o‘qituvchilarini xorijiy tillarga o‘qitish hamda ularning tegishli xorijiy tillar sertifikatlarini olish xarajatlarini institutning byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan qoplab berishni tashkil etish;
  • 2022-yildan boshlab magistratura va doktoranturaga kirish imtihonlariga chet tilini bilish xalqaro sertifikatiga ega bo‘lish talabini kiritish;
  • 2021/2022 o‘quv yildan boshlab:
  • C1 darajadigi xalqaro sertifikatni olish uchun imtihon topshirish bilan bog‘liq xarajatlarni institutning byudjetdan tashqari mablag‘lari hisbodan qoplanishini ta’minlash;
  • Bunda mazkur sertifikatni olish muqobil malaka oshirish shakli sifatida tan olish;
  • Institut akademik litseyi hamda Narpay xizmat ko‘rsatish texnikumida xorijiy til fanlaridan dars beradigan V2 va undan yuqori darajadagi milliy yoki unga mos darajadagi xalqaro sertifikatga ega o‘qituvchilariga qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan ustamalarni tadbiq etish;
  • 2022/2023 o‘quv yilidan boshlab, institutning xorijiy tillar bo‘yicha bitiruvchilariga davlat attestatsiya imtihonlarini topshirish bilan bir qatorda institut hisobidan miliy yoki unga tenglashtirilgan boshqa etakchi xalqaro baholash tizimlari orqali ularning bilimlari darajasini aniqlash amaliyotini yo‘lga qo‘yish;
  • 2022/2023 o‘quv yilidan boshlab institutning magistratura mutaxassisliklariga hamda oliy ta’limdan keyingi ta’lim ixtisosliklariga tanlovlarda milliy yoki unga mos darajadagi xalqaro sertifikatga ega shaxslar ishtirok etishi tartibini joriy etish;
  • Bunda filologiya yo‘nalishlari bo‘yicha kamida C1 darajadagi milliy yoki unga mos darajadagi xalqaro sertifikat, nofilologik yo‘nalishlari bo‘yicha esa V2 darajadagi milliy yoki unga mos darajadagi xalqaro sertifikat talab etlishini nazarda tutish;
  • Xorijiy tillar bo‘yicha lingvistik, sohaviy-terminologik, izohli va ensiklopedik lug‘atlar yaratish;
  • Iqtisodiyotning turli tarmoqlarida faoliyat yuritayotgan mutaxassislarga bir yoki bir necha xorijiy tillarni o‘rgatish bo‘yicha qisqa muddatli intensiv o‘quv kurslarini tashkil etish;
  • Xorijiy tillar bo‘yicha o‘tkir ehtiyoj sezilgan yo‘nalish va mutaxassisliklar bo‘yicha kadrlar tayyorlashni yangi bosqichga olib chiqish;
  • Institutda tegishli mutaxassislik fanlari bo‘yicha xorijiy tilda o‘qitish amaliyotini yo‘lga qo‘yish;
  • Institutga til egasi bo‘lgan malakali xorijiy mutaxassislarni jalb qilish ishlarini yo‘lga qo‘yish;
  • Xorijiy tillarni o‘qitish borasidagi ilmiy, ilmiy-amaliy izlanishlar ko‘lamini kengaytirish.

Hurmatli jamoa, biz birgalikda yangi yilda yuksak choʼqqilarni zabt etishda davom etamiz. Yana bir bor Yangi yil bayramingiz bilan barchangizni tabriklayman. Xonadoningizga omad va baxt tilayman. Oilaviy quvonch va totuvlik hech qachon sizni tark etmasin. Doimo Аllohning nazarida boʼling. Dasturxoningizdan fayz-u baraka arimasin.

 

Hurmat bilan

Ilhomjon To‘xtasinov,

Samarqand davlat chet tillar instituti rektori.

chop etish