Bosh sahifa Yangiliklar Nutqlar

Aziz va muxtaram ustozlar, qadrli va muhtaram yurtdoshlar!


Sizlarni, yurtimizdagi barcha mo‘min-musulmonlarni, butun xalqimizni mehr-oqibat, ezgulik  va saxovat ayyomi – muborak Qurbon hayiti bilan chin qalbimdan samimiy tabriklayman.

Bu qutlug‘ bayramda hammamiz avvalo shunday fayzli va barokatli kunlarga yetkazgani uchun Olloh taologa cheksiz shukronalar aytamiz.  

Shu ulug‘ ayyom kunlarida uzoq va yaqin musulmon mamlakatlarning xalqlarini, barcha do‘stlarimizni samimiy qutlab, ularga tinchlik, taraqqiyot va farovonlik tilashdan behad mamnunmiz.

Albatta, biz o‘z diniy qadriyatlarimizni ulug‘lab, e’zozlab yashar ekanmiz, hozirgi yuksak texnologiyalar asrida mustahkam iymon-e’tiqod bilan birga zamonaviy ilm-fan, kasb-hunarlar, xorijiy tillarni puxta egallash, innovatsiyalar sohasidagi yutuqlarni chuqur o‘zlashtirish, yoshlarimizni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalash barqaror taraqqiyotga erishishning eng muhim sharti ekanini yaxshi tushunamiz. 

Muborak hadislarda aytilganidek, ikki dunyo saodatini o‘ylab yashagan inson, xalq hech qachon kam bo‘lmaydi. 

Barchangizni muqaddas Qurbon hayiti bilan yana bir bor tabriklayman.

Jonajon Vatanimiz, xonadonlarimizda tinchlik, ahillik, fayzu baraka bardavom bo‘lsin!

Ezgu ishlarimiz, intilishlarimizda Yaratganning O‘zi madadkor bo‘lsin! 

chop etish