Bosh sahifa Yangiliklar Nutqlar

Institut rektori Ilxom Tuxtasinovning yangi o’quv yili munosabati bilan talabalarga tabrik so’zi


Aziz talabalar! Sizlarni 2018-2019 o’quv yilida kirish imtihonlaridan muvafaqiyatli o’tib, talabalik baxtiga muyassar bo’lganingiz bilan o’zim va institut jamoasi nomidan chin qalbimdan tabriklayman.

Mustaqillik hosilasi bo‘lgan Samarqand davlat chet tillar instituti O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1994 yil 8 noyabrdagi Farmoni bilan tashkil etilgan. Hozirda institut oliy va o‘rta maxsus ta’lim va  xalq ta’limi sohalariga hamda turizm infratuzilmasiga yuqori malakali xorijiy filologiya mutaxassislari, shuningdek, gid-tarjimonlar tayyorlashning halqaro miqyosda e’tirof etilgan nufuzli yirik markazlaridan biriga aylandi.

Yurtimizda dunyoni yangicha idrok etadigan, millat g‘ururi va haq-huquqi uchun kurashadigan, o‘z taqdirini xalqi, Vatani taqdiri bilan bir deb bilib, faoliyat ko‘rsatayotgan yangi avlod shakllanmoqda. Ular ham ajdodlar ma’naviy merosini, ham umumbashariy qadriyatlarni barobar o‘zlashtirmoqdalar. Salohiyatli mutaxassis kadrlar - O‘zbekistonning ertangi kunini, millat kelajagini belgilaydi. Shu bois zamon talablariga javob beradigan yuksak madaniyatli, bilimdon yoshlarni tarbiyalash davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylandi. Buning natijasi o‘laroq, institutda hozirda 3 fakultet, 15 kafedra, mintaqaviy til o‘rgatish markazi, Ta’lim sifati ta’minoti va innovatsiyalar markazi, eng zamonaviy o‘quv va multmedia uskunalari bilan jixozlangan Axborot – resurs markazi mavjud.

Institutda 12ta  yo‘nalishda kunduzgi va 1ta kechki bakalavriatura, 11ta mutaxassislik bo‘yicha magistratura faoliyat ko‘rsatmoqda. Bugungi kunda ingliz, nemis, fransuz, italyan, ispan, arab, yapon, koreys va xitoy tillari hamda tarjimonlik mutaxassisliklari bo‘yicha kadrlar tayyorlanmoqda. O‘tgan davr mobaynida SamDCHTIda 4 nafar Prezident stipendiyasi, 10 dan ortiq A.Navoiy nomidagi stipendiya sohiblari hamda 100 dan ortiq turli dasturlar, olimpiadalar va xalqaro ko‘rgazmalar g‘oliblari yetishib chiqdi.

Mamlakatimiz taraqiyotida yangi, o’ziga xos davrni boshlab bergan milliy yuksalish davri yutuqlari har bir sohada o’z nishonalarini ko’rsatmoqda, shu o’rinda, oily ta’lim sohasidagi ijobiy o’zgarishlar biz soha vakillarini yanada yuksak marralarni zabt etishga ruhlantirib, talabalarimizni jahon talablariga mos yetuk mutaxasislar qilib tarbiyalash institutimiz oldida turgan muhim vazifalardan biridir. Ushbu vazifa jamoamizning bir yoqadan bosh chiqarib, dadil olgʻa qadam tashlashga undaydi. Ana shu ezgu niyatlarni amalga oshirishda barchangizga omad tilayman. 

chop etish