Bosh sahifa Yangiliklar Rasmiy tashriflar

Institutda ikki nafar koreys tili mutaxassisi o‘z faoliyatini boshladi


Janubiy Koreyaning KOICA xalqaro hamkorlik tashkiloti bir necha yillardan beri Samarqand davlat chet tillar institutida koreys tili, adabiyoti va madaniyatidan saboq berish uchun ko‘ngillilar bilan ta’minlashda hamkorlik qilib kelmoqda.

Mazkur tashkilot ko‘magida ikki nafar ko‘ngilli o‘qituvchi, Namoh Hur hamda Yae Jin Yoular institutning koreys tili yo‘nalishida o‘z faoliyatini boshladilar.

Namoh Hur hamda Yae Jin Yoular bilan institut rektori I.Tuxtasinov, xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i O.Yusupov va uzoq sharq tillari kafedrasi mudiri D.To‘rayevalar ishtirokida bo‘lib o‘tgan rasmiy uchrashuvda koreys tili mutaxassislarining institutdagi kelgusi faoliyatiga doir rejalari, koreys tili, adabiyoti va madaniyatini o‘qitishni yanada takomillashtirish, hamkorlikda o‘quv qo‘llanmalari, darsliklar yaratish va lug‘atlar tuzish hamda ta’lim sifatini oshirish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, talabalarga zamonaviy metodlar orqali koreys tilini mukammal o‘rgatish usullari, professor-o‘qituvchilarning malakalarini oshirish uchun seminar-treninglar tashkil etish, xorijiy tillarni o‘rgatishda zamonaviy innovatsion markazlar yaratish yuzasidan fikr-mulohazalar almashinildi.

O‘z o‘rnida Koreyalik mutaxassislar samimiy qabul uchun institut rahbariyatiga minnatdorlik bildirdi va ta’lim, ilmiy-tadqiqot, madaniyat sohalarida hamkorlik aloqalarini rivojlantirishda tayyor ekanliklarini ma’lum qildi.

chop etish