Bosh sahifa Yangiliklar Nutqlar

I. Tuxtasinovning “KOICA markazi”ning ochilish marosimidagi kirish nutqi


Assalomu alaykum muhtaram mehmonlar!
Hurmatli ustozlar va talabalar!
Pak Mi rahbarligidagi Janubiy Koreyaning KOICA tashkiloti vakillari bilan Samarqand davlat chet tillar institutida uchrashib turganimdan behad xursandman! 
Samarqand davlat chet tillar institutiga xush kelibsiz!
    Samarqand davlat chet tillar instituti 1994 yil tashkil etilgan bo‘lib, mamlakatimizning yosh va nufuzli oliy o‘quv yurtlaridan biri hisoblanadi. Institut pedagogika, tarjimashunoslik va turizm sohalarida yuqori malakali xorijiy tillar mutaxassislarini tayyorlash borasida yurtimiz va mintaqa oliy ta’lim tizimida o‘zining munosib o‘rniga egadir.
    Institut bakalavriatida o‘n ikkita xorijiy til o‘rgatiladi, o‘nga yaqin mutaxassisliklar bo‘yicha magisratura faoliyat olib boradi. Samarqand davlat chet tillar institutida 3ta fakulьtet, 14ta kafedra  mavjud.
    Ingliz tili fakulьtetida asosan xorijiy til va adabiyot yo‘nalishlari bo‘yicha talabalar tahsil oladi.
    Roman-german tillari fakulьtetida filologiya yo‘nalishida ingliz tili, nemis tili, frantsuz tili, ispan tili hamda italyan tillari yo‘nalishlari mavjud.
    Tarjima nazariyasi va amaliyoti fakulьtetida tarjima nazariyasi va amaliyoti, xitoy tili, koreys tili, yapon tili va arab tili yo‘nalishlari bo‘yicha talabalar tahsil oladi.
Samarqand davlat chet tillar institutida ko‘plab xorijiy tillar qatori koreys tili ham asosiy chet tili sifatida bakalavriat va magistratura yo‘nalishida o‘qitilib kelinmoqda. 
Samarqand davlat chet tillar institutida koreys tili ikkinchi chet tili sifatida 1998 yildan boshlab o‘qitilib kelinmoqda. 2001 yilda filologiya va tillarni o‘qitish: koreys tili yo‘nalishi tashkil etilgan. 
    Mazkur yo‘nalishning baklavr bosqichida 8 ta guruh (4 ta o‘zbek guruhi, 4 ta rus guruhi) mavjud bo‘lib, jami 95 nafar talaba, shu jumladan – 90 nafar bakalavr hamda 5 nafar magistrantlar tahsil olishmoqda.
    Samarqand davlat chet tillar instituti Janubiy Koreyaning ko‘plab oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatgan. Jumladan, Kyonsang milliy universiteti, Xankuk milliy universiteti, Chonbuk milliy universiteti, Changvon milliy universiteti, Transport milliy universiteti, Chungju milliy universiteti, Gachon, Chodang, Donguk, San Mun, Jeju, Chonnam, Tegu Xana va Jungbu universitetlari bilan fan, ta’lim, ilmiy-tadqiqot, madaniyat va akademik almashinuv sohalarida hamkorlik aloqalarini o‘rnatgan.  Janubiy Koreyalik talabalar uchun har yili “O‘zbek tili va madaniyati” o‘quv kurslari tashkil etilmoqda
    Shuningdek, Janubiy Koreyaning O‘zbekistondagi elchixonasi va “KOICA” xalqaro tashkiloti bilan yaqin hamkorlik aloqalari olib borilmoqda. 
    Har yili institutning mahalliy o‘qituvchilari Koreyaning O‘zbekistondagi elchixonasi, “Korea Foundation” va “KOICA” kabi tashkilotlari grantlarini qo‘lga kiritb, Janubiy Koreya universitetlarida malaka oshirib qaytishmoqda hamda turli xalqaro seminar-treninglar va konferentsiyalarda ishtirok etishmoqda. 
    Shu o‘rinda men, “KOICA” tashkilotining Samarqand davlat chet tillar institutiga uzoq yilik hamkorligi va ko‘magini alohida ta’kidlamoqchiman. “KOICA” tashkiloti koreys tili ta’lim yo‘nalishi tashkil etilgandan bo‘yon koreyalik mutaxasislar, volontyorlar bilan ta’minlashda, koreys tili ta’lim yo‘nalishi moddiy texnik bazasini takomillashtirish hamda talabalarimizni turli xil tanlovlarda, olimpiadalarda va loyihalarda ijobiy natijalarga erishishlarida yaqindan yordam berib kelishmoqda.
    Ma’lumki hozirda “KOICA” tashkiloti ko‘magida institutda ko‘ngilli sifatida Kang Yol koreys tili o‘qituvchisi sifatida faoliyat olib bormoqda. 22 maydan boshlab yanya bir ko‘ngilli, Kim Xiso koreys tili o‘qituvchisi sifatida o‘z faoliyatini boshlaydi. Kim Xiso xonim bilan uchrashib, kelgusi rejalar borasida kelishib oldik.
    Bugun institutda ochilishi rejalashtirilgan “KOICA markazi” institutda koreys tili va madaniyatini o‘rgatishni takomillashtirishda, Samarqand davlat chet tillar instituti va KOICA tashkiloti o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirishda va O‘zbekiston-Koreya o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlashga ham xizmat qiladi degan umiddaman.
    Samarqand davlat chet tillar instituti professor-o‘qituvchilari va talabalari nomidan qimmatli vaqtingizni ayamasdan institutimizga tashrifi uchun KOICA tashkiloti vakillariga yana bir bor minnatdorchilik bildiraman. 

chop etish