Bosh sahifa Yangiliklar Rasmiy tashriflar

Samarqand davlat chet tillar institutiga Xitoy Xalq Respublikasi elchisi tashrif buyurdi


Xitoy Xalq Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Szyan Yan xonim boshchiligidagi delegatsiya Samarqand davlat chet tillar institutiga tashrif buyurdi. Mehmonlarni institut rektori I.Tuxtasinov kutib oldi.
Delegatsiya dastlab SamDChTI qoshidagi Konfutsiy Instituti faoliyati va o‘quv jarayonlarini kuzatdi hamda u yerda ishlayotgan xitoylik va mahalliy o‘qituvchilar bilan suhbatlashdi.
Shuningdek, SamDChTIda hamkorlikda tashkil etilgan zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari vositalari bilan jihozlangan “Smart Classroom” (“Intellektual sinf”) o‘quv auditorisi hamda zamonaviy “Sinxron tarjima auditoriyasi” bilan tanishdi, u yerda olib borilayotgan dars jarayonlarini kuzatib, talabalar bilan suhbatlashdi va xitoy tili yo‘nalishi talabalariga xitoy tilini tez va muvaffaqiyatli o‘rganish bo‘yicha o‘z tavsiyalarini berdi. Szyan Yan xonim institutda xitoy tili, adabiyoti va madaniyatini o‘rgatishga bo‘lgan e’tibor hamda talabalarning bilim olishlari uchun yaratilgan sharoitlar va imkoniyatlarni yuqori baholadi.
Tashrif davomida delegatsiya bilan SamDChTI rahbariyati ishtirokida rasmiy uchrashuv tashkil etildi. Uchrashuvda rektor I.Tuxtasinov SamDChTI to‘g‘rsida qisqacha ma’lumot berib o‘tdi. Jumladan, filologiya va tillarni o‘qitish: xitoy tili ta’lim yo‘nalishi, xitoy tilini ikkinchi til sifatida o‘rganayotgan talabalar hamda joriy yilda SamDChTI akademik litseyida ham xitoy tilini o‘qitish yo‘lga qo‘yilganligi haqidagi ma’lumot bilan batafsil tanishtirib o‘tdi. Szyan Yan xonimga O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish hamda mustahkamlashga katta hissa qo‘shib kelayotganligini, do‘stlik aloqalari va samarali hamkorlik munosabatlarini mustahkamlashdagi qo‘shayotgan hissalari uchun samimiy minnatdorlik izhor etdi.
Shuningdek, uchrashuv davomida XXR oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, hamkorlikda ilmiy-amaliy konferensiyalar tashkil etish, o‘quv-adabiyotlari va darsliklar  yaratish, SamDChTIda xitoy tilini o‘qitishni takomillashtirish, qo‘shma fakultetlar va filiallar tashkil etish kabi takliflar bildirildi hamda bu borada muzokaralar olib borildi.
Rasmiy uchrashuvdan so‘ng institut talabalari tomonidan o‘zbek va xitoy milliy raqslari va qo‘shiqlaridan iborat konsert dasturi tashkil etildi. Tadbir so‘nggida Szyan Yan xonim so‘zga chiqib, talabalarning xitoy tilini o‘rganishga bo‘lgan qiziqishlarining yuqoriligi va ularning yutuqlaridan mamnun ekanligini bildirib o‘tdi hamda talabalarga yanada yuqori muvaffaqiyatlar tiladi.

chop etish