Bosh sahifa Yangiliklar Seminarlar

“XORIJIY TILLARNI O’RGANISHNING PSIXOLOGIK-PEDAGOGIK OMILLARI” mavzusidagi respublika ilmiy-amaliy anjumani bo’lib o’tdi


O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2012-yil 10-dekabrdagi “Chet tillarni o’rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi va 2017-yil 20-apreldagi “O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2909-sonli qarori hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2018 yil 12 martdagi “Vazirlik tizimidagi oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalarida 2018 yilda o‘tkaziladigan ilmiy va ilmiy-texnikaviy anjumanlar rejasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 233-sonli buyrug‘ida belgilangan tadbirlarni ijrosini ta’minlash maqsadida Samarqand davlat chet tillar institutida “XORIJIY TILLARNI O’RGANISHNING PSIXOLOGIK-PEDAGOGIK OMILLARI” mavzusida respublika ilmiy-amaliy anjuman bo’lib o’tdi.

Samarqand davlat chet tillar institutining “Pedagogika va psixologiya” kafedrasi tashabbusi bilan tashkil etilgan mazkur nufuzli ilmiy-amaliy anjumanda nafaqat oliy ta’lim tizimida, balki maktabgacha, umumiy o‘rta va o‘rta-maxsus kasb-hunar ta’limida ham xorijiy tillarni o‘rgatish uchun o‘ta muhim bo‘lgan ilmiy-pedagogik masalalar muhokama etildi. Xususan, xorijiy tillarni o‘qitishda eng zamonaviy pedagogik texnologiyalarni qo‘llash, madaniyatlararo muloqot va tarjima jarayonida psixologik-pedagogik omillar, ijtimoiy-gumanitar fanlarni chet tillarda o‘qitishning dolzarb masalalari, xorijiy til o‘qituvchisining pedagogik kompetensiyasi, xorijiy tillarni o‘rgatishda zamonaviy texnologiyalardan foydalanish hamda xorijiy tillarni o‘qitishning psixologik omillari kabi masalalar bo‘yicha bugungi kunning dolzarb mavzularida ma’ruzalar o‘qildi.

Anjuman ishida Toshkent shahri, Qaraqalpog‘iston Respublikasi, Andijon, Namangan, Termiz, Qarshi, Jizzax, Guliston, Buxoro va Samarqand shahri oliy o‘quv yurtlarining yetakchi professor-o‘qituvchilari, izlanuvchi-tadqiqotchilari bilan bir qatorda o‘rta-maxsus va xalq ta’limi o‘qituvchilari ham o’z ma’ruzalari bilan ishtirok etishdi.

Anjuman davomida maktabgacha, umumiy o‘rta va o‘rta-maxsus kasb-hunar va oliy ta’lim muassasalarida xorijiy tillarni o‘rgatish bo’yicha ko’plab taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.

chop etish