Bosh sahifa Yangiliklar Nutqlar

Institut rektori I.M.Tuxtasinovning 8 mart – “Xotin qizlar kuni” munosabati bilan institut xotin qizlariga bayram tabrigi


Muhtarama onaxonlar, qadrli opa-singillar,

Ona tabiat chiroy ochib, atrof-muhit yashil libosga burkanib, bahor nashidasi tobora kuchayib borayotgan ayni shu fusunkor ayyomda siz, azizlarimni, sizlarning timsolingizda butun institut xotin-qizlarini 8-mart bayrami bilan chin qalbimdan tabriklashni o‘zim uchun katta baxt deb hisoblayman.

Mana shu bayram kunlarida biz – yurtimizning keksay-u yosh barcha-barcha erkak zoti, mard o‘g‘lonlari haqiqatan ham Yaratganning mo‘jizasi bo‘lmish ayol siymosi oldida, avvalambor, mehribon onalarimiz oldida bosh egib, ta’zim bajo keltiramiz.

Shu kunlarda hammamizning tilimizda, dilimizda bo‘lgan bir fikrni hech ikkilanmasdan aytishni zarur deb bilaman.

Bu dunyoda shirin va ahil, baxtli hayot uchun poydevor yaratib, insonni inson, oilani mustahkam oila qiladigan, biz uchun sevgi-muhabbat, vafo va sadoqat timsoli bo‘lib kelayotgan siz, go‘zal va betakror, qadrdon ayollarimiz, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.

Umr yo‘llarimizda qanday og‘ir sinov va mashaqqatlar duch kelmasin, ularni yengib o‘tishda ruhimizni ko‘tarib, kuchimizga – kuch, g‘ayratimizga – g‘ayrat qo‘shadigan insonlar ham, hech shubhasiz, dunyodagi eng mo‘tabar zotlar, qalbi daryo ayollarimizdir.

Shu ma’noda, Alisher Navoiy bobomizning “Ayollar – farishtalarning opa-singillaridir” degan hikmatli so‘zlarida qanday chuqur ma’no borligini, o‘ylaymanki, hammamiz yaxshi tushunamiz.

Hurmatli yurtdoshlar!

Biz o‘z oldimizga qo‘ygan oliy maqsadimizga erishish yo‘lida, ya’ni jahondagi eng taraqqiy topgan, demokratik va erkin davlatlar qatoriga kirish, xalqimizning hayot darajasi va sifatini oshirish, xalqaro maydonda mamlakatimizning obro‘-e’tiborini yuksaltirishda, muxtasar qilib aytganda, bugun O‘zbekistonimiz qo‘lga kiritayotgan ulkan marralarda – bu qaysi soha, qaysi kasb-hunar bo‘lmasin, ularning barchasida ayollarimizning munosib, buyuk hissasi borligini minnatdorlik bilan ta’kidlaymiz.

Bu haqda gapirganda, xotin-qizlarimizning nafaqat kundalik turmushda, balki davlat miqyosidagi eng muhim masalalarni hal qilishda o‘rni va roli tobora ortib borayotganini alohida qayd etishni zarur deb bilaman.

Aziz opa-singillar! Doimo oilangiz va farzandlaringiz, elu yurtimiz ardog‘ida bo‘ling, azizlarim!

chop etish