Oʼzbekiston Respublikasi prezidenti Sh.Mirziyoyev 30-aprel kuni joriy oʼquv yilini sifatli yakunlash, bitiruv va kirish imtihonlarini tashkil etish masalalari muhokamasiga bagʼishlangan yigʼilish oʼtkazdi.
Yigʼilish davomida joriy oʼquv yilini sifatli yakunlash, xorijiy davlatlar tajribasi va bugungi vaziyatdan kelib chiqib, oliy oʼquv yurtlarida bitiruv imtihonlarini onlayn shaklda oʼtkazish, oʼquv yuklamalarni va dasturlarni qayta koʼrib chiqish, oliy oʼquv yurtlarida amaliy koʼnikmalarni rivojlantirishga eʼtiborni kuchaytirish, bosqichma-bosqich masofaviy shaklda pedagoglar malakasini oshirish, dars mashgʼulotlarini masofadan kuzatish kabi masalalarga alohida urgʼu berildi.
Аlbatta, hozirda davom etayotgan masofaviy taʼlim berish jarayoni katta tajriba maktabi boʼldi. Biz taʼlim sohasida yana bir asosiy masofadan taʼlim berish va olish pogʼonasini zabt etdik.
Bitirish qanday boʼladi?
2019-2020 oʼquv yilida Samarqand davlat chet tillar institutida bakalavr taʼlim yoʼnalishlari boʼyicha 594 nafar, magistratura mutaxassisliklari boʼyicha 103 nafar, jami boʼlib 697 nafar bitiruvchi talabalar oʼqishini tamomlaydi, — deydi Samarqand davlat chet tillar instituti rektori, pedagogika fanlari doktori, professor Ilxomjon Tuxtasinov.
Ilxomjon Tuxtasinov SamDCHTI rektori
Institut bitiruvchi kurs talabalarining yakuniy nazoratlar, yakuniy davlat attestatsiyalari, bitiruv malakaviy ish himoyalari, shuningdek, magistratura mutaxassisliklari boʼyicha magistrlik dissertatsiyalari himoyalari masofaviy tarzda onlayn test sinovlari va taqdimotlar shaklida ZOOM ilovasi orqali oʼtkazilishi rejalashtirildi.
Bu borada eng maqbul va optimal variantlar tanlanib, amaliyotga tatbiq etish boʼyicha mexanizmlar ishlab chiqildi. OOʼMTV bilan kelishilgan holda bu holat toʼliq masofadan turib onlayn amalga oshiriladi.
Samarqand davlat chet tillar institutining akademik litseyida ham joriy yilning 10 aprelidan onlayn dars mashgʼulotlari tashkil etildi. Oʼquvchilarni oʼtilayotgan mashgʼulotlar boʼyicha olgan bilimlarini baholash joriy va oraliq nazoratlar onlayn shaklda tashkil etilgan boʼlib, oʼquv yilining yakunidagi davlat imtihonlari 60 ta test (Oʼzbekiston tarixi fani, yoʼnalishlar boʼyicha chuqurlashtirilgan fanlar)dan iborat testlar toʼplami bloklarga ajralgan holda, koʼp variantlilik printsipi asosida ishlab chiqiladi va oʼquvchilar masofaviy tarzda internet tarmogʼidan foydalangan holda imtihon topshiradilar.
Qabul: Oliy va oʼrta maxsus taʼlim vaziri hamda OTM rektorlari ishtirokida oʼtkazilgan videoselektorda yuqoridagi masalalar koʼrib chiqildi va takomillashtirish boʼyicha vazifalar hamda koʼrsatmalar belgilab olindi. Jumladan, professor-oʼqituvchilarning masofadan oʼqitish metodikasini mustahkamlash boʼyicha onlayn malaka oshirish ishlari olib boriladi, magistraturaga kirish uchun hujjatlar belgilangan tartibda 15-iyundan 15-iyulgacha (shu kuni ham) qabul qilinadi, oliy taʼlim muassasalariga abituriyentlarning hujjatlarini masofadan qabul qilish boʼyicha yangi tartibdagi imkoniyatlar va afzalliklar yaratiladi. Yaʼni, Davlat test markazi va «Davlat xizmatlari markazlari» asosiy vazifalarni bajarishadi.
Аbiturientlarning test sinovlarini topshirishlari soddalashtirilganini hisobga olib aytadigan boʼlsak, oldin abiturientlarning 5 ta fan yuzasidan imtihon test sinovlarini topshirishlari belgilangan edi, endi esa fanlar soni qisqartirilib, 2 ta mutaxassislikka yaqin boʼlgan fanlardan test sinovlarini topshirishlari rejalashtirilgan. Аlohida iqtidor talab etiladigan / ijodiy taʼlim yoʼnalishlariga talabalikka qabul qilish jarayonlarini 3 tasi 1 da printsiplari asosida tashkil etish belgilangan.
Talabalarning oʼqishini koʼchirish yoki qayta tiklash jarayonlari ham masofadan onlayn tarzda 2020-yilning 15-iyulidan 5-avgustiga qadar hujjatlar qabul qilinadi va arizalar koʼrib chiqiladi.
Samarqand davlat chet tillar institutida 2020/2021 oʼquv yilida bir qancha yangi yoʼnalishlar ochiladi. Jumladan, xalqaro doiradagi jurnalistlarni tayyorlaydigan taʼlim yoʼnalishi, Koreyaning Sukmyon va Choson universitetlari bilan qoʼshma taʼlim dasturlari asosida 2 ta, Latviyaning Riga texnika universiteti bilan 1 ta, shuningdek, Xitoy Xalq Respublikasining Shanxay xorijiy tillar universiteti bilan 1 ta, jami 4 ta taʼlim yoʼnalishlari boʼyicha kadrlar tayyorlash yoʼlga qoʼyiladi.
Iqtisodiyot tarmoqlarining talablari asosida 2 ta yangi taʼlim yoʼnalishlari va 1 ta yangi magistratura mutaxassisligi boʼyicha kadrlar tayyorlanishi rejalashtirilgan.
Shu oʼrinda yana bir jihatni taʼkidlab oʼtish joiz, 2019/2020 oʼquv yilida Samarqand davlat chet tillar institutiga (bakalavr hamda magistratura) taʼlim yoʼnalishlari boʼyicha 1030 ta qabul kvotalari ajratilgan edi, 2020/2021 oʼquv yilidan boshlab bu koʼrsatkichni 20 foizga oshirishni rejalashtirilgan. Tashkil etilgan yangi taʼlim yoʼnalishlari va mavjud taʼlim yoʼnalishlari boʼyicha ajratilgan qabul kvotalari miqdori haqida keyinroq rasmiy saytimiz orqali (samdchti.uz) ommaga eʼlon beramiz.
Samarqand davlat chet tillar instituti
Texnikumlar: Videoselektorda oliy taʼlim muassasalari huzuridagi texnikumlar faoliyatini rivojlantirishga ham toʼxtalib oʼtildi. Hozirda Samarqand davlat chet tillar instituti huzurida Oqdaryo agroiqtisodiyot texnikumi hamda Narpay transport texnikumlari mavjud.
Oqdaryo agroiqtisodiyot texnikumida yangi oʼquv yili uchun texnikumga sohalar boʼyicha 660 nafar kvota belgilandi.
Narpay transport texnikumida yangi oʼquv yilida sohalar boʼyicha 240 nafar kvota rejalashtirilgan.
Texnikumlarga oʼquvchilar qabul qilish koʼrsatkichlari boʼyicha mutaxassislar kesimida (toʼlov-shartnoma asosida) takliflar tayyorlanib, yangi oʼquv yili uchun qabul kvotalari shakllantirildi. Ushbu texnikumlarda oʼqish muddati 2 yildan iborat.
Masofaviy taʼlim: Koronavirus pandemiyasi keltirib chiqargan inqirozga qarshi kurashish sharoitida Samarqand davlat chet tillar instituti talaba-yoshlari 2020 yilning 16 martdan 2 haftalik taʼtilga chiqarilib, 1 aprel sanasidan eʼtiboran masofaviy oʼquv jarayoniga jalb etildi. Bu borada oʼquv rejalardagi fanlarning dasturlarini mustaqil oʼzlashtirish, institut professor-oʼqituvchilari bilan muntazam aloqada boʼlib turish, xorijiy tillar boʼyicha til koʼnikmalari («Oʼqib tushunish», «Tinglab tushunish», «Yozish» va «Gapirish»)ni muntazam rivojlantirib borish hamda oʼzbek va tili oʼrganilayotgan mamlakatlar adabiyotining yirik namoyondalarining nodir asarlarini oʼqish va tahlil qilish orqali talabalarning dunyoqarashini yanada kengaytirish maqsadida har bir til mutaxassisligi boʼyicha institutda masofaviy (onlayn) kurslar tashkil etildi.
Institutning masofaviy taʼlim platformasidan foydalanishni soddalashtirish maqsadida matritsa ishlab chiqilib, amaliyotga tatbiq etildi. Matritsaning birinchi qadami oʼqituvchi hamda talabaning masofaviy taʼlim tizimida, yaʼni institutning moodle elektron taʼlim platformasida ishlashi uchun yoʼl xaritasi hisoblanadi. Bevosita ushbu tizim orqali talaba hech qanday qiyinchiliklarsiz oʼquv dasturini oʼzlashtirishi, berilgan topshiriq va vazifalarni bajarib borishi mumkin.
Shu bilan bir qatorda mamlakatimizning barcha oʼquvchi-yoshlarining masofadan taʼlim olish sifatini yanada takomillashtirish maqsadida institutida quyidagi fanlar yuzasidan onlayn kurslar platformalari (kompyuter va mobil versiyalari) ishlab chiqildi.
• Ingliz tili onlayn kursi. Mazkur kurs ingliz tilini oʼrganuvchilar uchun maxsus tashkil etilgan boʼlib, 40 ta darsdan iborat va maktabgacha taʼlim muassasalari tarbiyalanuvchilari uchun alohida kurslar va ingliz tilini boshlangʼich, oʼrta, murakkab darajada oʼrganuvchilar uchun moʼljallangan qismlarga boʼlinadi.
• Xitoy tili onlayn kursi (xitoy va ingliz tillarida olib boriladi). Mazkur kurs xitoy tilini boshlangʼich darajadan oʼrganuvchilar uchun SamDChTIda faoliyat koʼrsatayotgan xitoylik xitoy tili oʼqituvchilari tomonidan tashkil etildi. Ushbu kurs ham 40 ta darsdan iborat boʼlib, boshlangʼich, oʼrta, murakkab qismlarga boʼlinadi.
• Oʼzbekiston tarixi onlayn kursi (rus tili guruhlarida tahsil oluvchi oʼquvchilar uchun ham). Ushbu kursda talaba-yoshlar uchun Vatanimiz tarixining qadimgi zamondan hozirgacha boʼlgan davrni qamrab olgan barcha maʼlumotlar oʼz aksini topgan.
• Psixologiya onlayn kursi. Mazkur kursda inson ruhiyati, (sezgi, idrok, xotira, tafakkur, diqqat) bilish jarayonlari va individual psixologik xususiyatlar (xarakter, temperament, qobiliyat, qiziqish, isteʼdod) haqida bilimlarga ega boʼlishadi.
Yaratilgan barcha videodarslar keyinchalik ham taʼlim jarayonlarida bevosita foydalaniladi, shuningdek, institut veb-sahifasiga, ijtimoiy tarmoqlariga muntazam joylashtirilib boriladi va kelajakda maʼlum maʼnoda media mahsulotlar salmogʼi oshgandan soʼng institutda mediamarkaz tarmogʼi tashkil etiladi.
Besh tashabbus. «Talabalarimizga taʼlim berish qatorida Prezidentimizning 5 muhim tashabbusi doirasidagi ishlar ham masofadan meʼyorida olib borilmoqda. Xususan, institutning rasmiy sayti hamda ijtimoiy tarmoqlarida har bir tashabbus boʼyicha haftaliklar tashkil etildi. Bunda talabalar oʼzlarining boʼsh vaqtida qanday loyihalar ustida ish olib borish holatlarini tasvirga olib, mutaxassislarimizga yuborishadi va internetga joylanadi. Ovoz berish yoʼli bilan gʼoliblar aniqlanadi va sovrinlari masofadan yetkaziladi.
Shuningdek, yurtimizdagi milliy bayramlarimizni ham talabalar tomonidan masofadan turib nishonlash, qolaversa keksa yoshdagi professor-oʼqituvchilarni holidan xabar olish ishlari ham oʼz meʼyorida davom ettirib kelinmoqda.
Xulosa oʼrnida shuni aytishim joizki, bugun siz va biz oila aʼzolarimiz hamda boshqalarning salomatligini asraylik. Yurtimiz boshiga tushgan mana shunday ogʼir damlarda biz barchamiz birgalikda xayriya va saxovat ishlarini amalga oshiraylik. Institutning elparvar jamoa aʼzolaridan 343 nafari oʼzlarining bir kunlik ish haqlarini «Mehr-shafqat va salomatlik» jamoat fondiga begʼaraz yordam tariqasida oʼtkazdilar. Muhtojlarga, boquvchisini yoʼqotgan oilalarga xalqimizga xos boʼlgan mehr-muruvvat xislatlarini namoyon etaylik.
Biz Oʼzbek xalqi birlashib barcha ofat va balo-qazolarni yenga olamiz, Yangi Oʼzbekistonni birga barpo etamiz», — deydi Samarqand davlat chet tillar instituti rektori IlxomjonTuxtasinov.
SamDCHTI Axborot xizmati xabar bermoqda deydi Kun.uz
O'zbekcha
English
Русский
Deutsch
Spain



