Samarqand davlat chet tillar institutida 2020-yil 15-may kuni “Zamonaviy lingvistik tadqiqotlar: xorijiy tajriba, istiqbolli izlanishlar va tillarni oʼqitishning innovatsion usullari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman onlayn tarzda oʼtkazildi. Anjumanni institut rektori I.M.Tuxtasinov kirish so’zi bilan ochib berdi va ushbu anjuman filologiya fanlari doktori, professor, Oʼzbekistonda xizmat koʼrsatgan fan arbobi Аnatoliy Mixaylovich Bushuyning xotirasiga bagʼishlanganligini ta’kidlab o’tdi.
— Professor А.M.Bushuy yirik germanist olim, umumiy tilshunoslik, frazeologiya sohalarining yetuk bilimdoni sifatida nafaqat respublikamizda, balki qator xorijiy davlatlarda ham mashhur olimlardan biri edi. А.M.Bushuy xorijiy taniqli А.V.Kunin, N.I.Tolstoy, V.G.Gak, А.E.Suprun, G.I.Safronov, Z.D.Popova, M.M.Koplenko, B.А.Larin va boshqa bir qancha olimlarning kontseptsiyalarini ilmiy-nazariy tahlili ustida ilmiy tadqiqotlar olib borgan.
— Professor А.M.Bushuy oʼzining ilmiy maktabini yaratgan taniqli olim edi. Uning “Frazeologiya maktabi”dan 30ga yaqin fan nomzodlari yetishib chiqqan, ikkita shogirdi fan doktori ilmiy darajasiga sazovor boʼlgan. А.M.Bushuy “Oʼzbekiston Respublikasi Fan Аrbobi”, “Xalqaro Ijodkorlar Аkademiyasi”ning haqiqiy aʼzosi edi, — dedi institut rektori I.M.Tuxtasinov.
Аnjuman doirasida yalpi majlis va quyidagi sektsiyalar faoliyati tashkil etildi:
➡Germanistika va romanistikaning dolzarb muammolari.
➡ Frazeologiya va paremiologiya.
➡ Zamonaviy qiyosiy-tipologik tadqiqotlar.
➡ Zamonaviy tarjimashunoslik: anʼanalar va innovatsiyalar.
➡ Lingvodidaktika va chet tili nutqiga oʼrgatishning pedagogik-psixologik tamoyillari, innovatsion - pedagogik texnologiyalar va xorijiy tajribalar.
Anjumanga 200 dan oshiq oʼzbek, rus, ingliz va nemis tillarida maqolalar qabul qilindi. Ushbu xalqaro anjuman ZOOM dasturi orqali onlayn ravishda oʼtkazildi va respublikamiz professor-o’qituvchilari qatorida 10 nafar xorijlik professor-o’qituvchilar ham ishtirok etishib, o’zlarining fikr hamda mulohazalarini bildirib o’tishdilar.
SamDCHTI Axborot xizmati
O'zbekcha
English
Русский
Francais
Deutsch


