Yurtboshimiz tashabbusi bilan yurtimizda oliy ta’lim muassasalarining sonini ko’paytirish hamda ta’lim sifatini yanada oshirish, ta’lim sohasiga xorijiy tajribalar va investitsiyalarni olib kirish, chekka-chekka tumanlarda istiqomat qilayotgan yoshlarni ham oliy ta’lim bilan qamrab olish borasida salmoqli ishlar amalga oshirilib kelinmoqda.
Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyev 2021-yilning 15-16 aprel kunlari Samarqand viloyatiga tashrifi davomida viloyat faollari ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilishida mutasaddi rahbarlarga bergan topshiriqlari bo‘yicha Samarqand davlat chet tillar institutining Payariq va Narpay tumanlarida “Xorijiy tillar” fakultetlari ochildi.
Bugun, 8-noyabr kuni institutning Payariq tumanidagi “Xorijiy tillar” fakultetining rasman ochilish marosimi bo’lib o’tdi. Unda Samarqand viloyati hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari X.Ochilov, Payariq tuman hokimi Z.Ergashev, institut rektori I.To’xtasinovlar so’zga chiqishib, marosimni ochib berishdi.
Marosim ochilgach, mehmonlar hamda institut mutasaddilari birgalikda fakultetda yaratilgan sharoitlar, o’quv xonalari, kutubxonalar, kompyuter xonalari hamda fakultet talabalar turar joyi bilan yaqindan tanishishdi. Jarayon doirasida ko’ngilochar ma’naviy-ma’rifiy tadbir ham tashkil etildi. Tadbirda fakultet talabalari tomonidan tayyorlangan musiqiy hamda milliy raqs chiqishlari tomoshabinlarga namoyish etildi.
Bugunki kunga kelib Payariq xorijiy tillar fakultetida 83-nafar respublikmizning barcha viloyatlaridan kelgan talaba-yoshlar tahsil olib kelmoqda, Payariq tumanida ochilgan fakultetda “Xorijiy til va adabiyoti: ingliz tili” hamda “Maktabgacha va boshlang‘ich ta’limda xorijiy til (ingliz tili)” ta’lim yo’nalishlari mavjud.
Fakultetda yangi o‘quv yiliga munosib tayyorgarlik ko‘rish maqsadida bir qator amaliy ishlar qilindi. Jumladan, fakultetning o‘quv-metodik ta’minoti yaxshilandi, tasdiqlangan malaka talablari asosida o‘quv reja va o‘quv dasturlar ishlab chiqildi, professor-o‘qituvchilarning o‘quv yuklamasi aniqlandi, professor-o‘qituvchilar tarkibi shakllantirildi, o‘quv jarayonlari joriy yilning 6-sentabridan o‘qitishning kredit-modul tizimi asosida tashkil etildi. Ayni paytda tasdiqlangan dars jadvallari asosida o‘quv mashg‘ulotlari olib borilmoqda.
Hududning infrastrukturasini takomillashtirish, yoshlarni oliy ta’lim bilan qamrab olish darajasini oshirish maqsadida kelajakda kadrlar iste’molchilarining ehtiyojlariga qarab fakultetda yangi ta’lim yo‘nalishlari ochiladi, mavjud ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha qabul kvotalari oshiriladi.
Payariq “Xorijiy tillar” fakultetining professor-o‘qituvchi va talabalarini turar joy, oshxona, sport zal va sport maydonchalari bilan ta’minlash bo‘yicha mahalliy hokimiyat bilan birgalikda amaliy ishlar olib borilmoqda.
Alohida ta'kidlash joiz, marosim so’ngida muhtaram Yurtboshimizning “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida fakultet hududiga viloyat va tuman hokimligi mutasaddilari hamda institut rahbariyati vakillari ishtirokida daraxt ko’chatlari ekildi.
SamDCHTI Axborot xizmati
O'zbekcha
English
Русский
Francais
Deutsch

























