«Ta’limdagi xalqaro tadqiqotlarning Yangi O‘zbekiston taraqqiyotidagi o‘rni» mavzusida xalqaro konferensiya tashkil etildi
Joriy yilning 13-aprel kuni Samarqand shahridagi “Yoshlar markazi”da Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti bosh kotibining Ta’lim siyosati bo‘yicha maxsus maslahatchisi, PISA dasturining tashabbuskori va rahbari Andreas Shlyaxer ishtirokida «Ta’limdagi xalqaro tadqiqotlarning Yangi O‘zbekiston taraqqiyotidagi o‘rni» mavzusida xalqaro konferensiya tashkil etildi.
Konferensiya doirasida viloyat hokimligi hamda oliy ta’lim muassasalari mas'ullari ishtirokida uchrashuv ham tashkil etildi va unda ta’lim tizimini takomillashtirishda PISA-2022 baholash dasturining ahamiyati va kutilayotgan natijalar, inson kapitalini rivojlantirish, O‘zbekistonning xalqaro tadqiqotlarda ishtirok etish holati hamda istiqboldagi rejalar va boshqa qator masalalar muhokama qilindi.
PISA tadqiqotlari har bir mamlakatga o‘zining kuchli va zaif tomonlarini dunyo ta’lim tizimi bilan qiyoslash imkonini beradi. Shuningdek, xorijiy investitsiyalarni jalb etadi, ya’ni investorlar mamlakatda bilimli, malakali kadrlar bormi, degan savolga bu tadqiqot natijalari orqali javob topadi.
Ushbu tadqiqotlar orqali mamlakatimizdagi ta’lim tizimi, muhiti, ta’limni tashkil etilishi, tanqidiy va ijodiy fikrlashlari, egallagan bilimlarini hayotda qo‘llay olish qobiliyatlari, ota-onalarning farzandlarini ta’lim olishlariga e’tiborlari va uyda yaratilgan sharoitlari bo‘yicha atroflicha ilmiy asoslangan va ishonchli ma’lumotlar olishga erishish ko‘zlangan.
Shuningdek, «Ta’limdagi xalqaro tadqiqotlarning Yangi O‘zbekiston taraqqiyotidagi o‘rni» mavzusida tashkil etilgan xalqaro konferensiyada Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti Bosh kotibining ta’lim siyosati bo‘yicha maslahatchisi Andreas Shlyaxer "TALIS-2024 tadqiqotining ta’lim tizimi rivojidagi o‘rni" mavzusida ma’ruza qildi. Jumladan, ta’lim tizimini takomillashtirishda PISA–2022 baholash dasturining ahamiyati va kutilayotgan natijalarga ham alohida e’tibor qaratib o’tildi.











O'zbekcha
English
Русский
Francais
Deutsch
