Xabaringiz bor, 2021-yil 24-dekabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining oliy ta’lim tizimini isloh qilish bo’yicha ikkita muhim qarorlari qabul qilindi. Ularning biri “Davlat oliy ta’lim muassasalariga moliyaviy mustaqillik berish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 61-sonli Qarori bo’lsa, ikkinchisi “Davlat oliy ta’lim muassasalarining akademik va tashkiliy-boshqaruv mustaqilligini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 60-sonli Qaroridir.

Yurtboshimizning “Davlat oliy ta’lim muassasalariga moliyaviy mustaqillik berish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 61-sonli Qaroriga binoan mamlakatimizdagi 35 ta oliy ta’lim muassasasiga moliyaviy mustaqillik berildi. Ularning ichida Samarqand davlat chet tillar instituti ham bor. “Davlat oliy ta’lim muassasalarining akademik va tashkiliy-boshqaruv mustaqilligini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 60-sonli Qaroriga asosan esa 2022-yil 1-yanvardan boshlab moliyaviy mustaqillik berilgan har bir davlat oliy ta’lim muassasalarida vasiylik kengashlari tugatilishi hamda tarkibining kamida 70 foizi tegishli vazirlik, idoralar, kadrlar buyurtmachilari, jamoatchilik vakillari va homiylardan iborat bo‘lgan yuridik shaxs maqomisiz Kuzatuv kengashlari tashkil etildi.

Shu munosabatda bugun, 23-aprel kuni Samarqand davlat chet tillar instituti Kuzatuv kengashining 2-sonli yig’ilishi o’tkazildi. Yig’ilishda Oliy va o’rta maxsus ta’lim vaziri o’rinbosari, Kuzatuv kengashining raisi Rahimjon Hakimov hamda kengash a’zolari ishtirok etishdi.

Samarqand davlat chet tillar institutining “Xalqaro e’tirof etilgan tashkilotlar reytingining yuqori o‘rinlaridan joy olishiga qaratilgan maqsadli chora-tadbirlarni o‘z ichiga oluvchi uzoq va o‘rta muddatli strategik rivojlantirish dasturi”ni tasdiqlash, institutning “Rahbar va boshqa xodimlari hamda professor-o‘qituvchilar faoliyatining samaradorligini baholash mezonlarini (KPI)”ni tasdiqlash, “Professor-o‘qituvchilar va ishchi xodimlarini budjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan ustama haq belgilash, mukofotlash, moddiy rag‘batlantirish tartibi to‘g‘risida Nizom”ni tasdiqlash, moddiy-texnik bazani mustahkamlash va qurilish ishlarining borishi, shuningdek, institut oldiga qo‘yilgan vazifalar ijrosi, maqsadli ko‘rsatkichlarga erishish holati, 2022/2023 o‘quv yilidan institut tashkiliy tuzilmasiga qo‘shimcha yangi lavozim, tarkibiy bo‘linmalar va shtat birliklarini joriy etish hamda optimallashtirish, 2022-2023 o‘quv yilida yangi bakalavriat ta’lim yo‘nalishini ochish kabi masalalar kun tartibidan o’rin oldi.

Yig’ilish so’ngida amalga oshirilishi lozim bo’lgan ishlar, yig’ilish davomida belgilangan vazifalar ijrosining muntazam ta’minlanib borilishi yuzasidan rejalar belgilab olindi va bu borada mas’ullarga tushuncha va ko’rsatmalar berildi.

SamDCHTI Axborot xizmati

Share:
2022-04-23 19:14:39 274