Inson, millat va xalq tarixiy xotira tuyg‘usi bilan barhayotdir. Xotira – kechagi o‘tmishni, ajdodlar o‘gitini, milliy merosimizni anglatib turuvchi – muqaddas kitob zarvaraqlaridek hayotimizni yoritib turadi. Qadr – insonni yuksaklikka ko‘taradi, uning faoliyatiga, orzu-intilishlariga, maqsad-maslaklariga oliyjanoblik bag‘ishlaydi.
Bukilmas iroda va jasorat namunasini amalda namoyon etib, o‘z hayotini aziz Vatanimizning har tomonlama ravnaq topishi, bugungi tinch va osoyishta kunlar uchun jonini fido qilgan ajdodlarning muqaddas xotirasini yod etib, ezgu ishlarini davom ettirish, safimizda yurgan keksalarni e’zozlash – odamiylikning eng oliy mezoni va bizga tinchlik, omonlik kerak, deb yashaydigan bag‘rikeng va oliyjanob xalqimizga xos azaliy qadriyatdir.
9-may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan Samarqand davlat chet tillar institutida tantanali ravishda ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi. Tadbirni institut rektori Ilhomjon To’xtasinov kirish so’zi bilan ochib berdi va xotira va qadrlash – inson aql-zakovatining betakror ma’naviy ne’matlari, tiriklikning azaliy mezonlari ekanligi, shuningdek, homiylik, saxovat va himmat, mehr va muruvvat fazilatlari xotira va qadr tushunchalari bilan o‘zaro uyg‘unlik kasb etishi hamda qalbi saxovatga, mehr-muhabbatga, shafqat-shafoatga to‘la insonlargina o‘z tarixini, ajdodlarini doimo xotirlashi va fidoyi yurtdoshlari, yorug‘ kelajak yo‘lida mehnat qilayotgan kishilarning qadriga yetishi to’g’risida so’zlab o’tdi.
Tadbir davomida tayyorlangan sahna ko’rinishlari, milliy qo’shiq va raqslar ishtirokchilarga talaba-yoshlar tomonidan ijro etildi. Jumladan, jarayon doirasida Afg‘on urushi qatnashchilari, institutda fidoyi mehnat qilayotgan barcha professor-o’qituvchilar rahbariyat tomonidan qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlanishdi.
SamDCHTI Axborot xizmati
O'zbekcha
English
Русский
Francais
Deutsch
