Samarqand davlat chet tillar instituti xorijiy oliygohlar bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatish borasida mintaqada yetakchi oliygoh bo‘lib kelmoqda desak, mubolag‘a emas. Negaki, bugungi kunga qadar institut 100 ga yaqin nufuzli xorijiy oliygohlar bilan xalqaro hamkorlik aloqalarini davom ettirib kelmoqda. Turkiya oliygohlari va ta’lim tashkilotlari ham shular jumlasidandir.

Samarqand davlat chet tillar instituti rektori Ilhomjon To’xtasinov Turkiya oliygohlari bilan hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish maqsadida Turkiyaga qilgan xizmat safari davomida bir nechta nufuzli oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik Memorandumlarini imzoladi.

Jumladan, Turkiyaning Istanbul universiteti bilan keng qamrovli hamkorlik munosabatlarini o'rnatish, jumladan, Samarqand davlat chet tillar institutida turk tili va adabiyotini o'qitishni rivojlantirish hamda xorijliklarga o'zbek tilini xorijiy til sifatida o'qitish bo'yicha hamkorlik Memorandumi imzolandi.

Xalqaro reyting tashkilotlarining TOP-1000 ro'yxatidagi Hajetepe universiteti bilan ta'lim sohasi, jumladan, ingliz, nemis va turk tillari o'qituvchilari hamda talabalarining almashinuv dasturlarini amalga oshirish hamda qo'shma ta'lim dasturlarini tashkil etish borasida hamkorlik Memorandumi imzolandi.

Antalya yaqinidagi Mehmet Akif Ersoy Universiteti bilan tomonlar o'rtasida o'zaro talabalar va o'qituvchilar almashinuvi, ilmiy-amaliy seminar va konferensiyalarni tashkil etish kabi yo'nalishlarida hamkorlik Memorandumi imzolandi.

Shu munosabatda, kuni kecha  Samarqand davlat chet tillar instituti rahbariyati vakillari o’rtasida o’tkazilgan uchrashuvda yuqoridagi oliy ta’lim muassasalari bilan kelgusida qilinadigan ishlar, joriy etiladigan ta’lim yo’nalishlari, qo’shma ta’lim dasturlari hamda barcha tashkiliy masalalar yuzasidan rejalar belgilab olindi.

SamDCHTI Axborot xizmati

Share:
2022-05-21 15:28:50 246