O‘zbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi huzuridagi “Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot institutining Ilmiy xodimlarning kasbiy darajasini oshirish bo‘limi tomonidan tayyorlangan “Oilalarda kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish” mavzusida ilmiy loyihasi amalga oshirilmoqda.

Loyiha rahbari Davlatova Xulkaroy Uklamovna, jamoasi a’zolari Mirzahmedova Yuduzron Anvarovna hamda Turobov Bekpo'lat Nusratullayevichlar tomonidan Samarqand viloyatining Qo’shrabot tumani “Robot” qishlog‘ida “Yosh kitobxon oila” ko‘rik-tanlov tashkil etildi.

Loyiha doirasida o’tkazilgan ko’rik-tanlovda “Robot” qishlog‘ida istiqomat qiluvchi 6 nafar yosh kitobxon oila 4 ta shart doirasida bellashishdi. Ishtirokchilar “Tanishtiruv”, “Oilaviy kompyuter savodxonligi”, “Bahr-u bayt”, “Erkin mavzu” shartlari boʻyicha oʻz bilim va tajribalarini sinovdan oʻtkazishdi.

Shuningdek, jarayonda “Robot” qishlog‘i vakillari, yosh oilalar hamda faol maktab oʻquvchilari ishtirok etishdi. Tanlov soʻnggida gʻoliblar mos ravishda I, II, III darajali diplomlar va esdalik sovgʻalari hamda nominatsiyalar boʻyicha taqdirlandilar. Ushbu tanlov orqali mahalladagi oilalarda oʻzaro tajriba almashinish, kitobxonlik boʻyicha koʻnikmalarni shakllantirish kabi bir qator natijalarga erishildi. Loyiha endilikda respublikamizning barcha tumanlarida, xususan, chekka qishloq va mahallalarda oʻtkazilishi koʻzda tutilgan.

SamDCHTI Axborot xizmati

 

Share:
2022-05-25 21:22:07 230