Ta’lim tizimida yaratib berilayotgan keng sharoitlar natijasi o‘laroq, bugungi kunda undagi erishilayotgan yutuqlarni jahon hamjamiyati katta mamnuniyat bilan e’tirof etmoqda. Jumladan, o‘zbek tilining “Davlat tili” maqomini olishi, milliy ona tilimizning izchil taraqqiy etishiga mustahkam asos va poydevor bo‘lmoqda. Tilga bo‘lgan e’tiborning natijasida tilshunoslik va adabiyotshunoslikning barcha tarmoqlarida katta-kichik ilmiy tadqiqotlar olib borilayotgani fikrimizning yorqin dalilidir.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 7-martdagi 101-f-sonli farmoyishi bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasida 2022-yilda xalqaro va respublika miqiyosida o‘tkaziladigan ilmiy va ilmiy-texnik anjumanlar rejasi”da belgilangan tadbirlarni amalga oshirish maqsadida Samarqand davlat chet tillar institutida 2022-yil 31-may kuni “Zamonaviy tilshunoslik va derivatsion qonuniyatlar” mavzusida ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazildi.
Mazkur anjuman tillararo aloqani mustahkamlash, milliy til qonuniyatlarini aniqlash, adabiyotshunoslikdagi muhim o‘zgarishlarni tadqiq va talqin etilgani bilan ham qimmatlidir. Anjuman doirasida yalpi majlis va quyidagi sho’balar ish olib bordi.
– Sistem va struktur tilshunoslik muammolari;
– Til taraqqiyotining derivatsion qonuniyatlari;
– Kognitiv, pragmatik tilshunoslik masalalari;
– Zamonaviy tilshunoslikda matn nazariyasi va ta’lim uslubiyati masalalari;
– Til va adabiyot nazariyasi.
Mazkur sho‘balarda zamonaviy tilshunoslik va uning yo‘nalishlari borasidagi qarashlar haqida ma’lumotlar berildi. Har bir sho‘ba o‘zining ilmiy va nazariy qarashlarga boy ekanligi mazkur sho‘balarning nomlanishidan ham ma’lum. Ma’lumki, til tizimi va lisoniy faoliyatni har tomonlama tadqiq qilish, ularga xos hodisalarning belgi-xususiyatlarini batafsil yoritish uchun tilshunoslikning turli sohalarini biriktiradigan, ularning barchasi uchun bir xilda tayanch nuqta vazifasini bajarishi lozim.
Darhaqiqat, so‘nggi yillarda zamonaviy tilshunoslikda lisoniy hodisalarni tilshunoslik va boshqa ilmiy soha bilan birgalikda tadqiq qilinishi dolzarb bo‘lib bormoqda. Zero, bu kabi yondashuvlar til birliklarini bir sathda emas, balki yetarli darajada chuqurroq o‘rganishga, ilmiy bilimlar va yangi faktlar bilan boyitish orqali turli jihatlarini ochib berish imkonini beradi. Tadqiqotlarga mana shu kabi yondashuvlar natijasida zamonaviy tilshunoslikda bir qancha yo‘nalishlarning, jumladan, derivatsiya, psixolingvistika, etnopsixolingvistika, sotsiolingvistika va boshqa ilmiy sohalar vujudga keldi. Bu sohalar bugungi zamonaviy tilshunoslikning taraqqiyoti uchun, uning rivoji uchun asosdir.
SamDCHTI Axborot xizmati
O'zbekcha
English
Русский
Francais
Deutsch
