Joriy yilning 1-10-iyun kunlari Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan oliy taʼlim muassasalari milliy reytingini aniqlash maqsadida professor-oʻqituvchilar va talabalar oʻrtasida nazorat ishlari va soʻrovnomalar oʻtkazilmoqda.
Maʼlumki, soʻnggi toʻrt yildan buyon Taʼlim inspeksiyasi tomonidan 20 ta indikator asosida oliy taʼlim muassasalari milliy reytingi aniqlanib, eʼlon qilib kelinmoqda.
Shu jumladan, professor-oʻqituvchilarning chet tillarini bilish darajasi (4 ball), yuqori bosqich talabalarining mutaxassislik fanlaridan bilim darajasi (8 ball) hamda OTMlarda taʼlim berish sifati darajasi va taʼlim muassasasidagi ijtimoiy-maʼnaviy muhit boʻyicha soʻrovnoma (7 ball) reytingda alohida indikator sifatida baholandi.
Ayni kunlarda respublikamizning barcha hududlarida oʻtkazilayotgan test jarayoniga jami 91 ta oliy taʼlim muassasalari (23 ta filial) jalb etiladi. Shundan 68 ta OTM talabalari test jarayonida qatnashadi. 15 ta OTM attestatsiyadan oʻtganligi sababli talabalar testdan ozod qilingan. 8 ta OTM bitiruvchi kurs talabalari yoʻqligi sababli ishtirok etmaydi. 2 ta OTM (TDIU Samarqand filiali va Termiz muhandislik texnologiyalari institutlari) bitiruvchisi boʻlmasa-da oʻz tashabbuslariga koʻra ishtirok etishga ruxsat berilgan.
Test sinovlariga OTMlarning asosiy shtatidagi (ichki oʻrindoshlar bilan birga) barcha professor-oʻqituvchilari va inspeksiya tomonidan tanlangan bakalavriat bitiruvchi bosqich (guruhlar) talabalari jalb qilinadi. Test jarayonida 33914 nafar professor-oʻqituvchilar va 7104 nafar talabalar ishtirok etishi rejalashtirilgan.
Test jarayonlari Taʼlim inspeksiyasi hamda oliy taʼlim muassasalaridagi barcha qulaylik, shart-sharoitlar yaratilgan, shuningdek, zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalari vositalari bilan taʼminlangan xonalarda onlayn tarzda oʻtkaziladi. Natijalar test yakunlanishni bilan ekranda aks etadi.
Professor-oʻqituvchilarga xorijiy til boʻyicha 20 ta testni bajarish uchun 30 daqiqa vaqt berilsa, talabalarga ikkita mutaxassislik fanidan 20 tadan savolga javob topish uchun 60 daqiqa ajratiladi.
Taʼkidlash joizki, ushbu test sinovlari va soʻrovnomalarning natijalari oʻqituvchi yoki talabalar kesimida taqdim etilmaydi, yaʼni umumlashgan holda oliy taʼlim muassasalari reytingini aniqlashda foydalaniladi. Barcha hududlarda oʻtkazilayotgan test sinovlarini imtihon.tdi.uz sayti orqali real vaqt rejimida kuzatib borish mumkin. Jarayonda Samarqand davlat chet tillar instituti jamoasi ham faol ravishda ishtirok etishmoqda.
SamDCHTI Axborot xizmati
O'zbekcha
English
Русский
Francais
Deutsch
